Endilikda grantlar yuqori bahoga oʻqigan talabalarga ham beriladi
Davlat grantini 4 yilga bitta talabaga berish tartibi bekor qilinadi. Prezident bu tizimni adolatni yoʻlga qoʻyish kerakligini aytdi.

Endi davlat granti 4 yilga bitta talabaga emas, balki har yili yuqori baholarga erishgan talabalar orasida qayta taqsimlanadi. Bu haqda prezident Mirziyoyev oʻtkazgan yigʻilishda maʼlum qilindi.
Davlat rahbari bu tizimni adolatli yoʻlga qoʻyish, yoshlarga va ota-onalarga yetkazish zarurligini taʼkidladi.
Malaka talablari boʻyicha ham dolzarb masalalar koʻp. Yurtimizdagi ayrim mezonlar xalqaro standartlarga va ish beruvchi talablariga toʻliq mos kelmaydi. Mehnat bozorida mavjud 8 mingga yaqin ishchi kasbdan 5 mingdan ortigʻi boʻyicha malaka standartlari ishlab chiqilmagan. Borlari ham aniq va sifatli emas.
Shuningdek, malakani baholash markazlarida sertifikatlash yoʻlga qoʻyilmagan. Milliy malaka tizimiga doir jarayon va hujjatlar Elektron platformada yuritilmaydi.
Shu bois Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutini tashkil qilib, ish beruvchilar bilan birga malaka talablarini toʻliq ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
– Bu aholi bandligiga bevosita daxldor dolzarb masala. Shuning uchun bu borada qonunlar ishlab chiqib, vazirlik va idoralar masʼuliyatini belgilash, ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Taqdimotda muhandislik sohasidagi taʼlim sifati ham tahlil qilindi.
Mamlakatimizda yiliga 3 mingdan ziyod sanoat korxonalari tashkil etilib, 146 ming ish oʻrni yaratilayapti. Ularda yiliga 25 mingdan ziyod muhandis va texnologlarga ehtiyoj bor.
Bu yoʻnalishda 33 ta davlat oliygohida kadrlar tayyorlansa-da, taʼlim sifati talab darajasida emas. Ilgʻor xorijiy universitetlarda allaqachon toʻxtatilgan ayrim fan va mutaxassisliklar hali ham oʻqitilmoqda. Oʻquv reja va dasturlarining qariyb yarmi mehnat bozori va xalqaro standartlarga javob bermaydi.
Mutasaddilarga ushbu taʼlim yoʻnalishida keskin oʻzgarish yasash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.