Davlat granti boʻyicha yangi tizim joriy etiladi
Muayyan bir yoʻnalishga ajratilgan grant doirasida yuqori ball olgan abituriyent, tanlagan oliy taʼlim muassasasidan qatʼi nazar, davlat grantiga tavsiya etiladi.

Endilikda muayyan bir yoʻnalishga ajratilgan davlat granti doirasida yuqori ball toʻplagan abituriyent, tanlagan oliy taʼlim muassasasidan qatʼi nazar, davlat grantiga tavsiya etiladi. Bu haqda 6 may kuni Prezident huzurida oliy taʼlim yoʻnalishlarini optimallashtirish, qabul va malaka tizimlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar muhokamada maʼlum qilindi.
Bugungi kunda bakalavriatda 306 ta yoʻnalish, magistraturada 625 ta mutaxassislik bor. Lekin ularning ayrimlari xalqaro standartlar va zamonaviy mehnat bozori talablariga mos emas. Bu bitiruvchilarda toʻliq malaka shakllanishi va ularning ishga joylashishida muayyan qiyinchiliklar tugʻdirmoqda.
Shu bois taʼlimning xalqaro tasnifi, ilgʻor xorijiy tajriba asosida bakalavriat va magistratura yoʻnalishlarini qayta koʻrib chiqish hamda ayni paytda talab yuqori boʻlgan sohalarda yangi yoʻnalishlar ochish boʻyicha takliflar bildirildi.
Oliy oʻquv yurtlarida taʼlim jarayonlarini raqamlashtirgan holda dekanatlar va boshqa maʼmuriy tuzilmalarni optimallashtirish masalasi ham muhokama etildi. Shu nuqtai nazardan, 1 sentabrga qadar oʻquv jarayonlarini toʻliq qayta koʻrib chiqib, yangi tizimni joriy etish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Keyingi asosiy masala bu – oliy taʼlimga qabul tizimini yanada adolatli qilish va davlat grantlarini iqtidorga yoʻnaltirish. Hozirgi qabul tizimi, kvotalarning taqsimlanishi raqobatni toʻliq taʼminlamayapti. Ayrim abituriyentlar yuqori ball toʻplasa-da, topshirgan oliygohining kvotasi soniga qarab, oʻqishga kirolmay qolishi mumkin.
Yangi tartibga koʻra, muayyan bir yoʻnalishga ajratilgan davlat granti doirasida yuqori ball toʻplagan abituriyent, tanlagan oliy taʼlim muassasasidan qatʼi nazar, davlat grantiga tavsiya etiladi. Yaʼni, yuqori ball olgan yoshlar oʻqishga kirmay qolmaydi.