Boʻzatov yoshlar festivali boshlandi
Ushbu tadbirning oxirgi bosqichida 158 nafar ishtirokchi yetib keldi, umumiy mukofot jamgʻarmasi esa 2,5 milliard soʻmni tashkil etadi.

"Boʻzatov iqtidorlarni kashf etadi". Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu yoshlar tanlovi 3 yildan buyon oʻtkazib kelinadi.
Tanlov Yoshlar ishlari agentligi, Madaniyat vazirligi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi tomonidan 2021 yilda ilk marotaba oʻtkazilgan boʻlib, unda 21 nafar yosh respublika bosqichida faxrli oʻrinlarni egallagan. 2022 yilda esa gʻoliblar soni 36 nafarga yetdi.
Bu yilgi tanlov koʻlami, ishtirokchilar soni, hatto bosqichlari bilan ham avvalgilaridan farqli. Tanlovning hududiy bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritib, respublika bosqichiga qatnashish uchun kelgan 158 nafar ishtirokchilar soʻzimizning isboti.
Bugun esa tanlovning birinchi — baxshichilik yoʻnalishi boʻyicha ishtirokchilar oʻzaro bellashishdi.
Respublika bosqichida 1-oʻrin – 50 million soʻmdan (toʻrt yoʻnalishda, jami 12 ta), 2-oʻrin – 30 million soʻmdan (toʻrt yoʻnalishda, jami 12 ta), 3-oʻrin – 20 million soʻmdan (toʻrt yoʻnalishda, jami 12 ta), shuningdek, qolgan barcha ishtirokchilar – 10 million soʻmdan pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Tanlovning umumiy mukofot jamgʻarmasi 2,5 milliard soʻmni tashkil etadi.
Eslatib oʻtamiz, tanlovning respublika bosqichi 2 bosqichga boʻlindi: final va super final. Final bosqichi 11-14 may kunlari har bir yoʻnalish kesimida barcha ishtirokchilarning chiqishi hakamlar tomonidan baholanadi. Ishtirokchilar orasidan har bir yoʻnalish va yosh toifasida eng yuqori ball toʻplagan besh nafar ishtirokchi saralab olinadi. 15 may kuni saralangan ishtirokchilar oʻrtasida super final bosqichi oʻtkaziladi. Ishtirokchilar final bosqichida ijro etgan qoʻshigʻidan tashqari boshqa asarni ijro etishadi. Hakamlar tomonidan ularga qoʻshimcha vazifa ham yuklatilishi mumkin.
Respublika bosqichi gʻoliblarning nomlari esa Boʻzatov tumanida boʻlib oʻtadigan yakuniy gala-konsertda tantanali eʼlon qilinadi.