Talabalar stipendiyasi miqdori oshadimi?
Platina.uz jurnalisti Oliy taʼlim vaziri oʻrinbosariga ushbu savol bilan yuzlandi.

Bugun Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan sohadagi yangiliklar boʻyicha anjuman oʻtkazildi.
Matbuot anjumanida Platina.uz jurnalisti talabalarning oʻzgarishsiz qolayotgan stipendiyalari miqdori haqida savol bilan yuzlandi. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Shohrux Daliyev esa stipendiya oshishi yoki oshirilmasligi masalasida toʻliq javobni moliyaviy soha vakillari hamda Moliya vazirligi bilan birga ishlab, keyin yozma izoh bera olishini maʼlum qildi.
“Stipendiya oshadimi yoki yoʻq degan savolingizni aniq savol deb bilaman. Biz buni oʻylab koʻrishimiz kerak. Oʻzi stipendiyada fiksatsiya qilingan narx ham, oshirish boʻyicha qoida ham bor. Bizda endi toʻlov-kontrakt masalalari ham borda. Xabaringiz bor, pandemiya paytida toʻlov-kontrakt miqdori ham oshirilmadi. Oʻzi, bitta talabani oʻqitish uchun davlat tomonidan sarflanayotgan pul, u toʻlaydigan kontraktdan ancha koʻp. Bir talabaga oʻrtacha yoʻnalishning xususiyatidan kelib chiqib, 12 dan 15 milliongacha sarflanadi. Baʼzi oliygohlar (masalan, texnika universiteti) ga "super-kontraktlar" kam keladi. Shuning uchun universitet oʻzini oʻzi boqish masalasi ham bor. Shuning uchun bu masalani Moliya vazirligi bilan muhokama qilib keyin sizga yozma izoh bersak toʻgʻri boʻladi" dedi Daliyev.
Avvalroq oʻqishga kirishda minimal oʻtish balli oshirilgani maʼlum boʻlgandi.