Gruziya bosh vaziri AQShga tashrifini bekor qildi
Bunga "xorijiy agentlar" boʻyicha qonun loyihasi sabab boʻlgan. Xabarlarga koʻra, AQSh tomoni loyihani toʻxtatib turishni soʻragan.

Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze AQShga safarini bekor qildi, chunki Amerika tomoni xorijiy agentlar haqidagi qonun loyihasini koʻrib chiqishni toʻxtatib turishni talab qilgan. Bu talqin Gruziya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan aytilgan.
Bir kun avval AQSh Gruziya hukumatining yuqori martabali vakillarini mamlakatga tashrif buyurishga taklif qilganini eʼlon qilgan, biroq ular rad javobini bergan. Gruziya Tashqi ishlar vazirligi matbuot-relizida: "Tashrifni maʼlum shartlar bilan oʻtkazish oʻzaro hurmat va oʻzaro ishonchga asoslanishi kerak boʻlgan sheriklik ruhiga toʻgʻri kelmaydi", deyiladi.
Eslatib oʻtamiz. 1 may kuni "Chet el taʼsirining ochiqligi toʻgʻrisida"gi qonun loyihasi Gruziya parlamenti tomonidan ikkinchi oʻqishda qabul qilindi. Yigʻilish vaqtida bino yaqinida norozilik mitingi boʻlib oʻtdi, politsiya uni suv purkagichlar va koʻzdan yosh oqizuvchi gaz bilan tarqatdi. AQSh elchixonasi namoyishchilarni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Eslatib oʻtamiz, xorijiy agentlar boʻyicha qonun tanqidchilari Gruziyani Rossiya yoʻlidan ketishda ayblamoqda. Rossiyada mazkur qonun asosida tanqidiy fikr bildiruvchilar xorijiy agent deya eʼlon qilinadi.
Gruziyadagi norozilik namoyishlarida sakkiz kishi jabrlangani ham xabar qilingandi.