Oʻzbekistonning tashqi qarzi qancha?
Besh yil ichida tashqi qarz deyarli ikki barobar ortdi. Byudjet taqchilligi esa 2024 yilning birinchi choragidayoq 20 trillion soʻmni tashkil etgan.

Oʻzbekiston tashqi qarzi 2023 yilning oxiriga kelib 29,6 milliard AQSh dollariga yetdi. Bu 2022 yilga qaraganda biroz koʻp. Biroq xalqaro valyuta jamgʻarmasi yillik hisobotida Oʻzbekistonning davlat qarzini "moʻʼtadil" deya baholagan.
Darvoqe, Iqtisodiyot va moliya vazirligining rasmiy maʼlumotlariga koʻra Oʻzbekistonning davlat qarzi soʻnggi yilning toʻrtinchi choragida 31,9 milliard AQSh dollar koʻrsatkichiga ega. Tashqi qarz davlat umumiy qarzining katta ulushiga toʻgʻri keladi. Yaʼni 2023 yilning birinchi choragida 25,9 milliard AQSh dollar, ikkinchi choragida 25,8 milliard AQSh dollar, uchinchi choragida 26,1 milliard AQSh dollar, toʻrtinchi choragida 29,6 milliard AQSh dollarni tashkil etadi. Buning YaIMga nisbati mos ravishda 31.3%, 30.2%, 29.9%, 32.6% ga teng.
Tashqi qarz, asosan, davlat byudjetini qoʻllab-quvvatlash, yoqilgʻi-energetika sanoati, transport va transport infratuzilmasi, qishloq va suv xoʻjaligi, uy-joy kommunal xoʻjaligi, tadbirkorlik faoliyati va sanoat ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash, sogʻliqni saqlash, taʼlim, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari kabi sohalarga yoʻnaltirilgan.
Davlat tashqi qarzi 5 yillik davrda:
- 2019 yilda - 15.7 milliard AQSh dollar;
- 2020 yilda - 21.1 milliard AQSh dollar;
- 2021 yilda - 23.6 milliard AQSh dollar;
- 2022- yilda - 25.9 milliard AQSh dollar;
- 2023- yilda - 29.6 milliard AQSh dollar.
Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekistonga tashqi qarz Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Islom taraqqiyot banki kabi xalqaro moliyaviy institutlardan jalb qilingan va buning ijobiy tomoni ularda stavkalar nisbatan past ekanligi bilan xarakterlanadi.
2023 yilning 1 iyul holatiga koʻra davlat tashqi qarzi kreditorlari kesimida Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Fransiya, Rossiya va boshqa davlatlar oʻrin olgan.
Qarzning qaytarilish jarayoni qanday?
Finlit.uz saytining maʼlumotiga koʻra qarzning asosiy miqdoridan foydalanish evaziga qarz shartnomasiga amal qilish davrida qarz oluvchi tomonidan qarz beruvchiga hisoblangan ustama koʻrinishida foiz toʻlovlari hamda qarzni qaytarish jadvaliga muvofiq asosiy miqdor toʻlovlari amalga oshiriladi. Bunda tahliliy maqsadlarda tashqi qarzlar muddatlari boʻyicha qisqa (soʻndirilish muddati 1 yilgacha boʻlgan) va uzoq muddatli (soʻndirilish muddati 1 yildan uzoq boʻlgan) qarzlarga tasniflanishi mumkin.Tahlilan...
Tashqi qarz kelajak hayotda aholi yelkasiga yuk boʻladi, deya kuyinayotganlarga Oʻzbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim qilgan maʼlumotga asosan 2024 yilning birinchi choragida davlat byudjeti taqchilligi qariyb 20 trillionni tashkil qilgani goʻyo dard ustiga chipqondek tuyiladi. Gap shundaki, "Davlat budjeti haqida"gi qonunga koʻra 2024 yil uchun byudjet daromadlari 270.4 trillion soʻmni, xarajatlar esa 280.7 trillion soʻmni, yaʼni 10 trillionlik taqchillikni tashkil etishi prognoz qilingan edi. Biroq natija kutilmagandek: prognozdagi 10 trillionlik taqchillik va 2024 yilning birinchi choragidayoq 20 trillion soʻmlik taqchillik. Iqtisodchi Jamshid Muslimovga koʻra "U yoki bu moliyaviy reja katta surʼatda meʼyordan oshayotgan boʻlsa, bunga ikki xil sabab bor: yo kutilmagan hodisalar ( masalan, pandemiya, tabiiy ofatlar, har xil siyosiy vaziyatlar, deylik, urush), yo daromadlar kamayib ketishi yoki xarajat koʻpayishiga parallel ravishda daromad koʻrsatkichlarining ham pasayishi. Agar jiddiy oʻzgarish sodir boʻlmay, defitsit ortib borayotgan boʻlsa, demak, chigallik rejalarda yoki rejalash toʻgʻri boʻlganu, ijroda muammo bor".
Agar defitsit ortib borsa, nima boʻladi?
Davlat yo ichki, yo tashqi qarzga murojaat qiladi. Davlat qarzi - bu xalqning qarzi. Uning soʻndirilishi soliqlar, jarimalar hisobiga boʻlsa, ijtimoiy foyda chogʻroqqina miqdorga tushib qolishi aniq. Xoʻsh, bunday vaziyatda nima muvofiq chora boʻla oladi? Iqtisodchi Jamshid Muslimovga koʻra Oʻzbekistonning jahon bozorida oʻz oʻrnini qatʼiy topib olishi muhim. Tabiiy gaz, paxta kabi resurslarni tashqariga chiqarish samarasiz, chunki ularning narxi keskin tushib, keskin koʻtariladi. Agar texnologik ixtisoslashgan tizimga ulansak, u yerda uzoq muddatli shartnomalar ishlashi hisobiga Oʻzbekiston kafolatlangan savdoga ega boʻladi. Tasavvur qiling: litiy qazib olindi. Endi uni darrov sotib yuborishga shoshilmaslik kerak. Litiydan qimmatbaho akkumulyatorlar yasaydigan zavodlarni Oʻzbekistonda qurgan maqbul, chunki bu yoʻl ishlab chiqarilgan mahsulotni qimmatga sotish, boʻsh ish oʻrinlarini yaratish, mutaxassislashgan global tizimga ulanish bilan nihoyalanadi. Bunda logistik masalaga ham ahamiyat berish shart.
Xullasi kalom, byudjet shunday bir doiraki, uning teng yarmida daromad tursa, ikkinchi boʻlagi xarajatlarga taalluqli. Demak, tashqi qarz qoʻrqinchli emas. Zero biror mamlakatga qarz berayotgan davlatlar oʻz nomiga investitsiya jalb qilayotgan tomonning iqtisodiy ahvolini inobatga olgan holda qaror qabul qiladi. Ammo tashqi qarzning qanday soʻndirilishi, chindan ham, hafsala bilan oʻylashni talab qiladigan jihat.
Soʻgʻdiyona Sobirova