platina.uz
Jamiyat

Namanganda aholining mablagʻini oʻzlashtirgan soliqchi fosh boʻldi

Soliq inspektori fuqarolarning toʻlagan pullarini kirim qilmasdan shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan. 

Namanganda aholining mablagʻini oʻzlashtirgan soliqchi fosh boʻldi

Namangan viloyati, Uychi tumanida aholining soliq uchun toʻlagan pullarini kirim qilmasdan shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan soliq inspektoriga jazo tayinlandi. Jinoyat ishlari boʻyicha Uychi tuman sudining ochiq sud majlisida mazkur ish koʻrib chiqilgan. Sud humi Platina.uz ixtiyorida mavjud.

Aytilishicha, sudlanuvchi 2020-2023 yillar oraligʻida soliq inspeksiyasi jismoniy shaxslarga xizmat koʻrsatish boʻlimining davlat soliq bosh inspektori lavozimida ishlab kelgan. U fuqarolardan Uychi tumani DSI binosida mahalliy yer va mol-mulk soliqlari uchun pul mablagʻi undirilishi yuklatilganligidan foydalanib, 2020-2022 yil hamda 2023 yilning may oyiga qadar jami 229 nafar fuqarolardan 254 ta holatda 77.733.000 soʻm mahalliy yer hamda mol-mulk soligʻi pul mablagʻi undirib, ularga pul mablagʻi soliq toʻlovlari uchun olinganligi toʻgʻrisida toʻlov kvitansiyalari taqdim qilib, undirilgan pul mablagʻini inspeksiyaning bankdagi hisob raqamiga topshirmasdan talon-toroj qilgan.

Sudlanuvchi sud muhokamasida aybiga toʻliq iqror boʻlgan. Uning aybi sudda guvohlar koʻrsatmasiga koʻra ham isbotlandi, deyiladi hukmda. Shu bilan birga Jinoyat kodeksi 167-moddasining 4-qismida yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmasligi belgilangan.

Sud soliqchini JK 59-moddasiga koʻra, uzil-kesil, 1 yil 3 oy muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi. Aybdor sutkaning soat 22-00dan soat 06-00gacha boʻlgan vaqtida yashash joyidan chiqishi taqiqlanadi. Shuningdek, u yetkazgan zarar ham qoplanishi belgilangan.

Bunda Namangan viloyat prokuraturasi depozit hisob raqamiga toʻlangan 46.602.000 soʻm pul mablagʻi Uychi tuman davlat soliq inspeksiyasi hisob raqamiga oʻtkaziladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid