Internetda Gʻazo fojiasiga befarq boʻlgan yulduzlarni bloklashmoqda
Jastin Biber, Selena Gomes, Zendaya, Dreyk, Kardashyan va Teylor Svift kabi koʻplab mashhur yulduzlar tanqidlar yomgʻiri ostida qolgan.

Isroil armiyasining Gʻazo sektoridagi vahshiyliklariga va Falastin xalqiga qarshi ochiq-oydin genotsid uyushtirayotganiga jahon afkor ommasi jim qarab turgani yoʻq. Ular Yahudiy davlatining (Isroilning konstitutsiyadagi rasmiy nomi) qonxoʻrligidan noroziliklarini hech boʻlmasa tinch namoyish, flesh-mob, iqtisodiy boykot yoki internet orqali aksiyalar yoʻli bilan oshkor etmoqda. Fojiani koʻrib-koʻrmaslikka olayotgan omma eʼtiborini tortishga urinmoqda.
Yaqindan boshlab, Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda norozilikni namoyon etishning yangi shakli paydo boʻldi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Gʻazo fojiasi boʻyicha oʻz munosabatini bildirishdan qoʻrqib, sukut saqlayotgan mashhur yulduzlarning sahifalarini ommaviy ravishda bloklashni yoʻlga qoʻydi.
Jastin Biber, Selena Gomes, Zendaya, Dreyk, Kardashyan va Teylor Svift kabi koʻplab mashhur yulduzlar tanqidlar yomgʻiri ostida qolgan. Hatto Teylor Svift kabi “yorqin” sanʼat yulduzlarining koʻp yillik muxlislari ham uni bloklashga qaror qilishdi.
NBC news’ning maʼlum qilishicha, mazkur jarayon ishtirokchilari Yahudiy davlati armiyasining Gʻazo sektoriga bostirib kirib, falastinlik ayollar va bolalarni bir boshidan qirishni boshlagan kunlardan beri oʻz noroziliklarini namoyish eta boshlagan edi. Lekin qudratli davlatlarning homiyligi va xalqaro tashkilotlarning ojizligidan quturgan Isroilning barcha kelishuv va vaʼdalarni buzgan holda Rafah shahriga hujum qilganida bu jarayon koʻlami yanada kengaya boshladi.
Yahudiy armiyasi askarlari Gʻazoda tinch aholini ayamay qira boshlagan bir paytda yulduzlarning surbetlarcha Met Gala noyob kiyimlar koʻrgazmasini oʻtkazishgani tarmoqlar foydalanuvchilarining ayniqsa gʻazabini keltirdi. Koʻpgina foydalanuvchilar bu namoyishni haddan oshish va sionist askarlar qoʻlida oʻlim topgan (va topayotgan) oʻn minglab begunoh ayollar va bolalar xotirasiga hurmatsizlik, deya baholashdi.
Mashhur bloger Xeyli Kalil oʻzining Met Gala libosida suratga tushgani va “Let Them Cake” ovozi bilan sinxronlashtirilgan videoni internetga joylaganidan keyin ayniqsa noroziliklar kuchaygan.
Maʼlumki Let Them Cake (aniqrogʻi Let them eat cake) naqli 1793 yilda qatl etilgan qirolicha Mari Antuanetta bilan bogʻliq. U non yoʻqligi bois och qolib, isyon koʻtargan qashshoqlardan gʻazablangan va "Nonlari yoʻq boʻlsa, ana, tort yesinlar!" degan ekan. Xeyli Kalilning shu sahnaga taqlid qilib, video joylagani Gʻazo sektorida Yahudiy davlati askarlari oʻldirayotgan qurbonlar ustidan kulish, deya baholandi.
Keyinchalik Kalil foydalanuvchilardan uzr soʻrab chiqib chiqdi. “Yulduz” qiz uni shunchaki Met Gala arafasida oʻtkazilgan ziyofatga chaqirishganini, tadbirda ishtirok etmaganini bildirdi. Gʻazo fojialari haqida gapirmaganini esa, “yetarlicha maʼlumotga ega emasligi” bilan izohladi.
"Mashhur yulduzlarni va inflyuenserlarni bloklash kerak. Muhtojlarga yordam berish uchun biz ularga bergan hamma narsamizni: layklar, sharhlar va pullarimizni qaytarib olish vaqti keldi”, deyishmoqda flesh-mob ishtirokchilari.
Taʼkidlash kerak, Isroilning insoniyatga qarshi jinoyatlari va xunrezliklariga qarshi chiqayotganlarning koʻp qismi musulmonlar emas, ular shunchaki insoniyligini yoʻqotmagan, turli millat va dinlarga mansub odamlardir.




