Gruziyani junbushga keltirgan loyiha: sabab, maqsad va oqibatlar
Gruziya – parlamentar respublika. Yaʼni boshqaruv borasidagi vakolatlar parlamentga koʻproq berilgan. Shu bois, prezidentning vakolatlari cheklangan.

AQShning 42-prezidenti Bill Kliton oʻz chiqishlaridan birida shunday degan edi: “Prezident boʻlish - xuddi ulkan qabristonning boshligʻi boʻlishga oʻxshaydi: qoʻl ostingda odam koʻp, lekin hech biri gapingga quloq solmaydi”.
Chunki AQShda hokimiyat oʻzaro bir-birini tiyib turish va nazorat qilish tamoyiliga asoslanadi, yakkaboshchilikka, butun hokimiyat bir kishining qoʻli ostida toʻplanishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Aslida ham haqiqiy demokratiya shunday boʻlmogʻi lozim. Ijro etuvchi, qonun chiqaruvchi va sud hokimiyati oʻzaro uygʻunlikda ishlasa, sudlar chin maʼnoda mustaqil boʻlsa, boshqaruvda samaradorlikka, barcha aholi qatlamlarining talablari va manfaatlari inobatga olinishi va qondirilishi, ijtimoiy adolat va xolislik taʼminlanishiga imkoniyat yaratiladi. Shaxsga sigʻinish, nepotizm (qarindosh-urugʻ va tanish-bilishchilik) hamda korrupsiyaning oldi olinadi.
Qolaversa, hokimiyat boʻlingan sharoitda, raqib davlatlarning taʼsir qilish ehtimoli deyarli yoʻqqa chiqadi. Chunki boshqaruvning har bir elementi bilan “kelishish” yoki sotib olish qiyinlashadi. Avtoritar boshqaruvda esa “qabila”ning tepasida turgan “qabila boshligʻini” sotib olish yoki unga taʼsir qilish kifoya – butun jamiyat va hokimiyat unga boʻysunishga majbur boʻladi.
Biroq tanganing ikkinchi tomoni ham bor: avtoritar boʻlmagan boshqaruv shaklida tizim yaxshi yoʻlga qoʻyilmasa, siyosiy xaos, anarxizm va boshboldoqchilik belgilari paydo boʻladi. Muhim qarorlar qabul qilish qiyinlashadi. Yoxud hokimiyatning maʼlum bir qismiga tashqi taʼsir koʻrsatilishi natijasida ichki sabotaj xavfi paydo boʻladi.
Gruziyadagi ayni vaziyat ham shuni eslatadi. Mamlakat prezidenti bir qarashda mamlakat rahbari, biroq yakkahukmronlik qila olmaydi. Ayniqsa yaqinda boshlangan mojaro – “xorijiy agentlar” haqidagi qonun loyihasi borasidagi munozaralar bunga yorqin misol boʻlmoqda.
Munozarali qonun loyihasi
Maʼlumki, Gruziya parlamentining huquqiy masalalar boʻyicha qoʻmitasi joriy yilning 13 may kuni “Xorijiy taʼsirning shaffofligini taʼminlash toʻgʻrisida”gi ushbu qonun loyihasini uchinchi - oxirgi oʻqishda maʼqulladi. Deputatlarning aytishicha, loyiha “yashin tezligida” qabul qilingan - uni koʻrib chiqishga bir daqiqa ham ketmagan.
Muxolif siyosiy fraksiya deputati Xatiya Dekanoidzening aytishicha, muxolifat ushbu yigʻilishda ishtirok eta olmagan.
“Xorijiy taʼsirning shaffofligini taʼminlash toʻgʻrisida”gi qonun kuchga kirsa, daromadining 20 foizdan koʻprogʻi xorijdan moliyalashtiriladigan nohukumat tashkilotlarning “xorijiy taʼsir ostidagi agent” sifatida roʻyxatdan oʻtishi talab qilinadi.
Taʼkidlash kerak, shunga oʻxshash qonun (121-Federal Qonun) 2012 yil 20 iyulda Rossiya Davlat dumasi tomonidan qabul qilingan boʻlib, u “Notijorat tashkilotlar haqida”gi qonunga ayrim tuzatishlar kiritishni nazarda tutadi. Tuzatishlarga koʻra, “xorijiy agentlar” Rossiya Adliya vazirligida maxsus roʻyxatdan oʻtishi va OAVlarda material eʼlon qilganida “Material xorijiy agent tomonidan chop etildi” degan izoh qoʻshgan holda oʻz maqomini koʻrsatishga majbur.
