platina.uz

Shavkat Mirziyoyev charm va ipak sanoatidagi muammolar boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi

Prezident ayrim vazir va hokimlar bu soha tadbirkorlarini eshitmayotgani, tayyor imkoniyatlardan toʻgʻri foydalana olmayotganini tanqid qildi. 

Iqtisod
10-may, 12:07
Shavkat Mirziyoyev charm va ipak sanoatidagi muammolar boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida charm va ipak sanoatida mavjud imkoniyatlarni ishga solish, joylarda Sayxunobod tajribasi asosida aholi bandligini taʼminlash masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Hozirda amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari bilan birga tez fursatda mahallada yuzlab ish oʻrni va eksportbop mahsulot yaratadigan, yuqori daromad keltiradigan kichik va oʻrta korxonalar kerakligi taʼkidlandi.

Bu borada eng katta zaxira mahalliy sanoat tarmoqlari hisoblanadi. Shu munosabat bilan uchta muhim soha – charm, gilam va pillachilik sanoatida hal qilinishi lozim boʻlgan muammolar bor.

Yigʻilishda ayrim vazir va hokimlar bu soha tadbirkorlarini eshitmayotgani, tayyor imkoniyatlardan toʻgʻri foydalana olmayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Oʻtgan yili charmsanoatda ishlab chiqarish hajmi oʻsib, qariyb 3 trillion soʻmga yetdi. Lekin, shuni yarmi Andijon va Fargʻonaga toʻgʻri keladi.

Respublikadagi jami terining 40 foizini beradigan Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Jizzax, Surxondaryo va Xorazmning charmsanoatdagi ulushi ularning imkoniyatiga mos emas.

Mahsulotiga bozor topish, aylanma mablagʻ masalalari sababli ayrim korxonalar oʻtgan yilni zarar bilan yakunlagan. Oʻtgan yili charmsanoat eksportida tayyor mahsulot ulushi atigi 30 foiz boʻlgan.

Davlat rahbari ikki yil oldin 155 gektar joy ajratilib, charmga ixtisoslashgan 16 ta kichik sanoat zonasi qilinganini qayd etdi.

Ohangaron va Urgut tumanlarida loyihalar boshlangan boʻlsa-da, Nurafshon shahrida, Uychi, Angor, Qoʻqon, Qoʻshtepa, Oltinkoʻl, Sharof Rashidov tumanlari, Namangan shahri, Shahrixon, Samarqand, Hazorasp, Buxoro, Nukus tumanlari, Qarshi shahrida bu ishlar lozim darajada tashkil etilmagani tanqid qilindi.

Sohada yangi loyihalar uchun 40 million dollar arzon resurs ajratilgani, xalqaro kredit liniyalaridan 100 million dollar jalb etilganiga qaramay, mutasaddilar bu borada sustkashlikka yoʻl qoʻyayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Sohada eng asosiy masalalardan biri, bu – xom ashyo.

Klasterlarda qoramolni koʻpaytirish bilan birga, aholi xonadonlari va terini qayta ishlash korxonalari bilan kooperatsiyani yoʻlga qoʻyish 25 ta tumanda chorvachilik klasterlari tashkil qilingan.

Lekin, yer ajratish va kredit masalasi toʻliq hal qilinmagani uchun barcha klasterlarning ham faoliyati hali yurib ketgani yoʻq. Masalan, 19 ta klasterga yetarli yer maydonlari ajratilmagan.

Aytilgan muammoli masalalardan kelib chiqib “Charmsanoat” uyushmasi faoliyatini tubdan oʻzgartirish zarurligi taʼkidlandi.Joriy yilda Sharof Rashidov va Ohangaron tumanlarida bittadan yirik charm klasterini tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.

Bunda ekologiyaga javob beradigan suv tozalash inshooti va bino qurish uchun 40 million dollar arzon resurs yoʻnaltiriladi. Bu yerdagi tayyor loyihalarga 7 yilda boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan tabiiy va sunʼiy charmdan mahsulot chiqaruvchi xorijiy brendlar joylashtiriladi.

Xorijiy brend jalb qilgan har bir korxonaga sorsing kompaniyalari uchun sarflangan xarajatni 30 ming dollargacha qismini qoplab berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Shuningdek, 14 ta kichik sanoat zonasida 100 million dollarlik loyihalarni boshlash, 11 ta chorva klasteriga ozuqabop ekin ekish uchun yer masalasini toʻliq hal qilish vazifasi qoʻyildi.

Davlat rahbari ipakchilikdagi muammo va imkoniyatlarga toʻxtalib oʻtdi.

Oxirgi yetti yilda bu sohaga katta eʼtibor berilib, klaster tizimi joriy qilindi. Jumladan, 74 ta pilla-ipakchilik klasteri va 11 ta urugʻchilik korxonasi tashkil qilindi. Tut maydonlari 40 ming gektardan 55 ming gektarga koʻpaydi.

Buni hisobiga, pilla yetishtirish hajmi 2,5 barobar oshib, 26 ming tonnaga yetdi, ipak mahsuloti eksporti 3 barobar koʻpaydi.

Pillani xarid narxi pastligi uchun pillakorlarda manfaatdorlik past.

Shuning uchun ipakchilikni rivojlantirish boʻyicha kuni kecha imzolangan Prezident farmoni bilan pilla xarid narxi 25 foizga oshirildi.

Pillakorlar daromad va ijtimoiy soliqlardan ozod qilindi, tutzorlar uchun yer soligʻining 10 foizi toʻlanadi.

Mutasaddilar va hokimlarga yangi tutzorlar tashkil qilsa boʻladigan 105 ming gektar yer ajratish topshirildi. Bu yerlar lotlarga boʻlinib, auksionda beriladi, auksiondagi yerning boshlangʻich narxi 10 foiz etib belgilanadi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+