HUMO toʻlov tizimi aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi
Hozirda "Milliy banklararo protsessing markazi" aksiyalarini birlamchi chiqarish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

"Milliy banklararo protsessing markazi" MChJ (HUMO) aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.
2023 yil 30 noyabrdagi PQ–381-son qarorining 1-bandiga asosan 2024 yil 1 iyuldan boshlab toʻlov tizimi operatorlari faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilishi belgilangan.
Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida "Milliy banklararo protsessing markazi" masʼuliyati cheklangan jamiyatini aksiyadorlik jamiyati shaklida qayta tashkil etish toʻgʻrisida Davaktiv agentligining tegishli buyrugʻi qabul qilindi va jamiyatning yangi tahrirdagi ustavi 2024 yil 13 may kuni Davlat xizmatlari markazidan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Hozirda "Milliy banklararo protsessing markazi" aksiyadorlik jamiyatining aksiyalarini birlamchi chiqarish boʻyicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.