Yevropa Ittifoqi ham Isroildan norozi
Isroil tomonining Xalqaro jinoyat sudiga tahdidiga javoban, Yevropa Ittifoqi keskin bayonot berdi.

Isroil tomonining Xalqaro jinoyat sudi – (XJS, (International Criminal Court) xodimlariga bevosita va bilvosita tahdidlariga javoban Yevropa Ittifoqi (YeI) keskin bayonot bilan chiqdi. YeIning tashqi siyosat idorasi vakili Peter Stano XJS va uning mulozimlariga qarshi qanday shakldagi tahdillar nomaqbul ekani va YeI buni maʼqullamasligini bildirdi. Toʻgʻri, bayonotda aynan Isroil nomi tilga olinmagan boʻlsada, bayonot matnining mazmun-mohiyatidan, gap yahudiy davlati haqidagi ketayotgani anglashiladi.
“Yevropa Ittifoqi XJS va Rim statutining mustaqil va toʻlaqonli faoliyat yuritishini himoya qilish maqsadida sobit turadi. Mazkur sud va uning mulozimlariga tahdidlar nomaqbul ish” deya X (sobiq Twitter)da “tvit” qoldirgan Peter Stano.
Stano oʻz postiga XJSning unga tahdidlar va mulozimlariga bosim orqali taʼsir qilishga urinish faktlari haqidagi bayonotini ham ilova qilgan.
Fevral oyida XJS prokurori Karim Xon, sud Gʻazo sektorida sodir etilgan barcha jinoyatlarni faol tekshirishda davom etayotganini bildirgan edi. U bir necha marta tomonlarni Gʻazoda urush qonunlari va odatlariga rioya etishga chaqirganiga qaramasdan, hozirgacha bu borada biror ijobiy oʻzgarish roʻy bermaganini qayd etgan.
Mojaroning sabablari
Maʼlumki, shu kunlarda Xalqaro jinoyat sudi Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu, Yoav Galant va Bosh shtab rahbari Xersi Xa-Levni qamoqqa olish haqida order berish arafasida turibdi.
The New York Times gazetasining maʼlum qilishicha, XJS Isroil mulozimlarini Gʻazo sektoridagi harbiy operatsiya bahonasida insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etishda ayblashlari mumkin. Shu bilan birga, Gʻazo sektoriga joʻnatilayotgan insonparvarlik yuklarini hududga kiritishga toʻsqinlik qilayotgani ham jinoyat sifatida koʻrib chiqilmoqda.
Soʻnggi paytlarda Isroilning Falastin aholisiga nisbatan oʻta adolatsiz qilmishlari va shafqatsiz xunrezliklari dunyoning turli chekkalaridagi xalqlarning ommaviy noroziliklariga sabab boʻlmoqda. Koʻp ming sonli namoyishlarga chiqqan faollar Isroildan falastinliklarga qarshi zulmi va genotsidini toʻxtatishni talab qilyapti. Albatta Isroil har doimgidek oʻzi taraf boʻlmagan (yaʼni undan tili qisiq boʻlmagan) insonlar va tizimlarni HAMAS hamkorlari deya ayblashda davom etmoqda. Masalan AQShning Kolumbiya universitetida boshlangan, bir necha kundan beri davom etayotgan talabalarning shu kabi norozilik piketlari Isroil jinoyatlariga befarq boʻlmaslikka undayapti. Yaqinda Fransiyada ham maktab oʻquvchilari shunday norozilik namoyishlarini boshlaganini maʼlum qildi. Garchi Fransiya prezidenti bu harakatlarni qoralab chiqqan boʻlsada, keng aholi qatlamlari ortiq Isroilning qonli “erkalik”lariga ortiq toqat qila olmasligini koʻrsatib qoʻymoqda.
Garchi Isroil hukumati bularga jiddiy eʼtibor bermasada, XJS kabi xalqaro huquqiy tizimning Isroil yetakchilarini Falastindagi insoniyatga qarshi jinoyatlari uchun hibsga olish haqida order berishga tayyorlanayotgani jinoyatchilarni qattiq tashvishga solib qoʻygan. Isroilning Maariv gazetasi anonim manbalarga tayangan holda shu haqda maʼlum qiladi.
Gazetada yozilishicha, Netanyahu va uning hamtovoqlari XJS orderini yoʻqqa chiqarish uchun jiddiy kirishgan. Netanyahu bir necha bor AQSh senatorlari va AQSh Prezidenti Jo Baydenga hamda boshqa Isroilga xayrixoh davlatlarning rahbarlariga qoʻngʻiroq qilib, sud prokurorlariga bosim oʻtkazishga urinyapti. Aniqrogʻi XJS rahbariyatiga qaroriga taʼsir qilishlarini talab qilyapti.
Ekspertlarning aytishicha, Isroilning bunday hatti-harakatlari xalqaro va mahalliy qonunchilik talablarining oʻta jiddiy buzilishi hisoblanadi. Axios nashrining maʼlum qilishicha, yahudiy davlati rahbarlari AQSh va geopolitik qudratga ega boshqa davlatlardan bevosita XJS prokurorlariga bosim oʻtkazishni soʻragani nomaqbul va jinoiy harakat hisoblanadi. Qolaversa, XJS ning maʼlum qilishicha, sud rahbariyati hamda prokurorlarining hayoti va faoliyatiga zarar berish borasidagi bilvosita tahdidlar paydo boʻlgan.
