Ichki ishlar endi zoʻravonlar roʻyxatini tuzadi
Bunda asosiy eʼtibor taʼlim va mehnat munosabatlariga qaratiladi.

Ichki ishlar organlari taʼlim va mehnat munosabatlarida zoʻravonlik qilgan shaxslarning roʻyxatini tuzib chiqadi. Bu haqda prezidentga qilingan taqdimotda aytildi.
Bunda himoya orderini berish bilan bir vaqtda zoʻravonni tuzatish dasturi ishlab chiqiladi va “Inson” markazi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi. Ichki ishlar organlari zoʻravonlarning reyestrini yuritish tartibini joriy etadi.
Zoʻravonlikka uchragan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar standarti ishlab chiqiladi. Bu sohada nodavlat notijorat tashkilotlari rivojlantiriladi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlum qilishicha, jamiyatda har uch ayoldan biri zoʻravonlikning muayyan shakliga uchramoqda. Shuning uchun rivojlangan davlatlarda bunday shaxslarga tezkor psixologik, tibbiy va huquqiy yordam koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan.
Oʻzbekistonda tazyiq va zoʻravonlikka uchragan ayollarga mahalla darajasida koʻrsatiladigan xizmatlar yoʻq, tuman darajasidagi amaliy yordam sifati ham yuqori emas, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Shu bois zoʻravonlik holatlarida ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishning 3 bosqichli yangi tizimini joriy etish taklif qilinmoqda. Unga koʻra, mahalla darajasida ijtimoiy xodim, profilaktika inspektori va xotin-qizlar faoli tazyiq holatini oʻrganib, doimiy kuzatib boradi. Tuman miqyosida “Inson” markazlarida himoya orderi talab qilmasdan psixologik, huquqiy va boshqa turdagi ijtimoiy xizmatlar koʻrsatiladi. Shifoxonalarning shoshilinch boʻlimlarida birlamchi koʻmak xonalari tashkil etiladi.
Viloyat darajasida reabilitatsiya markazlarida ariza talab etmagan holda ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish shartnomasiga muvofiq 6 oygacha boshpana va chuqur reabilitatsiya qilish uchun psixologik va huquqiy xizmatlar koʻrsatiladi.