platina.uz
Iqtisod

Uy-joyini yaxshilashga muhtoj boʻlganlarga 120 million soʻmgacha kredit beriladi

Subsidiyalar ajratish yuzasidan arizalar tasdiqlangan 2024 yilning 15 mayidan 1 noyabriga qadar qabul qilinadi.

Uy-joyini yaxshilashga muhtoj boʻlganlarga 120 million soʻmgacha kredit beriladi

“2024 yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF-70-son, 30.04.2024 y.) qabul qilindi.

Farmonga koʻra, bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturi (Dastur) doirasida, quyidagilar amalga oshiriladi:

- hududlarda 100 mingta kvartiradan iborat boʻlgan koʻp qavatli uy-joylar quriladi;

- qurilish tashkilotlariga bozor tamoyillari asosida ajratilgan kreditlar boʻyicha kompensatsiya va kafilliklar icha taqdim etiladi;

- koʻp qavatli uy-joylar qurish jarayonlariga “yashil” uy-joy standartlari joriy qilinadi;

- ipoteka kreditlarini moliyalashtirishga kamida 17 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi;

- kambagʻallikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan shaxslarga yakka tartibdagi uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash uchun 120 million soʻmgacha ipoteka kreditlari ajratiladi.

2024 yil 1 iyundan “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida Kambagʻallikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan shaxslarga ipoteka kreditlarini ajratish amaliyoti joriy etiladi.

Bunda:

- ipoteka kreditlari 120 million soʻmgacha miqdorda, 20 yilgacha muddatga, Markaziy bankning asosiy stavkasidan toʻrt foiz bandga yuqori stavkada yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash maqsadlari uchun ajratiladi;

- ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun – ajratiladigan kreditning 15 foizi miqdorida hamda foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun – kredit muddatining birinchi 5 yili davomida 12 foizdan oshgan qismiga subsidiya toʻlanadi.

Dastur doirasida subsidiyalar toʻlashning amaldagi tartibiga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritiladi:

- subsidiyalar ajratish yuzasidan arizalar tasdiqlangan parametrlar doirasida 2024 yilning 15 mayidan 1 noyabriga qadar qabul qilinadi;

- 2024 yilgi Dastur doirasida ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar – 12 foizdan oshgan qismiga, 2025 yil va undan keyingi yillar Dasturlari doirasidagi kreditlar boʻyicha esa – Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshgan qismiga toʻlanadi;

- birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun ajratilgan ipoteka kreditlari boʻyicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar – 2024 yilgi Dasturdan boshlab qatʼiy belgilangan 30 million soʻm miqdorida toʻlanadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid