platina.uz
Jahon

Ramzan Qodirovning kasalligi nega ommadan sir tutildi?

Checheniston rahbarining kasal ekani va uning oʻrniga kim kelishi mumkinligi boʻyicha turli qarashlar mavjud. 

Ramzan Qodirovning kasalligi nega ommadan sir tutildi?

29 aprel kuni Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning 16 yashar oʻgʻli Adam Qodirov V.Putin nomidagi Rossiya maxsus kuchlar universitetining kuratori etib tayinlandi.
Chechenistonning Gudermes shahrida joylashgan ushbu taʼlim dargohiga hali oʻrta maktabni tugatmagan va voyaga yetmagan bolaning masʼul lavozimga tayinlanishi, uning otasi Ramzan Qodirov ekanligi inobatga olinsa, unchalik ham gʻalati tuyulmaydi.
Undan avvalroq esa, 2023 yilda 15 yoshli Adam Checheniston rahbarining xavfsizligini taʼminlash boʻlimi boshligʻi etib tayinlandi. Ramzan Qodirov buni oʻgʻlining Checheniston oldida xizmatlari ulkanligi va bunday lavozimni egallashga qodir ekani bilan izohladi.
Shu yili Adam Qodirov bir oy avval tashkil etilgan, Shayx Mansur nomidagi chechen batalonining ham kuratori etib tayinlanib, Shayx Mansur bataloni yulduzi bilan taqdirlangan edi.
Biroq, bir savol tugʻiladi: nega aynan 2023 yildan boshlab Adam Qodirov boshiga bunday eʼtibor va mukofotlar yomgʻirdek yogʻila boshladi?
Ramzan Qodirov oʻgʻli Adam bilan.
Hammasi oddiy bir videorolikdan boshlangan. Ommaviy ravishda Qurʼon kitobini yoqqan rus fuqarosi Nikita Juravlyov qoʻlga olinib, sudlangan, Putin uning Chechenistonda jazoni oʻtashi haqida maʼlum qilgan edi.
Juravlyov Chechenistondagi hibsxonada saqlanayotgan paytida Adam Qodirov uning oldiga kirgan va uni kaltaklab, telefonga videosuratga olgan. (Aslida bunday maxsus tartibli binolarga begona shaxslarning kirishi va mahbuslar bilan muloqot qilishi taqiqlanadi).
Bu videorolik internetda tarqalib ketgach, Rossiya internet jamiyatida katta norozilik va muhokamalarga sabab boʻldi.
Biroq Ramzan Qodirovning oʻzi chiqish qilib, oʻgʻlining bu ishini maʼqulladi va “uni (Juravlevni) oʻldirsa ham yaxshi boʻlardi” dedi. Shundan keyin Adamga uzluksiz mukofot va unvonlar berish jarayoni boshlanib ketdi.
Suyukli oʻgʻil
2023 yil 6 oktabrda Adamni otasi Checheniston davlat mukofoti - Checheniston Respublikasi Qahramoni unvoni bilan taqdirladi.
2023 yil 9 noyabrda Checheniston parlamenti raisi Magomed Daudov Adamni (shuningdek, Ramzan Qodirovning yana ikki oʻgʻli Axmat va Elini) Checheniston Respublikasi parlamentining mukofoti – “Daymexkan Siy” (“Vatan shon-shuhrati”) ordeni bilan taqdirladi.
2023 yil 24 oktabrda Adam Tatariston Respublikasining ikkinchi darajali muhim mukofoti – “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlandi. OAVlarning xabar berishicha, Tatariston rahbari Rustam Minnixanov shaxsan oʻzi shaxsiy samolyotida Chechenistonga uchib kelib, Adamning koʻksiga oʻz qoʻli bilan ushbu ordenni taqib ketgan emish.
Adam Qodirov va Rustam Minnixanov.
2023 yil 25 oktabrda Qorachoy-Cherkes Respublikasi rahbari Rashid Temrezov Adamni Respublikaning oliy mukofoti – “Qorachay-Cherkes Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun” ordenini munosib koʻrdi.
2023 yil 7 noyabrda Kabardin-Bolqor Respublikasi rahbari Kazbek Kokov Adam Qodirovga Respublikasining oliy mukofoti – “Kabardin-Bolqor Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun” ordenini topshirdi.
