platina.uz
Jamiyat

Ishtixondagi ogʻir hududlarda ahvol oʻnglanmoqda

Jumladan, oʻta ogʻir sharoitlarda yashayotgan aholi uylari taʼmirlandi, yordam pullari berildi. 

Ishtixondagi ogʻir hududlarda ahvol oʻnglanmoqda

Prezident topshirigʻiga asosan Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonasi boshchiligida yil boshida Samarqand viloyati toʻrt sektori hududidagi ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti ogʻir toʻrt mahallada “Obod xonadon - obod koʻcha - obod mahalla” mezonlarini joriy etish boʻyicha ishlar boshlangan.

Jumladan, Ishtixon tumani Qiyot mahallasida ham aholi xonadonlaridan boshlab hudud infratuzilmasigacha boʻlgan muammolarga yechim topish, odamlar turmush tarzini yaxshilashga kirishilgandi.

Toʻqqiz qishloqdan iborat, umumiy maydoni 224 gektar boʻlgan mahalladagi 1285 oilada 6330 nafar aholi istiqomat qiladi. Tumandagi eng katta mahallalardan biri hisoblansa-da, hududda aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratilmagan, yillar davomida toʻplanib qolgan muammolar aholi kayfiyatiga taʼsir koʻrsatar, taʼbir joiz boʻlsa, qiyotliklarning ertangi kunga ishonchi ham oʻziga yarasha edi.

– Dastlab xonadonbay oʻrganish ishlari olib borildi – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatdagi Xalq qabulxonasi mudiri M.Turdiyev. – Xatlov natijalari boʻyicha xonadonlarni obodonlashtirish, mahalla ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini yaxshilash, bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish, aholi bandligini taʼminlash hamda mahallani ogʻir hudud toifasidan chiqarish boʻyicha 65 banddan iborat “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib, ijroga qaratildi. “Obod xonadon” mezoni asosida taʼmirga muhtoj 622 xonadon taʼmirlanib, obodonlashtirildi. Oʻta ogʻir sharoitda yashovchi, ehtiyojmand toifadagi 13 oilaning turar joyi viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan homiylik asosida joriy va kapital taʼmirlandi. Aholi tomorqalaridan unumli foydalanish maqsadida 752 ta xonadonda fermerlar va homiylar koʻmagida shudgorlash ishlari amalga oshirilib, bahorgi ekinlar ekildi.

Aholi bandligini taʼminlash maqsadida 2 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 16 nafari kasb-hunarga oʻqitildi, 36 nafar fuqaro jamoat ishlariga jalb etilib, 71 nafar fuqaroning oʻzini-oʻzi band qilishi, 17 nafarining tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga yordam koʻrsatildi. Viloyat va tuman tibbiyot muassasalarining tajribali mutaxassislari ishtirokida hududda chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklar uyushtirilib, 24 nafar fuqaroning viloyat shifoxonalarida davolanishi taʼminlandi. 11 nafar fuqaroga reabilitatsiya-texnik vositalari yetkazib berildi, 1675 nafar qiyotlikka bepul dori-darmonlar tarqatildi.

Ijtimoiy daftarlarda roʻyxatda turgan 20 nafar fuqaroga 108 million soʻmlik yordamlar koʻrsatildi, 10 nafar fuqaroga bank krediti olishda koʻmaklashildi, 17 nafar shaxsga 106 million soʻmlik asbob-uskunalar xarid qilish uchun subsidiyalar ajratildi.

“Obod koʻcha”, “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish yoʻnalishidagi amaliy ishlar natijasida mahalla hududidagi ichki koʻchalarning 7 kilometri asfalt qoplamasi bilan joriy taʼmirlandi 2,7 kilometriga asfalt yotqizildi. Shuningdek, 35,2 kilometr tuproq yoʻllarga qum-shagʻal toʻkildi. 1,7 kilometr uzunlikda piyodalar yoʻlagi barpo etildi. 5 ta transformator punkti yangidan oʻrnatilib, 14 tasi kapital taʼmirlandi, 14,1 kilometr SIP kabel tortildi. Eski simyogʻochlar oʻrnida 510 ta yangi temir-beton ustun oʻrnatildi. Asosiy koʻchalarda 100 ta tungi yoritish chiroqlari qoʻyildi.

Darvoqe, mahalladagi bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari jarayonida homiylik va hashar yoʻli bilan yangidan mahalla binosi barpo etilib, “mahalla yettiligi” faoliyati uchun barcha shart-sharoit yaratildi. Mazkur binoning ikkinchi qavatida esa mahalla xotin-qizlari bandligini taʼminlash va ularga kasb-hunar oʻrgatish maqsadida tikuvchilik sexi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Aholining sport bilan shugʻullanishi uchun bir nechta sport maydonchalari, dam olish maskanlari tashkil etildi.

Bu kabi bunyodkorlik ishlaridan mahalladagi uchta umumtaʼlim maktabi va bolalar bogʻchalari ham chetda qolmadi. Mazkur muassasalar ham joriy taʼmirlanib, bir qator muammolari hal etildi. Aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish maqsadida eski oilaviy shifokorlik punkti qayta taʼmirlanib, zarur jihozlar bilan taʼminlandi, tez tibbiy yordam shoxobchasi tashkil qilindi.

Bundan tashqari, bir nechta savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari ochildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida qariyb 3 gektar maydonda 5 ta bogʻ tashkil etildi, 12 ming 700 tup mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekildi.

Oʻtgan vaqt mobaynida mahallada xonadon madaniyati va aholi maʼnaviyatini yuksaltirish maqsadida muntazam ravishda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, uch avlod uchrashuvlari oʻtkazildi.

Xotira va qadrlash kuni arafasida mahalladagi qurilish-bunyodkorlik ishlari yakuniga yetib, bugun yangi mahalla binosi va boshqa obʼektlarning ochilish marosimlari oʻtkazildi.

Ushbu tadbirlarda “Nuroniy” jamgʻarmasi respublika boshqaruvi raisi S.Turdiyev, viloyat va tuman hokimligi, viloyat prokuraturasi va sektor masʼullari ishtirok etdi. Mehmonlar mahalla ahlini yangi inshootlar bilan tabriklab, inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan bu kabi tadbirlar yurtimiz boʻylab davom etishini taʼkidladilar.

Shu yerda uch avlod uchrashuvi oʻtkazilib, faxriylarga ehtirom koʻrsatildi, shuningdek, mahalladagi qurilish-obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etgan quruvchi va bunyodkorlarga esdalik sovgʻalari topshirildi. “Eng obod xonadon”, “Eng obod koʻcha” tanlovlari gʻoliblari munosib taqdirlandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid