platina.uz
Jahon

Kasparovning asl qiyofasi: vatani, oilasi va muxlislarini sotgan shaxmatchi

Garri oltin qoidani pisand qilmayotgani tushunmovchiliklar keltirib chiqarayotgan boʻlsa ehtimol...

Kasparovning asl qiyofasi: vatani, oilasi va muxlislarini sotgan shaxmatchi

Joriy yilning 24 aprel kuni Rossiyaning Siktivkar shahar sudi Garri Kasparovni terrorchilik jamiyatini tuzish, terrorchilik faoliyatini moliyalashtirish va ommaviy ravishda terrorchilikka chaqiriqlar kabi ayblovlar bilan sirtdan qamoqqa oldi.

U bilan birga Ozod Rossiya forumi siyosiy harakatining boshqa aʼzolari – Ivan Tyutrin, Yevgeniya Chirikova va Gennadiy Gudkov ham sirtdan qamoqqa olingan.

Biroq OAV bu hodisani forumning 2023 yil noyabr oyida Ukraina uchun urishayotgan rus koʻngillilarini qoʻllab-quvvatlash uchun kimoshdi savdosi oʻtkazganiga jazo sifatida baholashmoqda

Who is Mr. Kasparov?

Garri Kasparovni hozirgi avlod siyosatchi va jurnalist sifatida biladi. Biroq yaqin oʻtmishda uning nomi faqat shaxmat bilan bogʻliq holda tilga olinar edi.

Garri Kasparov grossmeyster, 1985 yilda amaldagi chempion Anatoliy Karpovni magʻlub etib, shaxmat boʻyicha 13-jahon chempioni boʻlgani, yana koʻplab nufuzli shaxmat musobaqalarida gʻolib chiqqani bilan mashhur. Hozir xorijda yashaydi. Amaldagi Rossiya hukumatiga qarshi siyosiy faoliyati va bayonotlari bilan tilga tushgan.

Kasparov 1963 yilda Ozarbayjon SSR poytaxti Boku shahrida, yahudiy ziyolisi Kim Moiseyevich Vaynshteyn oilasida tugʻilgan. Otasi barvaqt vafot etib ketgani bois yosh Garik Vaynshteyn onasi Klara, bobosi Shagen va oʻsha paytdagi Togʻli Qorabogʻda tugʻilgan buvisi Syuzannaning toʻliq taʼsiri ostida tarbiyalangan. Shaxmat boʻyicha taʼlim va tarbiyani esa mashhur shaxmatchi chempion Mixail Botvinnik maktabida olgan.

Anatoliy Karpov va Garri Kasparovning jahon chempioni “toji” uchun kurashlari sport tarixidan munosib oʻrin olgan.

Boʻlajak jahon chempionining yahudiy qarindoshlari darhol bolani tarbiyalashdan chetlashtirildi. Garik butunlay armancha tarbiya oldi. “Armanlarning hamma xalqlardan buyukroq va qadimiyroq” ekani, “turklar va umuman turkiy xalqlar dunyodagi eng yovuz xalqlar” ekani haqidagi safsatalar unga yoshligidan singdirib borildi. Ayniqsa, Ozarbayjon va Turkiyaga nisbatan nafrat tuygʻusi bilan oʻsdi.

Garri Kasparovning "haqiqiy arman" sifatida yakuniy shakllanish jarayoni uning familiyasini oʻzgartirish bilan yakunlandi. 13 yoshida Garrik Vaynshteyn – Garri Kasparovga aylandi. Hozir vafot etgan Klara Shagenovna Kasparova keyinchalik bu qarorni Garrining ustozlaridan biri, jahon chempioni Mixail Botvinnikning doʻstona maslahati bilan izohlagan. Uning soʻzlariga koʻra, afsonaviy sovet grossmeysteri unga Vaynshteyn kabi yahudiy familiya bilan Garik hayotda qiynalishi mumkinligini, bu familiya bilan hech qachon jahon chempioni boʻla olmasligini uqtirgan emish.

Lekin oradan bir necha yil oʻtgach, Mixail Botvinnikka "Shaxmatda yarim asr" kitobini yozishda yordam bergan isteʼdodli sovet essechisi Yuriy Zerchaninov Mixail Moiseyevichdan Kasparovning onasi aytgan voqea qanchalik haqiqat ekanini soʻragan. Botvinnik bunga shunday javob bergan: "Doʻstim, men nafaqat yahudiyman, balki ortodoks ravvinning (ruhoniysi) nabirasiman!.. Nima deb oʻylaysiz, men shunday deyishim mumkinmi?!.."