“Verstka” nashrining yozishicha, bundan avvalroq Checheniston vakillari Kabardin-Bolqor rahbariga murojaat qilib, Adam Qodirovni milliy mukofotlardan biri bilan taqdirlash, “qanchalik baland boʻlsa, shuncha yaxshi” degan soʻrov bilan murojaat qilgan ekan. Adigeya rahbariyatiga ham xuddi shunday soʻrovnoma joʻnatilgan emish. Bu maʼlumotlarning qanchalik toʻgʻri yoki notoʻgʻriligi manbalarning vijdoniga havola!
Bundan tashqari, 2023 yil 6 noyabrda Qorachoy-Cherkesiya muftiysi Ismoil Berdiyev Adam Qodirovga Shimoliy Kavkaz musulmonlarini muvofiqlashtirish markazining mukofoti - 1-darajali “Ummatga xizmatlari uchun” ordenini topshirdi.
2023 yil 15 noyabrda Checheniston Respublikasi Musulmonlari diniy boshqarmasi Adamni “Islom diniga xizmatlari uchun” 1-darajali ordeni bilan taqdirladi.
2023 yil 17 noyabrda Adam "Rossiya mehnat jasorati" ordeni bilan, shuningdek, 1-darajali "Rossiya maxsus kuchlari universitetini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun" medali bilan mukofotlangan.
Adamga ketma-ket orden-medallar va faxriy unvonlar berilgani rus jamiyatida biroz norozilik, biroz istehzo hamda kulguga sabab boʻldi. Internet tarmoqlarini Adamning boshdan-oyoq medallarga burkangan fotomontaj “mem”lari bosib ketdi.
Ekspertlarning aytishicha, Adam Qodirovga bunday eʼtibor berilgani va shov-shuv koʻtarilgani bekorga boʻlmagan. Bu “spektakl” undanda oʻtkirroq muammodan odamlarni chalgʻitish, OAV hamda auditoriya “chaynab turishi” uchun ataylab uyushtirilgan. Oʻtkir muammo esa Adam emas, Ramzan Qodirovning oʻzi bilan bogʻliq.
Bemorlik haqidagi ilk shubhalar
2022 yildan boshlab, Ramzan Qodirovning internet faolligi keskin pasayib ketdi. U bir muddat OAV sahifalaridan gʻoyib boʻlgani uning yoki oʻlgani yoki ogʻir (hatto tuzalmas) xastalikka chalingani haqidagi mish-mishlar paydo boʻldi. Shunday keyin Checheniston rahbari sport bilan shugʻullanayotgan, ogʻir tosh koʻtarayotgan yoki majlis oʻtkazayotgani tasvirlangan videomateriallari bilan yana ommaga koʻrinish bera boshladi.
Qodirov 2018 yilda.
Biroq, kuzatuvchilarning aytishicha, yangi videotasvirlarda respublika rahbarining xastaligi shundaygina “yuziga urib turardi”. Garchi Ramzan Qodirov har doimgidek sogʻlom va tetik koʻrinishga urinsada, uning koʻzi va yuzlari shishgani, gapirish va yurishlari ham sustlashgani ogʻir xastalik alomatlaridan darak beradi. Videokadrlarda ham u faqat bir pozada oʻtiradi, koʻp gapirmaydi. Uni yirik “plan”da koʻp koʻrsatishmaydi. Buni internet foydalanuvchilari respublika rahbari tanasidagi ogʻriqlar va umumiy ahvolining ogʻirligi bilan izohlashgan.
Shunday videolardan birida Ramzan Qodirov “odam baribir oʻladi, gap koʻp yoki kam yashashda emas, uni qanday oʻtkazishda” degani ham uning internetdagi muxlislari qalbiga qaygʻu solib qoʻydi. Rasmiy Moskva bunga izoh bermadi. Uni kasalxonada koʻrishgani haqidagi xabarlarni rad etish uchun oʻzining amakisini koʻrgani shifoxonaga borganini aytib, shu mazmundagi video internetga joylandi.
Ramzan Qodirov 2023 yilda.
Shu mish-mishlar fonida Ramzan Qodirov rasman taʼtilga chiqqanini maʼlum qildi. Tegishli buyruq mamlakat rahbari va hukumati saytida eʼlon qilindi. “Men 2023 yil 3 iyuldan yillik toʻlanadigan taʼtilga chiqaman. Taʼtil davridagi Checheniston Respublikasi rahbarining vazifalarini Checheniston Respublikasi hukumati raisi Xuchiyev Muslim Magomedovichga topshiraman”, deyiladi hujjatda.
