Navoiyda zarur xarajatlar uchun ikki milliard soʻmdan oshiq pul ajratildi
Jumladan, taʼlim sohasiga 1,2 milliard soʻm mablagʻ beriladi.

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov pul ajratish boʻyicha farmoyishni imzoladi.
Unga koʻra, kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrilishi talab etiladigan va boshqa xarajatlar uchun yoʻnaltirilgan mablagʻ hisobidan 1 mlrd. 780 mln. soʻm, viloyat mahalliy byudjetining zaxira mablagʻlari hisobidan 307 mln. soʻm, jami 2 mlrd. 93 mln. soʻm pul ajratildi.
Jumladan, viloyat hokimligi vakillarining Samarqand viloyatiga xizmat safari uchun 27 million soʻm, Maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimiga 90 mln. soʻm beriladi. Viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasiga umumtaʼlim maktablarini zamonaviy kompyuter jihozlari bilan taʼminlash uchun 1 mlrd. 200 mln. soʻm taqdim etiladi, shuningdek obodonlashtirish boshqarmalarishga ham mablagʻ beriladi. Jumladan, Navoiy viloyati obodonlashtirish boshqarmasi 300 million soʻm oladi.
Taʼkidlash kerakki, Normat Tursunov bir oycha avval ham maktabgacha va maktab taʼlimi tizimi, Yozuvchilar uyushmasi va obodonlashtirish sohasiga 2,5 mlrd. soʻm pul ajratgandi.