Siyosiy faoliyatining boshlanishi

Kasparov 2005 yilda shaxmat sportidagi faoliyatini yakunlaganini eʼlon qildi. Bundan buyon oʻzini siyosatga bagʻishlashini aytdi.

Aslida grossmeystrning siyosat dunyosiga kirib kelishi uzoq 1984 yilda – u SSSRdagi yagona va hukmron partiya – KPSSga qabul qilinganida boshlangan. Kasparov bir yillik nomzodlik davrini oʻtamasdan partiyaga oʻtgan, chunki oʻsha paytda respublika rahbari boʻlgan Haydar Aliyevning koʻrsatmasi unga koʻmak bergan.

Garri Kasparov Ozarbayjon SSR rahbari Haydar Aliyev bilan suhbat chogʻida.

Kasparov 1990 yilda Togʻli Qorabogʻ va arman-ozarbayjon toʻqnashuvlari boshlanganida oilasi bilan Moskvaga koʻchib oʻtdi. Keyinchalik u bu voqealarda SSSR rahbari Mixail Gorbachev va SSSR maxsus xizmati KGBni ayblab chiqdi. Shu yili u KPSS safidan chiqqan.

Togʻli Qorabogʻ masalasida Kasparov toʻliq armanlar tarafida boʻldi. Bir paytlar tuz ichgan va tugʻilgan joyi – Ozarbayjonni qoralab chiqdi. Arman qoʻshinlari Togʻli Qorabogʻni bosib olib, bu yerda bir necha asrdan beri yashab kelayotgan minglab ozarbayjonlar koʻchib ketishlari uchun cheklangan vaqt berishganiga ham, ozarlar hech narsalarini olishga ulgurmay, jonini hovuchlab qochishganiga ham, arman millatchilari ozarbayjonliklarni xoʻrlab oʻldirishganiga ham “koʻz yumdi”. Boshqa armanlar kabi u bitta gapni toʻtiqushdek takrorlab, “Armanlarni turklar genotsid qilgan. Armanlar buyuk, ammo jafokash xalq, ular nimaiki qilishmasin, doimo haq” , deyishdan nariyogʻiga oʻtmadi.

Kasparov ozarbayjonlar uni oʻz yurtdoshlari deb doimo muxlislik qilishlari va hukumat darajasida yordam berib kelishganini ham oson unutdi.

Shaxmat boʻyicha uch karra jahon chempioni Anatoliy Karpov keyinchalik chin dildan gʻazablanib shunday soʻzlarni aytgan:

“...U (Garri Kasparov – muallif) Ozarbayjondan olgan yordamni unga boshqa hech kim bera olmagan. Men faqat taxmin qila olaman, lekin menimcha, u Ozarbayjondan men butun umrim davomida olganimdan koʻproq narsani olgan. Hamma Kasparovni yoqtirar edi; uning imkoniyatlari cheksiz edi. Shundan keyin ham noshukurlik qilish mumkinmi?! Bu toʻgʻri emas! Axir uning ortida Ozarbayjon turardi!..”

FIDE – Xalqaro shaxmat federatsiyasi sobiq prezidenti Kirsan Ilyumjinov ham xuddi shunday ruhda gapirgan:

“Unutmaylikki, aynan Ozarbayjon Garri Kasparovni tarbiyalagan. Agar Haydar Aliyevning gʻamxoʻrligi boʻlmaganida, Kasparov hech qachon jahon chempioni boʻla olmasdi. Ha, sportdagi mahorat koʻp narsani hal qiladi, lekin hamma narsani emas. Agar sizga kerakli eʼtibor va gʻamxoʻrlik berishmasa, katta gʻalabalar haqida orzu qilish juda qiyin."

Jahon chempioni Garri Kasparov ozarbayjon xalqining mehr-muhabbatiga, shaxmat sanʼatining yuz minglab muxlislari qoʻllab-quvvatlashiga, Ozarbayjon xalqi yetakchisining otalarcha gʻamxoʻrligi va etiboriga nomunosib javob berganini tan olishimiz kerak...

Muxolifatmashhurlik sari yoʻl

Garri Kasparov siyosatga kirishini eʼlon qilgach, tavakkalchilik katta, ammo mashhur boʻlishga osonroq yoʻlni tanladi – muxolifat yoʻliga oʻtdi. Avval “Birlashgan fuqarolik fronti” raisi boʻldi. 2008 yilda esa “Solidarnost” (Birdamlik) Birlashgan demokratik harakatining federal byurosi taʼsischilaridan biri va aʼzosi boʻldi. 2011 yilda Inson huquqlarini himoya qilish fondiga yetakchilik qildi. 2012 yil oktabr oyida Rossiya muxolifati muvofiqlashtiruvchi kengashiga saylandi. 2013 yilda esa “Putin rejimi” bilan kurashni davom ettirish maqsadida Rossiyadan chiqib ketishini eʼlon qildi. 2014 yilda u Xorvatiya fuqaroligini oldi. 2016 yilda Ozod Rossiya forumining hammuassislaridan biriga aylandi.