2023 yil kuzida davolanib chiqqan Ramzan Qodirov avvalgidan ham koʻra koʻproq ommaga koʻrinish bera boshladi. “Vyorstka” nashrining yozishicha, Rossiya federal “Pi-Ar”chi mutaxassislari Putin administratsiyasi bilan kelishgan holda Checheniston mulozimlariga shunday yoʻl tutishni maslahat berishgan. Adamni taqdirlash bilan bogʻliq marosimlar zanjiri ham ularning maslahati boʻlishi mumkin.
Tashxis ham qoʻyilgan...
«Novaya gazeta. Yevropa» nashrining yozishicha, 47 yoshli Ramzan Qodirov rostan ham ogʻir bemor. Nashrning anonim manbalari xabar qilishicha, shifokorlar 2019 yil yanvar oyida Qodirovga “pankreonekroz” – “oshqozon osti bezining nekrozi (oʻlishi)” tashxisini qoʻyishgan.
2019 - 2020 yillarda Checheniston rahbari bir necha marta rejadan tashqari taʼtil olib, davolanish uchun Moskvaga borib kelgan. Biroq Qodirovning atrofidagilari uning sogʻligi boʻyicha muammolar borligini rad etib kelishadi.
2020 yilga kelib, Qodirov tez ozib keta boshladi. Buni pankreonekroz kuchayib ketayotgani bilan izohlashadi. Bu xastalikning ilk belgilaridan biri tez vazn yoʻqotish hisoblanadi. Chunki pankreonekrozda tez-tez va kuchli qayt qilish hamda ich ketishi bunga sabab boʻladi.
Pankreonekroz qanday xastalik?
Pankreonekroz - oshqozon osti bezining nekrozi xastaligi boʻlib, u koʻpincha pankreatit – oshqozon osti bezining yalligʻlanishi bilan boshlanadi. Maʼlumki, oshqozon osti bezi ovqat hazm qilish jarayonida ishtirok etadi. Shuningdek bu bez insulin gormoni ishlab chiqaradi. Bezning izdan chiqishi yoki toʻlaqonli faoliyat yuritmasligi bemorda ovqat hazm qilish tizimi ishining izdan chiqishi hamda qandli diabet xastaligi boshlanishiga olib kelishi mumkin. Koʻpincha bu bezning ovqat hazm qilishga yordam beruvchi sekretsiyasi (suyuqligi) bevosita bez ichida faollashib ketadi va bezning yalligʻlanishiga olib keladi.
Bu jarayon davolanmasa yoki kuchayib borsa, pankreonekrozga aylanadi, yaʼni bez toʻqimalari oʻla boshlaydi. Bu esa butun tananing intoksikatsiyasi – zaharlanishiga, boshqa aʼzolarga ham salbiy taʼsir qilishiga sabab boʻlishi mumkin.
Bu xastalikning letalligi, yaʼni oʻlim bilan yakunlanish ehtimoli uning qanchalik ogʻirligiga bogʻliq. Agar pankreonekroz natijasida yiringli peritonit boshlansa, turli tibbiy manbalarga koʻra, 10-60 foizni tashkil etadi.
Masalan, Rossiya statistika idorasidagi maʼlumotlarga koʻra, 2021 yilda oshqozon osti bezi xastaliklaridan, ayniqsa ularning eng koʻp tarqalgan shakli – oʻtkir pankreatitdan Rossiyada 10 ming kishi vafot etgan.
Pankreonekrozga surunkali alkogolizm, nasliy omil, oqsilli ovqatni kam isteʼmol qilish, oʻt qopida tosh yigʻilishi va boshqa jihatlar sabab boʻlishi mumkin.
“Koronavirus dardni ogʻirlashtirgan”
Garchi Ramzan Qodirovga pankreonekroz tashxisi 2019 yil yanvarda qoʻyilgan boʻlsada, 2020 yilda pandemiyaga aylangan koronovirus xastalikning ogʻirlashib ketishiga sabab boʻlgan. Bu ham kamlik qilgandek, koronovirus asoratlari natijasida Ramzan Qodirovning endokrin tizimida ham muammolar paydo boʻlgan.
