Boʻzatov festivali: opera yoʻnalishida bellashuvlar oʻtkazildi
Oldinda maqom va estrada yoʻnalishlari boʻyicha super-final ishtirokchilari va 4 yoʻnalish boʻyicha mutlaq gʻoliblar aniqlanadi.

Prezident tashabbusi bilan oʻtkazib kelinayotgan “Yoshlar ovozi — Boʻzatov FEST tanlovining Respublika bosqichi yuqori kayfiyatda boshlandi. Katta festivalga aylangan tanlovning bu yilgi yakuniy bosqichiga ham Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahri mezbonlik qilmoqda.
Yoshlarning anʼanaviy tanloviga aylanib ulgurgan Boʻzatov FEST chin maʼnoda iqtidorlarni kashf etish uchun xizmat qilmoqda. Buni tanlovning opera yoʻnalishi boʻyicha 16-22 yosh toifasida ishtirok etayotgan Durdona Yuldashova ham tasdiqlaydi.
“Men Samarqand viloyati Paxtachi tumanidan keldim. Bu tanlovda ikkinchi marta ishtirok etishim. Oʻtgan yili viloyatda ikkinchi oʻrin bilan qaytgandim. Bu yil respublikagacha yetib kelish nasib etdi. Boʻzatov men uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Ishtirokchining fikricha, opera yoʻnalishida eng muhim narsa bu — ovoz. U goʻyo cholgʻu asbobiga oʻxshab, buzilsa yana qayta ishlashi qiyin. Shuning uchun ham bu yoʻnalishdagilar iloji boricha shamollamasdan sogʻligiga eʼtibor qaratishlari kerak.
Biroz avval, hakamlar hayʼati vakillaridan biri Botir Matyoqubov ham ishtirokchilarni baholashda doston bilishi yoki qoʻshimcha tarzda cholgʻularni chala olishiga emas, aynan ovozga eʼtibor qaratishayotganligini aytgan edi.
Bugun tanlovning ikkinchi kunida aynan opera yoʻnalishi boʻyicha ishtirokchilar oʻzaro bellashishdi. Tanlovning bu yoʻnalishi boʻyicha super-final bosqichiga oʻtganlar roʻyxati esa tanlov tugashi bilanoq eʼlon qilindi.
Super-final ishtirokchisiga aylangan yoshlar ichida sahnaga chiqib, ijrosini maromiga yetkazib kuylab boʻlgandan keyin ham hayajonini bosa olmagan Dilrabo Abdulhamidova ham bor. U tanlovga 10-15 yosh toifasi boʻyicha Namangan viloyatidan kelgan. 7 yil davomida fortepiano bilan shugʻullangan Dilrabo opera yoʻnalishiga kirib kelganiga endigina 1 yil boʻlgan. U mana shu qisqa vaqt davomida juda koʻp tanlovlarda qatnashib, faxrli oʻrinlarni egallab kelgan. Boʻzatov FESTda esa bu yil birinchi bor ishtirok etmoqda.
Tanlov davom etmoqda, hali oldinda 2 ta: maqom va estrada yoʻnalishlari boʻyicha super-final ishtirokchilarini va 4 yoʻnalish boʻyicha mutlaq gʻoliblarni aniqlash bor.
Odinaxon Dehqonova