Xivadagi yirik bozorlar koʻchiriladi
Shahardagi dehqon bozori va Xiva univeral savdo kompleksi yangi binolarga joylashtiriladi.

Xorazm viloyati Xiva shahridagi dehqon bozori va Xiva univeral savdo kompleksini tartibga keltirish boʻyicha farmoyish eʼlon qilindi. Xiva shahri hokimi Temur Davletov tegishli hujjatni imzolagan.
Shaharning Sangar mahallasi, Elobod koʻchasida yashovchi fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash va aholiga sifatli xizmat koʻrsatish maqsadida ushbu hududda yoʻl boʻyida xizmat koʻrsatayotgan tadbirkorlik subʼektlarini Xiva shahridagi dehqon bozori va Xiva univeral savdo kompleksi AJlarning yangi qurib bitkazilgan binolariga koʻchiriladi.
Obodonlashtirish boʻlimi bozordagi tozalik masalalarini oʻz zimmmasiga oladi, soliq organlari tadbirkorlarning qonuniy ishlashi va soliqdan qochishini tekshiradi. Shuningdek, bozorlardagi reklama bannerlari davlat tilida yozilishi ham nazorat qilinadi.
Ushbu ikki bozorni tartibga keltirish va koʻchirish boʻyicha ishchi guruh tuzilgan va uning tarkibi tasdiqlandi. Ushbu ishchi guruh hokim boshchiligidagi 34 nafar mansabdorni oʻz ichiga oladi.
Mazkur farmoyish nazoratini Xiva shahri hokimining oʻzi zimmasiga olishi belgilangan.