Ramzan Qodirov 2020 yilda 2 marta Markaziy klinik shifoxonaga yotib chiqqan. Buni oʻzi ham tan olgan. Lekin bemorligi uchun emas, “yiliga 2 marta rejali dispanserizatsiya”dan oʻtib turishini aytgan.
Sport bilan shugʻullanishini ommaga oshkor etishga oʻrgangan Ramzan Qodirovning 2022 yil bahor oyidan keyingi videolarida uning qorni kattargani va yuzida shishlar paydo boʻlganini koʻrish mumkin. Har holda sinchkov jurnalistlar shu haqda yoza boshladi. Qodirov koʻrinishidagi oʻzgarishlarni ular sogʻligʻi yomonlasha boshlagani va oʻpka hamda buyraklarda suv yigʻila boshlagani bilan izohlashga uringan. Shundan boshlab respublika rahbari omma oldiga kamroq chiqayotgani va u odatdagidan koʻra qalinroq kiyina boshlagani koʻzga tashlanadi.
Shuningdek, “Build” nashrining maʼlum qilishicha, Qodirov Abu Dabidagi (BAA) shaxsiy klinikaning nefrolog (buyrak xastaligi boʻyicha) shifokori qoʻlida davolanib turadi.
Jurnalistlarning yozishicha, 2023 yil kuzda Ramzan Qodirov Rossiya prezidenti Ishlar boshqarmasiga tegishli Markaziy klinik shifoxona reanimatsiya boʻlimiga yotqiziladi. Bemorda oʻtkir oʻpka yetishmovchiligi, yaʼni oʻpkani suv olgani bois nafas olish qiyinlashgani qayd etiladi. Shifokorlar bemorning ahvolini yaxshilash uchun uni tibbiy komaga tushirishadi va sunʼiy nafas oldirish apparatiga ulab qoʻyishadi.
«Novaya gazeta»ning yozishicha, Moskva shifokorlari, shuningdek, Qodirov bosh miyasini MRT qilishgan va uning xastaligi kognitiv funksiyalariga salbiy taʼsir koʻrsatishini aniqlashgan. Bu esa Qodirov hudud boshqaruvini eplay olishi qiyin degan xulosaga olib kelgan.
Jurnalistlarning aytishicha, Ramzan Qodirovning xastaligi tuzalish ehtimoli juda kamligi va uning rahbarlik qobiliyatiga putur yetkazishi mumkinligi bois, Kreml uning oʻrniga rahbarlikka yangi nomzodlarni allaqachon koʻrib chiqa boshlagan. Bu borada rasmiy munosabatlar yoʻqligi tufayli, faqat ehtimoliy nomzodlarni taxmin qilish mumkin xolos.
Adam Qodirov
Yuqorida koʻp tilga olingan Adam Qodirov, garchi Qodirovning suyukli farzandi va aka-ukalari oʻrtasida “oʻtkirrogʻi” boʻlsada, uning chechenlar, Checheniston elitasi va Kreml huzuridagi obroʻsi katta emas. Qolaversa, bu lavozimga oʻtirishga hali tom maʼnoda yoshlik qiladi. Boz ustiga, undan katta akasi ham bor. Eslatib oʻtadigan boʻlsak, Qodirovning otasi Axmat Qodirov portlashda halok boʻlganida, chechenistonlik faollar Vladimir Putindan qonunchilikka tegishli oʻzgartirish kiritib, Checheniston prezidentligiga (oʻsha paytda prezident lavozimi mavjud edi) oʻtish yoshini kamaytirishni iltimos qilgan edi. Chunki oʻshanda Qodirov 28 yoshda boʻlib, qonunchilik boʻyicha Checheniston prezidenti 30 yoshga toʻlgan boʻlishi kerak boʻlgan. Biroq Putin bunga rozi boʻlmagan.
Qodirov 30 yoshigacha turli lavozimlarda ishlab, 30 yoshga toʻlgachgina hozirgi lavozimiga tayinlangan edi. 17 yoshli Adam uchun bundan ham qulayroq sharoit yaratib berishlari mantiqqa toʻgʻri kelmaydi.
Lekin Qodirovning koʻngli Adamda, degan fikrlar ham yoʻq emas. Masalan, Qodirov ham yoshligida otasining xavfsizlik xizmati boshligʻi boʻlgan. Adam ham hozir shunday lavozimda.