2017 yil 25 noyabrda esa Rossiyada OAVlarni ham shunday maqom bilan “siylashga” qaror qilishdi (327-Federal Qonun). Faqat bu gal OAVlarga urgʻu berildi. 327-qonunga koʻra, Rossiya Adliya vazirligi xorijiy shaxslar yoki tashkilotlar tomonidagn bevosita yoki Rossiya yuridik shaxslari vositasida moliyalashtiriladigan yoki mol-mulk oladigan har qanday OAVni “xorijiy agent OAV” deb eʼlon qilishi mumkin. Bunday “xorijiy agentlar” ular zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarga koʻra, notijorat-xorijiy agentlarga tenglashtirilgan.
Endi esa Gruziyada xuddi shunday vaziyat yuzaga keldi. Rossiya va Qirgʻizistonda prezidentning oʻzi bunday qonunni yoqlagan (ehtimol tashabbuskori ham) boʻlsa, demokratik va Yevropaga yoʻnalgan taraqqiyot yoʻlini tanlagan Gruziyada parlament ushbu munozarali qonun ijodkori hamda homiysi sifatida maydonga chiqdi.
Mojaroning ildizlari
Mazkur qonunni munozarali deyishning sababi shundaki, uni faqat parlament, anifrogʻi parlamentdagi hukmron siyosiy kuch - “Gruziya orzusi” partiyasining fraksiyasi taqdim etgan va uni tasdiqlatish uchun kurashmoqda. Gruziya prezidenti va xalq bunga qarshi chiqyapti. Biroq xalq vakillari hisoblanuvchi va tegishli vakolatlarga ega parlament bu qonunni maʼqullasa, u mamlakat siyoiy hayoti va yoʻnalishiga sezilarli taʼsir koʻrsatishi kutilmoqda.
Gʻarb davlatlari rahbarlari ham bu qonunning qabul qilinishidan xavotirda. Masalan? AQSh Davlat departamenti vakili “Gruziya orzusi” hukmron partiyasining aksilgʻarb ritorikasi mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlarga tahdid soladi” deya bayonot berdi.
Yevropa kengashi vakili esa “xorijiy agentlar” toʻgʻrisidagi qonunning qabul qilinishi Gruziyani Yevropa Ittifoqidan uzoqlashtiradi” degan.
Gruziyada ushbu qonun qabul qilinishiga qarshi aholi bir necha kundan beri norozilik namoyishlarini toʻxtatgani yoʻq. Loyiha uchinchi marta koʻrib chiqilgan 13 may kuni ham namoyishchilar oʻz noroziliklarini izhor qilish va qonun qabul qilinishiga yoʻl qoʻymaslik uchun parlament binosi tomon yurishgan. Politsiya norozik namoyishchilarni parlamentga yaqin borishga yoʻl qoʻymagan va bino atrofidagi koʻchalarni yopib qoʻygan. Gruziya IIV maʼlumotlariga koʻra, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgani uchun 20 kishi, shu jumladan, 3 nafar xorijiy fuqaro qoʻlga olingan.
Avvalgi namoyishlarda ham Tbilisi politsiyasi kuch ishlatishga qaror qilgan edi: namoyishchilarga qarshi suv otish mashinalari va koʻzdan yosh oqizuvchi gazlar ishga solingan. Yuzlab odamlar qoʻlga olingan. Hozircha qurbonlar boʻlmasada, bir necha kishining jarohat olgani aytilmoqda. Namoyishchilar esa oʻz maqsadlariga erishmagunlaricha tarqalishni xayoliga ham keltirmayapti.
Nafaqat fuqarolar, balki hukumat mulozimlari ham bu qonun qabul qilinishiga qarshiligini ochiq aytishmoqda va oʻz harakatlari bilan buni namoyon qilishmoqda. Masalan, oʻtgan hafta Gruziyaning Fransiyadagi elchisi ayni shu qonundan noroziligini namoyish etish maqsadida oʻz ixtiyori bilan isteʼfo berdi. U Facebook’dagi sahifasida «...men bu yoʻnalishdagi oʻz rolimni koʻrmayapman: Yevropaga yoʻnalish va undan himoyalanish bir-biriga mos kelmaydigan tushunchalar. Mazkur (“xorijiy agentlar” toʻgʻrisidagi) qonun tufayli shakllangan doʻstlarimiz hamda xorijiy hamkorlarimiz bilan shakllangan vaziyat hamda kayfiyat Fransiyadagi Gruziya elchisi sifatidagi missiyamni judayam qiyinlashtirib qoʻydi”, deb yozgan.
Kezi kelganda aytish lozim, Gruziya konstitutsiyasida mamlakat Yevropaga yoʻnalishi aniq koʻrsatib qoʻyilgan. 2008 yilda Gruziya va Rossiya oʻrtasida kechgan “besh kunlik urush”dan soʻng, Rossiya separatist hududlar – Janubiy Osetiya va Abxaziyani qoʻllab-quvvatlagani bois ikki davlat oʻz diplomatik vakolatxonalarini oʻzaro yopgan edi. Hozir ham Rossiyada Gruziya manfaatlarini Shveysariyaning Gruziya masalalari boʻyicha boʻlimi tamsil etadi.
Shundan soʻng Gruziya jamoatchiligi Rossiyani agressor va istilochi davlat sifatida koʻra boshladi. Gruziya hukumati esa prezident Mixail Saakashvili rahbarligida koʻplab demokratik va liberal oʻzgarishlarni amalga oshirdi, mamlakatda korrupsiyaga chek qoʻyildi. Bunday ijobiy oʻzgarishlar boshqa demokratik jamiyatlar tomonidan ham eʼtirof etildi.
Biroq 2012 yilda Saakashvili boshliq partiyani yangi siyosiy kuch – “Gruziya orzusi” partiyasi hokimiyatdan surib chiqardi.
«Gruziya orzusi” partiyasi avvaliga soʻl gʻarbga moyil harakat sifatida oʻzini namoyon qildi. Lekin 2024 yilga kelib, mazkur partiya konservativ hamda populist siyosiy kuchga aylandi. U belgilagan yangi yoʻnalishni Vengriya bosh vaziri Viktor Orban yuritayotgan rossiyaparast siyosiy faoliyatga oʻxshatishadi. Shu tariqa “Gruziya orzusi” partiyasi asosan aksilevropa va rossiyaparast ritorikaga mukkasidan keta boshladi.
Shu oʻrinda aytib oʻtish joiz, “Gruziya orzusi” partiyasining asoschisi Bidzina Ivanishvili — oʻz boyligini Rossiyada (!) shakllantirgan milliarder tadbirkor. Garchi Ivanishvili uzoq vaqt davomida hech qanday davlat mansablarini egallamagan boʻlsada, biroq Gruziya muxolifati aynan Ivanishvlini Gruziyaning haqiqiy hukmdori, deb biladi.
Birinchi urinish
“Xorijiy taʼsirning shaffofligini taʼminlash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ilk marta 2023 yilda Gruziya parlamentiga kiritilgan boʻlsa-da, ommaviy noroziliklarga sabab boʻlgani bois, shu yilning mart oyida qaytarib olingan edi.
2023 yil dekabr oyida esa Gruziya Yevropa Ittifoqiga kirishi uchun nomzod davlat maqomini oldi. Biroq YeI bilan muzokaralar davom etishi uchun Gruziya hukumati qonunchilikni turli yoʻnalishlarda liberallashtirishga qaratilgan “toʻqqiz qadam” siyosatini amalga oshirishi lozim edi. YeI vakillari “xorijiy agentlar” toʻgʻrisidagi qonun qabul qilinishi Gruziyaning YeIga kirishi boʻyicha muzokaralarni qiyinlashtirishi haqida bir necha marta ogohlantirgan.
Jumladan, 25 aprel kuni Yevroparlament Gruziyada “xorijiy agentlar” toʻgʻrisidagi qonun amalda boʻlsa, bu mamlakatning YeIga kirishi borasida muzokaralar boshlamaslikni tavsiya qiluvchi rezolyutsiyani qabul qildi.
Ikkinchi, samarali urinish
Munozarali qonunning qabul qilinishi YeIga kirishini qiyinlashtirishi haqidagi xabarlar “Gruziya orzusi” partiyasi (va uning homiylarini, aytaylik Rossiyani) yanada ruhlantirib yubordi. Chunki bu partiya ham, uning homiylari ham Gruziyaning YeIga aʼzo boʻlishini istamaydi.
Shuning uchun 2024 yil bahorida «Gruziya orzusi” “xorijiy agentlar” haqidagi qonunni yana bir bor parlamentga kiritdi.
Jurnalistlarning aytishicha, bu qonun orqali Gruziya hukumati rasman YeIga kirish yoʻlini tanlagan mamlakat tashqi siyosatini 180 darajaga burib yuborishi mumkin. Gruziya muxolifati ushbu qonun Rossiyadagi “xorijiy agentlar” toʻgʻrisidagi qonunlariga oʻxshagani uchun unga “rus qonuni” deb nom bergan.
YeI esa oʻz navbatida, agar “xorijiy agentlar” toʻgʻrisidagi qonun qabul qilinsa, Gruziya YeIga aʼzolik huquqidan mahrum boʻlishi haqida yana bir bor ogohlantiruvchi rezolyutsiya qabul qildi.
Bunga javoban «Gruziya orzusi” partiyasi vakili, parlament spikeri Shalva Papuashvili YeIning ushbu rezolyutsiyasi “mamlakatimiz uchun hech qanday qimmatga ega boʻlmagan bir parcha qogʻoz” deya bayonot berdi.
