Afgʻonistondagi suv toshqinlarida kamida 50 kishi halok boʻldi
Tabiiy ofat mamlakat shimoli-sharqidagi Bagʻlon viloyatida kuzatilgan, u poytaxt Kobulga ham taʼsir oʻtkazgan.

Afgʻonistonda kuchli yomgʻir suv toshqini keltirib chiqardi, oqibatda oʻnlab odamlar halok boʻldi
Afgʻoniston shimoli-sharqidagi Bagʻlon viloyatida mavsumiy yomgʻirlar oqibatida kamida 50 kishi halok boʻldi, deya maʼlum qildi Tolibon rasmiylari.
Accosiated Press agentligining viloyatning tabiiy ofatlarga qarshi kurash boshqarmasi direktoriga asoslanib xabar berishicha, suv toshqini bir qancha hududlarda uylar va mulklarga ham zarar yetkazgan.
Agentlik uning soʻzlaridan iqtibos keltirgan holda, "oʻlganlar soni koʻpayishi mumkin".
Toliblarning tabiiy ofatlarni boshqarish vazirligi vakilining aytishicha, suv toshqinlari Kobulga ham taʼsir koʻrsatdi. Unga koʻra, jabrlangan hududlarga oziq-ovqat va boshqa yordamlar bilan qutqaruv guruhlari yuborilgan.
Aprel oyida butun mamlakat boʻylab kuchli yomgʻir va suv toshqini oqibatida kamida 70 kishi halok boʻlgan.