Apti Alaudinov
Apti Alaudinov (1973 yilda tugʻilgan) 202-2021 yillarda Checheniston Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari – politsiya boshligʻi lavozimida ishlagan. Politsiya general-mayori (2012). General-mayor (2022). Rossiya Federatsiyasi qahramoni (2022). Chechen Respublikasi qahramoni (2023). Siyosatshunoslik fanlari nomzodi (2013). Alaudinov avval Checheniston rahbariga qarindosh boʻlmasda, “oila”ga juda yaqin shaxs hisoblangan.
Apti Alauddinov.
Biroq shu orada bir kichik xatosi bilan Qodirovga yomon koʻrinib qolgan. Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, Apti oʻzini koʻrsatib, yana nomini oqlab oldi. 2022 yildan asosan Ukrainaga qarshi urush uchun tashkil etilgan “Axmat” koʻngilli harbiy tuzilmasining qoʻmondoniga aylandi. 2022 yilda Alaudinov “Axmat” maxsus kuchlariga bosh boʻlib, Ukrainaga qarshi urushga kirdi. Shu yerda u general-mayor harbiy unvoni va “Rossiya Federatsiyasi qahramoni” yulduzini oldi.
Bir qarashda Apti Checheniston rahbarligiga munosib nomzod. Hatto “favorit” nomzod. U sovet armiyasi zobiti oilasida Stavropolda tugʻilgan. Rus va sovet mafkurasi muhitida ulgʻaygan. Qodirov kabi avvalida Checheniston mustaqilligi uchun kurashgan emas: aksincha, uning otasi va akasi mustaqillik uchun kurashgan Dudayev qoʻshinlariga qarshi kurashda vafot etishgan. Aptining millati chechen boʻlsada, xarakteri va tarbiyasi koʻproq ruslarga tortib ketadi.
Garchi Alaudinov askarlari koʻp video olib, internetga joylayverishgani bois “tik-tok qoʻshinlar” laqabini olgan boʻlsada, Yevgeniy Prigojin isyon koʻtarganida oʻzini koʻrsata oldi. Avvaldan Prigojin boshliq “Vagner” qoʻshini bilan kelishmay yurgan “axmatchilar” Rossiya armiyasi tarafida turishdi. Hatto isyonkor “Vagner”chilar isyonini bostirish uchun ularni taʼqib eta boshladi. Toʻgʻri, ular uchrashishga ulgurmasdan Prigojin taslim boʻlgan boʻlsada, Alaudinov prezident Putin oldida oʻz sadoqatini isbotlab, uning mehriga sazovor boʻlishga ulgurdi.
Bu ham “kamlik qilgandek”, 2024 yil aprel oyidan Moskvaga chaqirtirilib, Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh harbiy-siyosiy boshqarmasining boshligʻi oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi. Eski sovet armiyasi tili bilan aytganda, Apti hozir Rossiya armiyasining bosh “politruki” – askarlarning davlatga sodiqligini taʼminlovchi shaxslardan biri.
Alaudinov “foydasiga” yana bir fakt: 2023 yil dekabr kuni «Yedinaya Rossiya» partiyasining Moskvada oʻtkazilgan 21-sʼezdida Ramzan Qodirov emas, shu davrda Ukrainaga qarshi urushayotgan harbiy tuzilma rahbari Apti Alaudinov Checheniston vakili sifatida soʻzga chiqqan. Jurnalistlarning taʼkidlashicha, Alaudinov chechencha talaffuzsiz, toza rus tilida, diplomatik va xotirjam ohangda soʻzladi. Bu bilan u “men siz oʻrgangan vahshiy va chalasavod chechen askar emas, men madaniylashgan chechenman” demoqchi boʻlgan emish. Shunga koʻra, Alaudinovni Putin ishongan shaxslardan bir sifatida koʻrishadi.
Xullas, “sopini oʻzidan chiqarish”ning hadisini olgan Kreml uchun Apti juda maʼqul “sop”. Lekin shu bilan birga, u baribir chechen hisoblanadi: oʻz milliy va diniy ildizlarini kesmagan.
Gʻarb OAV Alaudinovni ham goʻyoki Ramzan Qodirovga yoqmagan odamlarni oʻldirish va “maxfiy chechen qamoqxonalari” qiynoqqa solishda ayblab keladi.