Joriy yilning 29 aprel kuni esa Gruziya parlamenti ikkinchi oʻqishda qonun loyihasini maʼqulladi. Xalqning ushbu qonun loyihasi qabul qilinishidan norozilik namoyishlariga muqobil namoyishlarni tashkil etishga urinishlar ham kuzatildi. Shu kuni Gruziyaning turli chekkalaridan bir qancha odamlar Tbilisiga yigʻib olib kelingan va ular goʻyoki hukumatni qoʻllab miting oʻtkazishgan. Mitingda qatnashishdan bosh tortgan odamlarga “ishdan boʻshatilasan” deya tahdid solingan.
Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili bu mitinglarni “Putin uslubidagi namoyishlar” deb atagan. U Fransiya xalqaro radiosiga bergan intervyusida gruzin xalqini 2024 yil 26 oktbrga belgilangan parlamentga saylovlarda “Gruziya orzusi” partiyasiga qarshi ovoz berish va shu orqali “Yevropaga yoʻnalgan tanlovlari”ni tasdiqlashga chaqirdi.
Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: nega Gruziya prezidenti bu qonunga qarshi boʻlsada, uni bekor qildira olmayapti?
Avvalo, shuni aytish kerakki, Gruziya – parlamentar respublika. Yaʼni boshqaruv borasidagi vakolatlar parlamentga koʻproq berilgan. Shu bois, Gruziya prezidentining vakolatlari cheklangan. U faqat parlament qabul qilgan qonunlarni imzolashi yoki ularga veto qoʻyishi mumkin. Bu holda deputatlar avval qabul qilingan qonun loyihasini hamda prezident eʼtirozlarini yana bir bor qayta koʻrib chiqishlari mumkin. Agar prezident eʼtirozlari inobatga olinmasa va prezident ikkinchi marta ham qonun loyihasini imzolamasa, uni parlament raisi imzolay oladi.
Boshqa davlatlarning qonunchiligida mavjud vakolat – prezident va parlament kelisha olmagan holda parlamentni tarqatib yuborish vakolati ham Gruziya prezidentida yoʻq.
Bundan tashqari, ayrim davlatlarda parlament ikki palatali boʻladi: koʻpincha qonunchilik palatasi va undan yuqori turuvchi palata (masalan senat)dan iborat boʻladi. Qonunchilik palatasi xalq saylagan deputatlardan tashkil topsa, yuqori palata aʼzolari (aksariyat hollarda prezident tomonidan) tayinlanadi. Agar prezidentga yoqmaydigan qonun loyihasi quyi palatada maʼqullanib, yuqori palata - senatga chiqarilsa, senat aʼzolari bu qonunni osongina orqaga qaytara oladi.
Gruziyada esa parlament bir palatali boʻlgani bois, prezident bu shaklda ham qonun loyihasini bekor qila olmaydi.
Taʼkidlash kerak, Gruziya hukumati mamlakat prezidentiga ushbu qonunga “veto” qoʻyish huquqidan foydalanib, tuzatish kiritishni taklif qilgan. Biroq prezident Zurabishvili “shu yoʻl bilan mazkur “oʻyinda” ishtirok etishni va bu qonunni qandaydir takomillashtirishga hissa qoʻshishni istamasligini” aytib, bu taklifni rad etdi.
“Bu qonun – rossiyacha qonun va hukumatimizning uslublari ham rossiyacha, hatto bosh vazir nutqi ham Rossiyaga monand boʻldi”, deya taʼkidlagan Zurabishvili.
Endi nima boʻlishi mumkin?
Shunga qaramasdan, Zurabishvili ushbu qonun qabul qilinsa, unga veto qoʻyishga majbur boʻlishini aytgan. Hukumat vakillari esa agar prezident veto qoʻysa, Gʻarbdagi hamkorlar bergan “mazmunli tavsiya”larni inobatga olgan holda qonun loyihasini qayta ishlashi mumkinligini maʼlum qilgan.
“Xorijiy agentlar” toʻgʻrisidagi qonundagi ayrim talablar u eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi Ayrim talablar esa 2 oydan soʻng hayotga tatbiq etiladi.
Xullas, Gruziya prezidenti ayni vaziyatda qonunchilik doirasida hech qanday qarshilik qila olmaydi. Hamma gap xalqda qolgan. Xalqda esa hozircha (!) ikkita imkoniyat bor: norozilik namoyishlarini toʻxtatmasdan, qonunni bekor qilishlariga erishish yoki kuzdagi parlamentga saylovlarda rossiyaparast partiyaga ovoz bermasdan, yangi hukumat shakllanishiga erishish, shu yoʻl bilan Gruziyaning Yevropaga yoʻnalgan demokratik taraqqiyot yoʻlini saqlab qolish xolos.
Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.