Jurnalist Abdurauf Qorjovov vafot etdi
U uzoq yillar davomida "Axborot" dasturida faoliyat olib borgan.

Taniqli jurnalist Abdurauf Qorjovov vafot etdi. U uzoq yillar MTRKning "Axborot" dasturida faoliyat yuritgan. 2020 yildan esa "Yangi Oʻzbekiston" gazetasida ishlayotgandi.
Abdurauf Qorjovov 1992-2019 yillar davomida Oʻzbekiston teleradiokompaniyasining oʻz muxbiri, bosh muharrir oʻrinbosari, bosh muharrir, direktor oʻrinbosari, “O‘zbekiston 24” teleradiokanali bosh muharriri lavozimlarida faoliyat koʻrsatdi. U “Otalar yurti”, “Oq tulporlar”, “Oʻzbek soʻmi”, “Bunyodkorlik”, “Assalom, Navroʻz!”, “Oʻzbekiston yoʻllari” singari hujjatli filmlariga ham mualliflik qilgan.
Ijodkor “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist”, “Oʻzbekiston xalq taʼlimi aʼlochisi” unvonlarini olgan.
Uning “Yoʻllar va manzillar”, “Tabiatning moʻʼjizaviy ehsonlari” kitoblari, hammualliflikdagi “Sahro boʻm-boʻsh emas”, “Yurt farzandlari”, “Xitoy oʻzbekistonliklar nigohida” kabi ocherklar toʻplamlari nashr etilgan.