Biroq, Qodirovning xorijga qochgan tanqidchilaridan biri, Chechen Respublikasi rahbarining ogʻir xasta ekanligi haqida birinchilardan boʻlib xabar tarqatgan bloger Tumso Abdurahmonovning aytishicha, boshqa nomzodlardan koʻra Alaudinov chechen xalqiga koʻproq maʼqul kelishi mumkin. “Ikki yomondan yaxshirogʻi tanlansa, Alaudinovni tanlash kerak” degan bloger.
Lekin, Alaudinovning hozirgi lavozimi va harbiy karerasi uchun Checheniston kabi kichik bir subʼekt rahbarligiga qaytishi - oʻsish emas, tushish hisoblanadi. Shu bois uning oʻzida ham shaxsiy tashabbus yoki qiziqish boʻlmasligi ehtimoli katta. Toʻgʻri, harbiy odam boshliq qayoqqa joʻnatsa oʻshayoqqa ketaveradi. Biroq ayni sharoitda Alaudinovni Checheniston rahbari sifatida tasavvur qilish qiyinroq. Qolaversa, Kreml ham Alaudinovni boshqa siyosiy “missiya”lar uchun moʻljallab qoʻygan boʻlishi mumkin. Bir yozuvchi aytganidek, atom kuchini oʻtin yorishga sarflashmasa kerak, har holda.
“Lord”
Magomed Daudov - Checheniston Respublikasi parlamentining raisi. Qodirov uni erkalab “Lord” degan laqab bilan chaqiradi. Chechenistonda eng qudratli shaxslardan biri. Qodirov “oila”siga juda yaqin va sodiq mulozimlardan. Hatto respublikada Qodirovdan keyin ikkinchi qudratli shaxs hisoblanadi. Qodirovning oʻzi tan olishicha, Magomed “oʻz ishiga juda masʼuliyat bilan yondoshadi, vazifalarini toʻliq ado etadi”.
Magomed birinchi chechen urushi davrida 14 yoshda boʻlsada, qarindoshlariga qoʻshilib, rus armiyasiga qarshi kurashgan. Ikkinchi chechen urushida esa Axmat Qodirov ortidan borib, Rossiya armiyasi tarafida turib urushgan.
Magomed Daudov ("Lord").
Biroq rossiyalik huquqbonlar hamda xorij OAVlari “Lord”ni qiynoqlar va inson huquqlarini buzishda, qoʻpollik va vahshiylikda ayblashadi. Magomed Daudov shu “xislat”lari bois 2014 yildan buyon koʻplab gʻarb davlatlarining sanksiya roʻyxatlariga kiritilgan. Biroq Kreml miqyosida Daudov nomzod sifatida koʻrilmasligi mumkin. Jurnalistlarning qayd etishicha, Ramzan Qodirov ham uni koʻproq ijrochi sifatida yaxshi koʻradi, boshqaruvchi sifatida emas.

Va boshqalar...
Qolgan nomzodlar esa u yoki bu belgisiga koʻra, Checheniston rahbarligi lavozimiga munosib koʻrilishi mumkin. Ularning aksariyati Ramzan Qodirov maʼmuriy ofisida ishlaydigan maslahatchilar, turli kengashlarning raislari va vazirlardir. Masalan, qonun boʻyicha, respublika rahbari taʼtil yoki boshqa sabablarga koʻra oʻz vazifaini bajara olmasa, uning oʻrniga Checheniston Respublikasi hukumati raisi (ayni paytda Muslim Xuchiyev) hududga rahbarlik qiladi.
Muslim Xuchiyev.
Biroq, ayrim taxminlarga koʻra, Ramzan Qodirov oʻrniga oʻziga maʼqul, uning oilasi manfaatlariga zid ish qilmaydigan nomzod boʻlishini istaydi. Shu bois Putin bilan “savdolashayotgan” yoki hech boʻlmasa oʻzi amaldan ketganida oilasi xavfsizligi hamda maʼmuriy-moliyaviy manfaatlari saqlanib qolishi uchun kafolat olishga intilayotgan boʻlishi mumkin.