Garchi Kasparov inson huquqlari va adolat degan jimjimador va jarangdor soʻzlardan qurol sifatida foydalanib siyosat olamida “javlon ursa”da, arman-ozarbayjon mojarosi borasida bu tushunchalarni “vaqtincha esdan chiqardi”.

Ha, toʻgʻri, vaziyat juda ogʻir, xavotirli edi - etnik asosda toʻqnashuvlar, Armaniston bilan birlashish talablari bilan Togʻli Qorabogʻ avtonom viloyatida arman separatizmining kuchayishi, Ozarbayjon yerlarining armanlar tomonidan bosib olinishi juda mushkul ahvolga soladi.

Voqealarning bunday kuchli bosimi va oʻzgaruvchan vaziyatlar taʼsirida oʻz pozitsiyasini aniqlash, albatta, oson emas. Biroq, ozarbayjonlik ekspertlarning xafa boʻlib yozishicha, agar Kasparov hech boʻlmasa jim turishni va chetga chiqishni maʼqul deb bilganida edi, Armanistondagi qabiladoshlari ham, Ozarbayjondagi doʻstlari ham uni tushunishlari mumkin edi.

Biroq Kasparov Ozarbayjonga bir chelak tuhmat yogʻdirib, vatandagi arman mafkurachilari tomonidan oʻylab topilgan nafrat va ksenofobiya klishelarini muntazam ravishda takrorlashdan charchamadi.

Kasparov 2020 yil 13 oktabrda “Exo Moskvi” studiyasiga bergan intervyusida 1988 yilda Sumgait, Ganja va Bokuda sodir boʻlgan voqealarni armanlarga moyillik bilan izohlar ekan, ozarbayjonlarning Armanistondagi Kafan, Massist, Megri tumanlaridan ommaviy quvgʻin qilinishiga sabab boʻlgan haqiqatni ataylab yashirdi.

Kasparov nafaqat armanlarning "vahshiyliklari va “pogrom”lari" haqida, balki Boku va Sumgaitda deyarli har ikkinchi ozarbayjon oilasi oʻz farzandlarining hayotini xavf ostiga qoʻyib, yuzlab arman oilalarini qirgʻinlardan qutqarib qolgani va xavfsiz hududlarga chiqib ketishga yordam bergani haqida ham sukut saqladi.

Ajablanarlisi yeri shundaki, Garri Kasparov Inson huquqlarini himoya qilish xalqaro jamgʻarmasi rahbari sifatida koʻr-koʻrona va oʻz xohishiga koʻra bir haqiqatni bostirishi, boshqasini yakuniy haqiqat sifatida koʻrsatishi, bir xalqni tahqirlashi va ikkinchisini yuksaltirishi odatiy holga aylandi.

Kasparovning oʻzi jihatlarni Miassin bilan oʻtkazgan intervyusida tan oldi: "...Men armanlarning Qorabogʻ uchun adolatli kurashida yordam berish uchun qoʻlimdan kelgan barcha ishni qildim", deb taʼkidlagan Kasparov bu suhbatda.

Muhojirlik arafasida...

Tan olish kerak, Rossiya hukumati 2010 yilgacha bir qadar demokratiya va matbuot erkinligini imitatsiya qilishga muvaffaq boʻldi. Xalq hayoti avvalgidan koʻra farovon, qonunlar va ular ijrosini taʼminlash deyarli Gʻarb standartlariga yaqinlashib borayotgan edi. Biroq 2011-2012 yillarga kelib Rossiya demokratiyasi “osmoniga qora bulutlar” chiqa boshladi. Milliy oʻzlikka qaytish, aslida esa oʻtmishda qolgan “shonu shavkatli” imperializm va mustamlaka davrlarini qoʻmsash tuygʻulari kuchaya boshladi. Hukumat belgilab bergan yoʻldan yurishni istamagan hur fikr siyosatchi hamda jurnalistlar, umuman oʻz ovoziga ega har qanday jamiyat faollari taʼqib ostiga olina boshladi. SSSRdan qolgan illat – Gʻarb va demokratiya bilan bogʻliq hamma narsaga shubha bilan qarab, rad etish, rus millati va davlatchiligini hammadan ustun qoʻyish kayfiyati – shovinizm bosh koʻtara boshladi. Bu tendensiya hukumat miqyosida, xususan, Putin tashabbusi bilan qoʻllab-quvvatlandi.

2012 yil 21 fevral kuni rossiyaning feminist pank-rok-guruhi Pussy Riot “Bibi Maryam, Putinni hayda!” mavzusida “pank-ibodat” tadbiri oʻtkazdi. Jamoaning barcha aʼzolari bezorilikda ayblanib qidiruvga berildi va keyinchalik qoʻlga olindi. 2012 yil 17 avgustda badiiy guruh aʼzolari Moskvaning Xamovniki tumani sudi tomonidan “diniy nafrat asosida bezorilik qilishda” aybdor deb topildi va 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Bundan norozi boʻlgan jamoatchilik vakillari sud binosi oldiga yigʻilishdi. Politsiya ularni tarqatishga urinib, qarshilik qilganlarni qoʻlga ola boshlagan.

Olomon orasida boʻlgan Garri Kasparov ham boshqa izdoshlari bilan birga qoʻlga olinib, politsiya avtobusi tomon sudralgan. Shu paytda, politsiyaning iddao qilishicha, Garri Kasparov politsiya xodimi – praporshchik Denis Ratnikovnng qoʻlini tishlab olgan.

Garri Kasparov qoʻlga olinish jarayonida.

Biroq Kasparovning oʻzi buni rad etdi. “Men tishlamadim, balki politsiyaning xizmat iti tishlab olgandir”, deya koʻrsatma berdi. Ammo politsiya vakili "Kasparovning tishlari va uning xizmat itlarining tishlarini qiyosiy tekshiruvdan oʻtkazishga" tayyorligini bildirishi bilanoq, muxolifatchi shoshilinch ravishda Rossiyani tark etdi.

Tabiiyki, "siyosiy taʼqiblar" tufayli.

Kasparov Rossiyadan chiqib ketgach, oʻzini siyosiy dissident deb qabul qilishlarini istagan koʻrinadi. Har holda u Rossiya va Putinga qarshi bergan koʻplab bayonotlar shundan darak beradi.

Kasparovni Ozarbayjon hududida separatizm va terrorizmni targʻib qilgan va daʼvat qilgani uchun rasmiy Baku unga qarshi jinoiy ish qoʻzgʻatishdan tiyilgan doim. Buni Kasparovning oʻzi ham bir necha bor tan olgan.

Lekin Rossiya sud tizimi Kasparovga boshqa imkoniyat berishni istamadi, shekilli. Kasparov yetakchilik qiluvchi Ozod Rossiya forumi 2023 yil noyabr oyida Ukraina uchun urishayotgan rus koʻngillilarini qoʻllab-quvvatlash uchun kimoshdi savdosi oʻtkazgani Rossiya hukumatining sabr kosasini toʻldirdi. Natijada Rossiyaning Siktivkar shahar sudi Garri Kasparovni terrorchilik jamiyatini tuzish, terrorchilik faoliyatini moliyalashtirish va ommaviy ravishda terrorchilikka chaqiriqlar kabi ayblovlar bilan sirtdan qamoqqa olish haqida hukm chiqardi.

Ayrim maqolalarda iddao qilinishicha, Kasparov oʻz familiyasini oʻzgartirib, avval otasining xotirasiga, Qorabogʻ voqeasida xolis boʻlmasdan ozarbayjonliklar muhabbatiga, unga Kasparov boʻlib yetishishiga katta yordam bergan Haydar Aliyevning ishonchiga, unga hamma narsani bergan Rossiyaga xiyonat qildi.

Biroq tanganing ikkinchi tarafi ham bor. Siyosiy muxolifat faoliyati demokratik qonunlarda taqiqlanmagan. Biroq hamma oʻyinning ham oʻz qoidalari bor. Aytaylik, futbol basketbol qoidalari bilan oʻynalmaydi. Biroq Garri Kasparov oʻzini inson huquqlari himoyachisi va demokratik qadriyatlar tarafdori, deya taqdim etar ekan, insoniylikka xos tenglik va adolat tamoyillariga amal qilmayotgani kuzatuvchilarni taajjublantiradi. Chunki insoniylik faqat bir millatga xos boʻlmaydi. Inson huquqlari hamma xalq va elatlar uchun, har bir inson uchun barobar. Bir xalqni boshqasidan ustun qoʻyish yoki oʻz mafkurasiga boʻysungan holda noxolis yondashish maqbul ish emas. Kasparov mana shu oltin qoidani pisand qilmayotgani tushunmovchiliklar keltirib chiqarayotgan boʻlsa ehtimol...

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid