Putin Rossiya prezidenti sifatida qasamyod qildi
Ekspertlarning aytishicha, saylovlarning xolisligi shubha ostida boʻlgan Rossiyada Putin yana kamida 2036 yilgacha prezident boʻlib qolishini taʼminlay oladi.

Bugun Moskvadagi Katta Kreml saroyida Vladimir Putinning inauguratsiya marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Putin Rossiyaning navbatdagi prezidenti sifatida Rossiya xalqiga sodiq qolishga tantanali qasamyod qabul qildi. Bu uning hayotidagi beshinchi marta prezident sifatida qasamyod qilish marosimidir. Tantanali marosimdan soʻng Rossiya Konstitutsion sudi raisi Valeriy Zorkin Vladimir Putin rasman bugundan boshlab yana prezidentlik davozimiga kirishganini eʼlon qildi.
Konstitutsiya boʻyicha Rossiyada prezidentlik muddati 6 yilga teng boʻlib, Putin 2030 yilgacha yana shu lavozimda qoladigan boʻldi. Aslida Rossiya konstitutsiyasiga koʻra bir, shaxs 2 muddatdan ortiq prezidentlik kursisini egallashi mumkin emas. Biroq 2000 yildan beri davlat tepasida qolayotgan (19 yil prezident, 4 yil bosh vazir sifatida) Putin ushbu bosh qonunni referendum vositasida oʻzgartirib, oʻtgan muddatlarini “nollashtirib” olgach, oʻziga yana 2 marta Kreml saroyida xoʻjayinlik qilish huquqini berdi.
Avvalroq Reuters agentligi Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligiga tayanib, London Putinning inauguratsiya jarayoniga oʻz vakilini joʻnatmasligini maʼlum qilgan edi. AQSh va Kanada rasmiylari ham shunday bayonotlar bilan chiqishgan. Yevropa Ittifoqining tashqi siyosiy xizmati vakili Peter Stano ham YeI marosimga oʻz elchsini yubormasligini aytgan edi. Shuningdek, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ham marosimga bormasligini bildirgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Sergey Ryabkov protokolga amal qilib, “nodoʻstona” mamlakatlarning elchilarini ham inauguratsiya marosimiga taklif etgan. Biroq AQShning Rossiyadagi muvaqqat ishlar boʻyicha ishonchli vakili hamda YeI elchisi ham taklifni qabul qilishmagan.
Marosimda faqat Fransiyaning Rossiyadagi elchisi Per Levi, Vengriya elchisi Norber Konkoy va Slovakiya elchisi Lyubomir Regak ishtirok etishdi.
Ekspertlarning aytishicha, saylovlarning xolisligi shubha ostida boʻlgan Rossiyada Putin yana kamida 2036 yilgacha prezident boʻlib qolishini taʼminlay oladi. Oʻshanda Putin 84 yoshga kirgan boʻladi. Ayni paytda Rossiya prezidenti 72 yoshda.