Lekin bir narsani unutmaslik kerakki, siyosat shaxmat oʻyiniga oʻxshaydi. Urilgan donalar qutiga tushadi. Ularning manfaati yoki xohish-irodasi keyin hech kimni qiziqtirmay qoʻyadi. Yon qoʻshnimiz Qozogʻiston misolida olsak ham, sobiq prezident Nursulton Nazarboyev boshqa Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari kabi oʻlgunicha prezident boʻlish, oilasi, qarindoshlari va hamtovoqlari manfaatlarini taʼminlaydigan munosib nomzod qoldirishga ulgurmasdan oʻlib qolishdan qoʻrqqan boʻlishi mumkin. Chunki, yaqin oʻtmishdagi misollardan maʼlumki, bunday holda u va oilasi toʻplagan boyliklar va manfaatlar darrov yoʻq boʻlib ketishi, yangi boshliq, uning oilasi va “komanda”si oʻrtasida qayta taqsimlanishi, hatto ayrim qarindosh va shotirlari qonun oldida javob berishi ham mumkin. Biroq Nazarboyevning rejasi ham puchga chiqdi. U oʻziga sadoqatli deb oʻylagan yangi prezident oʻz bilganicha, mustaqil siyosat yuritishga oʻtdi. Shu paytgacha yuz bergan voqealardan koʻrinib turibdiki, eski rahbarning manfaatlarini ayab oʻtirgani yoʻq.

Shubhali “kafolatlar” va mavhum kelajak
Ramzan Qodirov va uning tarafdorlari hozir har qancha savdolashmasin va havoyi vaʼda hamda “kafolatsiz” kafolatlar olmasin, kelajakda ularga qattiq umid bogʻlash qiyin. Qodirovning oʻzi ham bir necha bor aytgandek, u “Putinning oddiy piyodasi” xolos. Uning oʻrniga kim boʻlishi va oilasi manfaatlari hamda xavfsizligi saqlanishi masalalarining yechimi Putin istagandek hal qilinadi.
Qolaversa, hozirgi taxminlarning birortasi roʻyobga chiqmasligi ham mumkin.

Aslini olganda, Kreml Ramzan Qodirov kabi sadoqatli va koʻpfunksional, chechenlarning barcha “teyp” (urugʻlari)ga baravar gapi oʻtadigan, arab va musulmon olami bilan munosabatlarda vositachilik qila oladigan samarali siyosatchini topishi mushkul boʻladi. Biroq, Putin hech kim tanimagan, ammo oʻziga maʼqul bir nomzodni, Chechenistonda tugʻilib-oʻsmagan va hatto chechen millatiga mansub boʻlmagan odamni ham Respublikaga boshliq qilib qoʻyishi mumkin. “Tarbiyalanish”ga qobiliyatli hamda sadoqatli shaxs boʻlsa kifoya, uni “tarbiyalab” olish qiyin boʻlmaydi.
Shu bilan birga, Kremlning Chechenistondagi “oʻtish davri missiya”si deyarli yakunlandi: chechenlarning mustaqillikka intilishi bostirildi (xorijda yurgan ayrim dissidentlarni aytmaganda) va bunga imkoniyatlar yoʻq qilindi, 90-yillarda Checheniston mustaqilligi uchun kurashgan chechenlar shunchaki “terrorchilar” ekani haqida fikrlar, Putin va Rossiyaga muhabbat hamda sadoqat tuygʻulari chechenlar qalbiga “singdirildi”, respublika har jihatdan toʻla Moskva nazorati ostiga oʻtkazildi. Rus internet jamiyati doimo norozi boʻlib kelgan masala – “Chechenistonga “tinch yurishi va Moskvaga boʻysunib turishi” evaziga katta pul va dotatsiya hamda imtiyozlar berish ham endi toʻxtatilishi mumkin. Chunki bunga hojat qolmadi. Checheniston ham xuddi Rossiyaning hamma viloyatlari qatori oddiy bir subʼektiga aylanib qolishi mumkin.
Ramzan Qodirov tuzgan va oʻziga sadoqatli deb hisoblovchi turli qurolli guruhlarga kelsak, ular ham aslida Rossiya armiyasining bir qismi va Moskvada oʻtirgan vazir yoki qoʻmondonga boʻysunadi. Qisqa qilib aytganda, ular ham barcha harbiylar kabi, “qirol oʻldi, yashasin qirol” shioriga amal qilishga majbur. Askarlik burchi va harbiy nizom shuni talab qiladi. Tarixda koʻp marta tasdiqlanganidek, bugungi balandparvoz gʻoya hamda rejalar, chiroyli shiorlar bugungi rahbar “taxtda” ekanida dolzarb boʻlib turadi xolos. Ertaga qanday shior va gʻoyalar urf boʻlishini esa ertaga xoʻjayinlik qiluvchi rahbar belgilab beradi...
© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid