platina.uz
Jamiyat

Navoiyda "Ipoteka bank" mutaxassisi va hokim yordamchisining qilmishlari oshkor boʻldi

Ular oʻzaro til biriktirib, imtiyozli kredit mablagʻlarini oʻzlashtirishni maqsad qilgan. 

Navoiyda "Ipoteka bank" mutaxassisi va hokim yordamchisining qilmishlari oshkor boʻldi

Jinoyat ishlari boʻyicha Konimex tuman sudida bankdan kredit olib, uni maqsadsiz ishlatib yuborgan bank xodimi va sheriklari (hokim yordamchisi hamda haydovchi)ga jazo tayinlandi. Sud hujjati Platina.uz`da mavjud.

Maʼlum boʻlishicha, "Ipoteka bank” Zarafshon filiali muammoli aktivlar boʻlimi bosh mutaxassisi vazifasida ishlaydigan shaxs Zarafshon shahridagi hokim yordamchilaridan biri va haydovchi bilan til biriktirgan. Bank xodimi mansab vazifasini suiisteʼmol qilib, tanishi U.M. va “Konchilar” MFYda hokim yordamchisi boʻlib ishlovchi S.U. bilan oldindan oʻzaro jinoiy til biriktirib, bir guruh shaxslar boʻlib, imtiyozli kredit mablagʻlarini oʻzlashtirishni maqsad qilgan.

Ular fuqaro M.Z. nomiga 17.05.2022 yilda “Zaripova-2022” xususiy korxonasini tashkil qilgan, yillik 14 foiz stavkada 3-6 oygacha boʻlgan imtiyozli davr bilan 36 oydan koʻp boʻlmagan muddatga hisob-fakturaga asosan unga 225 000 000 soʻmlik 3 dona paxta tozalash uskunasi (tin-tin) va 2 dona paxta tozalash uskunasining jamlanmalari yetkazib berilmagan boʻlsa-da, soxta hujjatlar orqali 225 000 000 soʻmlik juda koʻp miqdordagi imtiyozli kredit mablagʻlarini naqdlashtirib oʻzlarining shaxsiy manfaatlari yoʻlida ishlatib yuborgan.

Yillik 14 foizlik ustama haqi toʻlash sharti bilan ajratilgan 225 mln. soʻm imtiyozli kredit mablagʻi “Sher omad biznes zar” korxonasi hisob raqamiga koʻchirilgan, shartnomada koʻrsatilgan paxta tozalash uskunalari “Zaripova 2022” XKga yetkazib berilmagan va juda koʻp miqdordagi pullar oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-taroj qilingan.

Sud bank xodimining pushaymonligini, yetkazilgan zarar toʻliq qoplanganini, muqaddam sudlanmaganini yengillashtiruvchi holat deya topgan.

Yakuniy hukmga koʻra, bank mutaxassisini tizimda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Hokim yordamchisi esa 1 yil 6 oy muddatga muayyan huquqdan, yaʼni tuman-shahar hokimligida hokim yordamchisi lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi, unga ish haqining 15 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Haydovchiga esa axloq tuzatish ishlari jazolarini qisman qoʻshish yoʻli bilan uzil-kesil ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 4 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi berildi.

Ish boʻyicha yetkazilgan zararlar toʻliq qoplangani inobatga olinishi belgilangan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid