"Odnoklassniki"da taqiqlangan materiallarni tarqatgan shaxs uch yilga qamaldi
Shuningdek, Fargʻona viloyat sudi instansiyasida 9 yilga hukm etilgan ayblanuvchi ishi koʻrildi. U terrorizmni moliyalashtirish va terroristik tashkilotga qoʻshilishga urinishda ayblangandi.

"Odnoklassniki" tarmogʻida aqidaparastlik mazmuniga yoʻgʻrilgan taqiqlangan materiallarni tarqatgan shaxs uch yilga qamaldi. Jinoyat ishlari boʻyicha Uzun tumani sudi binosida surxondaryolik fuqaroga sud hukmi oʻqildi. Sud hujjati Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Maʼlum boʻlishicha, sudlanuvchi "Odnoklassniki" tarmogʻida profil yaratib, 2022 yilning 10 yanvaridan 2023 yilning 30 noyabrigacha Abdulloh Zufar, Abu Muoviya, Sodiq Samarqandiy va boshqalarning jihod, hijrat va shahidlik mazmunidagi materiallarini tarqatgan. U tarmoqda 967 ta virtual doʻsti va 127 nafar obunachilari mavjud boʻlgan. Bundan tashqari ayblanuvchi Youtube tarmogʻida ham shunday mazmundagi videolarni tomosha qilib, ularga klass belgisini bosgan.
Sudlanuvchi jarayonda oʻz aybiga iqrorligini bildirdi, shuningdek, sudda guvohlar va ashyolar oʻrganilganda, dalillar oʻrganilganda uning aybi oʻz tasdigʻini topgani maʼlum qilingan. Yakuniy hukmga koʻra, ayblanuvchi JKning 244-moddasi, "g" bandi, va JKning 57-moddasini qoʻllagan holda uch yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, Fargʻona viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining taftish instansiyasida aqidaparastlikda ayblanib, avval 9 yilga hukm qilingan Xxx ning ishi koʻrib chiqildi. Xxx dastlab 2022 yil mayda Fargʻona shahar sudi tomonidan 9 yilga hukm etilgan. Fargʻona viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining 2022 yil 28 iyuldagi ajrimi bilan sud hukmi oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Sudning hukmiga koʻra, Xxx 2020 yil dekabr oyida “Telegram” messenjeri orqali “JTM” kanaliga aʼzo boʻlib, ushbu kanalda dastlabki tergovda Istanbul shahrida yashovchi, Iroq, Suriya va Afgʻoniston davlatlarida faoliyat olib borayotgan “Islom davlati” xalqaro terroristik tashkiloti tarafdori boʻlgan “Ali” ismli shaxs bilan tanishgan. Soʻngra, Oʻzbekiston hududida faoliyati taqiqlangan “Islom davlati” xalqaro terroristik tashkiloti safiga borib qoʻshilishni rejalashtirgan. Bundan tashqari u tanishi M.Jumanboyevning nomiga rasmiylashtirilgan plastik kartasiga 15.000.000 soʻm pullarni yuborib, terrorizmni moliyalashtirgan.
Xxx Istanbulda boʻlib kelgandan soʻng, “Islom davlati” xalqaro terroristik tashkiloti aʼzosi Xxx va boshqalar bilan aloqa oʻrnatib, ular bilan Andijon va Qoʻqon shahridagi choyxonalarda yigʻinlar tashkil qilgan.
Himoyachining shikoyatida Xxxning yoshligi va ruhiy holati buzilgani sababli harakatlarini oqibatini tushunmagani, ruhiy kasalligi, salomatlik holati, jazoni ijro etish muassasi tomonidan ijobiy tavsiflangani, tuzalish yoʻliga oʻtganini inobatga olib, JKning 57-moddasini qoʻllash haqida vaj keltirgan boʻlsa-da, taftish instansiyasi uning ushbu vajlari mavjud qoida va dalillarga mos kelmagan. Natijada Xxxga chiqarilgan hukm oʻzgarishsiz qoldirildi.