Boʻzatov festivalida anʼanaviy ijro bahslari boʻlib oʻtdi

Ertaga esa tanlovning eng muhim Respublika bosqichi — super-final boʻlib oʻtadi. Shundan soʻng tanlovning mutlaq gʻoliblari aniqlanadi.

Madaniyat
14-may, 20:40
Boʻzatov festivalida anʼanaviy ijro bahslari boʻlib oʻtdi

10 maydan buyon Nukusda oʻtkazilayotgan Boʻzatov-FEST tanlovining Respublika bosqichida baxshichilik, opera va estrada  yoʻnalishlari boʻyicha super-final ishtirokchilari aniqlanganidan soʻng navbat anʼanaviy ijroga yetib keldi.

Opera yoʻnalishidagi ishtirokchilardan biri, sahnaga chiqishdan oldin ham, sahnada ham hayajon boʻlishi, lekin uni jilovlay olish kerakligini aytgan edi. Anʼanaviy ijro yoʻnalishi boʻyicha 10-15 yosh toifasida Toshkent viloyatidan kelgan Javohir Xayitboyev esa unda hayajon yoʻqligini aytmoqda.

"Hayajon yoʻq. Chunki men bundan avval ham katta sahnalarga chiqqanman. Davlat tadbirlarida, konsertlarda, Xalqlar doʻstligi sanʼat saroyida Munojaat Yoʻlchiyevaning oldida ham qoʻshiq kuylaganman. Boʻzatov-FEST`da esa birinchi marta ishtirok etishim. Agar yutsam, pulni ota-onamga bermoqchiman va oʻz ustimda ishlash uchun oʻzimga ham cholgʻular sotib olaman".

Bu yoʻnalish boʻyicha ham 12 ta viloyat, Toshkent shahar va Qoraqalpogʻiston Respublikasidan finalgacha yetib kelgan ishtirokchilardan yanada masʼuliyatli boʻlish talab etiladi. Sababi ularni oʻz yoʻnalishlari boʻyicha eng mahoratlilardan iborat hayʼat aʼzolar guruhi baholaydi. Xoʻsh ularga ijrolar maʼqul boʻlyaptimi?

Munojaat Yoʻlchiyeva Oʻzbekiston Qahramoni, hakamlar hayʼati raisi: “Maʼqul boʻlayotgan ijrolar bor. Lekin 10-15 yoshlar toifasidagi ishtirokchilarda "katta ashula aytsam, yuqori baho qoʻyishadi" degan notoʻgʻri tushuncha boʻlyapti. Hozirdan bunday katta asarlarni ijro etish, keyinchalik bolalarning ovoziga yomon taʼsir qilishi mumkin. Toʻgʻri bolalarda hozir jarangdor, qoʻngʻiroqdek ovozlari bor, lekin keyinini ham oʻylash kerak. Bu borada ularning ustozlariga diqqatliroq boʻlishlarini soʻragan boʻlardik”

Bugungacha 4 ta yoʻnalish boʻyicha ham final ishtirokchilari tinglanib, super-finalga oʻtganlar aniqlandi. Ertaga esa tanlovning eng muhim Respublika bosqichi — super-final boʻlib oʻtadi. Shundan soʻng tanlovning mutlaq gʻoliblari aniqlanadi.

Eslatib oʻtamiz, super finalda 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan ishtirokchilar 50 million soʻmdan, 2-oʻrin uchun 30 million soʻmdan, 3-oʻrin esa 20 million soʻmdan pul mukofotini qoʻlga kiritishadi. Qolgan barcha finalchilarga esa 10 million soʻmdan pul mukofoti beriladi 

Odinaxon Dehqonova

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+