AQSh taʼsir qilishi mumkin
AQSh hukumati vakillari XJSning bunday order berishni rejalashtirayotgani haqida aniq maʼlumotga ega emasligini taʼkidlagan. Garchi AQShning Milliy xavfsizlik kengashi vakili Bayden va Netanyahu oʻrtasidagi telefon suhbatiga izoh berishdan bosh tortgan boʻlsada, Vashington XJSning yurisdiksiyasi Falastindagi mojaroga tatbiq etilmasligini bildirgan. AQSh tomonining taxmin qilishicha, Rim statutini imzolagan “ayrim” davlatlar hamda nodavlat tashkilotlar XJSni Isroilga qarshi qaror qabul qilishga majburlashmoqda.
Bundan avvalroq esa AQShning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild XJS orderi masalasiga izoh berar ekan, rasmiy Vashington XJS faoliyatiga aralashmasligi va uning qaroriga taʼsir qilishga urinmasligini maʼlum qilgan edi.
Kezi kelganda taʼkidlash lozim, garchi Isroil XJS aʼzosi boʻlmasada, uning yurisdiksiyasini tan olmasada, Falastin 2015 yilda ushbu tashkilotga aʼzo boʻlgan. Shuning uchun koʻpchilik ekspertlarning fikricha, XJS Falastin hududida roʻy bergan jinoyatlarni, ular qaysi shaxs yoki davlat tomonidan sodir etilganidan qatʼi nazar, tergov qilish va qaror chiqarish uchun toʻlaqonli yurisdiksiyaga ega.
Isroil bosh vaziri Netanyahu esa 26 aprel kuni birinchi marta XJSning order berishi ehtimoli haqida bayonot berganida, sudning bunga “jurʼat qilishiga yoʻl qoʻymasligi” haqida tahdid qilib, sudning bunday qadami “Isroilning oʻzini mudofaa qilish huquqiga putur yetkazishi”ni bildirgan edi.
XJS jurʼat qiladimi?
Netanyaxu va uning gumashtalarini Gʻazodagi jinoyatlar boʻyicha hibsga olish uchun XJS orderi imzolanishi vaqt masalasi xolos. Shu bilan birga, Isroil armiyasining Gʻazo sektorida davom ettirayotgan qilmishlaridan kelib chiqqan holda XJS Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant va Bosh shtab rahbari Xersi Xa-Levni ham qidiruvga berishi ham mumkin. Lekin amerikalik mulozimlar bu mojaroga jiddiiy aralashsa, siyosiy texnologiya usullari yordamida XJSning ehtimoliy qarori qabul qilinmasligi yoki bunday order berilgan taqdirda ham ushbu masala “absurd”ga aylanishiga muvaffaq boʻlishi mumkin.
Lekin XJS Isroil boshida turgan rahbarlarni qamoqqa olish haqida order bersa, bu Isroilning xalqaro maydondagi imiji va siyosiy obroʻsiga katta putur yetkazadi, uning boshqa davlatlarga (aniqrogʻi XJSga aʼzo 123 davlatga) chiqish ehtimolini keskin kamaytiradi. Chunki bu davlatlar Netanyahuni hibsga olishga majbur boʻladi.
Lekin order boʻlgan sharoitda ham XJS aʼzolari turli “qonuniy hiyla”lar orqali bu order ijrosini yoʻqqa chiqarsa (xuddi Putinga order berilgach, Janubiy Afrika Respublikasi, Indoneziya va Armaniston Rossiya prezidentini qamoqqa olmaslik yoʻlida “darcha izlagani kabi) shunday ham obroʻsizlanib borayotgan va jahondagi oʻtkir siyosiy-harbiy mojarolarni samarali hal qila olmasdan oʻz siyosiy ojizligini namoyon etayotgan BMT hamda boshqa xalqaro tashkilotlarning imijiga jiddiy zarba beradi. XJS qarorlarini bajarmaslik ham mumkin, degan salbiy pretsedent yaratiladi. Bu esa XJSning yagona huquqiy arbitr sifatidagi legitimligiga oʻnglanmas zarba beradi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, XJS genotsid, harbiy jinoyatlar, insoniyatga qarshi hamda agressiya bilan bogʻliq jinoyatlarga aloqador shaxslarni taʼqib qilish vakolatiga ega. Agar Isroil hukumati mulozimlarini hibsga olish haqida bunday order berilsa, XJSga aʼzo mamlakatlar ularni qamoqqa olishga majbur boʻladi. Zero XJSga aʼzo boʻladigan mamlakatlar Rim statutini imzolab, parlamentda ratifikatsiya qilishgach, XJS orderlarini ijro etish majburiyatini oʻz zimmalariga olishgan.
Hozirda Kanada, Avstraliya, deyarli barcha Yevropa hamda Latin Amerikasi davlatlari hamda ayrim Afrika davlatlari XJS aʼzosi hisoblanadi. AQSh esa Rim statutini imzolasada, keyin uni qaytarib olgan.
Postsovet davlatlaridan Tojikiston, Armaniston va Gruziya XJS aʼzosi hisoblanadi. Rossiya esa Rim statutini imzolagan, ammo ratifikatsiya qilmasdan, keyin uni qaytarib olgan. Belarus, Qozogʻiston va Turkmaniston, Rim statutini imzolamagan va ratifikatsiya qilmagan. Qirgʻiziston va Oʻzbekiston esa statutni imzolasada, ratifikatsiya qilmagan va tabiiyki, hozircha XJS aʼzosi hisoblanmaydi.
Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.