platina.uz
Jamiyat

Qishloq xoʻjaligi boʻlimi bosh hisobchisi katta pulni oʻzlashtirdi

Sudlanuvchi olti yil davomida Konimex tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi bosh hisobchisi lavozimida ishlagan. 

Qishloq xoʻjaligi boʻlimi bosh hisobchisi katta pulni oʻzlashtirdi

Jinoyat ishlari boʻyicha Konimex tuman sudining ochiq sayyor sud majlisida mablagʻlarni oʻzlashtirgan qishloq xoʻjaligi boʻlimi bosh hisobchisiga jazo tayinlandi. Sud hukmi Platina.uz ixtiyorida mavjud.

Sudlanuvchi 2017 yil 6 noyabrdan 2023 yil 1 sentabr kuniga qadar Konimex tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi bosh hisobchisi lavozimida ishlagan.

U boʻlim boshligʻining moddiy ragʻbatlantirish hamda mukofot pullari ajratish toʻgʻrisidagi buyruqlariga asosan oʻziga ajratilgan ragʻbatlantirish mablagʻlariga biror-bir asoslarsiz 2019 yil davomida 4.865.524 soʻm, 2020 yil davomida 6.007.000 soʻm, 2021 yil davomida 22.860.000 soʻm, 2022 yil davomida 67.781.000 soʻm miqdordagi ortiqcha ragʻbatlantirish mablagʻlarini “UzASBO” elektron dasturi orqali toʻlovga taqdim qilib, oʻziga tegishli boʻlgan bank plastik kartasiga tushirib olib oʻzlashtirgan.

Shuningdek, u jinoiy harakatlarini davom ettirib, boʻlim bosh mutaxassisi B.Tileukulovga biror-bir asoslarsiz 2021 yil davomida 3.110.000 soʻm, boʻlim boshligʻi lavozimida ishlagan B.Xatamovga 840.000 soʻm ortiqcha mablagʻlarni qoʻshib yozib toʻlovga taqdim qilib, jami 105.458.439 soʻm koʻp miqdordagi pullarni oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-taroj qilgan. Bundan tashqari bosh hisobchi ragʻbatlantirish, ustama hamda mukofot pullarini soxta maʼlumotlar kiritilgan holda tayyorlangan toʻlov xabarnomalarini “UzASBO” elektron dasturi orqali toʻlovga taqdim qilib, davlat va jamiyat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgan.

Oqibatda sud ayblanuvchini JKning 167-moddasi 2-qismi “a,g” bandlari va 209-moddasi 1-qismi bilan javobgarlikka tortishni lozim topdi. Sud aybdorni uzil-kesil 1 (bir) yil 6 (olti) oy muddatga muayyan huquqdan yaʼni qishloq xoʻjaligi boʻlimlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifasini egallash huquqidan mahrum qilib, ish haqining 15 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 (ikki) yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi. Jazo tayinlashda yetkazilgan zarar qoplangani inobatga olingan.

Bundan tashqari 42 mln. 430 ming soʻm mablagʻ davlat byudjetiga oʻtkaziladi

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid