Xakerlar Britaniya mudofaa vazirligi serverlariga hujum qildi
OAVda tarqalgan maʼlumotga koʻra, ushbu hodisa ortida Xitoy turgan boʻlishi mumkin.

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi serverlariga xakerlar hujum qildi, deya xabar berdi Sky News nashri.
Britaniya rasmiylari kiberhujum ortida qaysi davlat turganini ochiqlamayapti, biroq manbaga koʻra, buning ortida Xitoy turgan boʻlishi mumkin.
Xitoy Buyuk Britaniya xodimlari maʼlumotlar bazasini, shu jumladan tizimni texnik buzishga ilgari ham uringan deb qoʻshimcha qilinadi xabarda.
Ushbu xakerlik hujumi natijasida ayni paytda ishlayotgan va sobiq harbiy xizmatchilarning ism-shariflari, ish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, xususan, oylik maosh va bank rekvizitlari fosh etilgan.
BBC xabariga koʻra, xakerlar maoshlar boʻyicha yozuvlar va bank hisob raqamlari saqlanadigan tizimga kirishga muvaffaq boʻlgan. Vazirlik xakerlik hujumini aniqlab, darhol chora koʻrgan va tizimni tashqi kirishdan uzgan. Bugun hukumat mazkur masala boʻyicha parlament deputatlariga maʼlumot berishi koʻzda tutilgan.