BMT: Rossiya Ukrainaga Shimoliy Koreya qurollari bilan zarba berdi
Jumladan, joriy yilning 2 yanvarida "Xvason-11" raketasi bilan Xarkovga hujum qilingan.

Reuters agentligining xabar berishicha, BMT ekspertlari Xavfsizlik kengashiga Ukrainaga qarshi Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan ballistik raketalardan foydalanilganini tasdiqlovchi hisobot yuborgan.
Hisobot matni bilan tanishgan agentlik jurnalistlarining yozishicha, gap Xarkovda joriy yilning 2 yanvarida portlagan "Xvason-11" raketasiga tegishli.
BMT ekspertlari mustaqil manbalardan raketa aynan qayerdan uchirilgani va buni kim amalga oshirganini tasdiqlay olmaganliklarini yozishmoqda. Biroq Ukraina rasmiylari ularga raketa Rossiyadan uchirilganini koʻrsatuvchi maʼlumotlarni taqdim etgan.
Mutaxassislarning qayd etishicha, agar KXDRdan Rossiyaga raketa joʻnatilgani tasdiqlansa, bu BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan 2006 yilda yadroviy dasturni ishlab chiqish va ballistik raketalar ishlab chiqarish uchun Pxenyanga nisbatan kiritilgan sanksiyalarning buzilishi boʻladi.
Mart oyida Rossiya BMT Xavfsizlik kengashida Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalarga rioya etilishini nazorat qiluvchi ekspertlar guruhining mandatini uzaytirish uchun ovoz berishda veto huquqidan foydalangan. Bu ekspertlar guruhi faoliyatining toʻxtatilishiga olib keladi, garchi sanksiyalar rejimining oʻzi rasman bekor qilinmagan boʻlsa ham.
Gʻarb davlatlari va Ukraina Shimoliy Koreya Rossiyaga katta miqdorda oʻq-dorilar – artilleriya snaryadlari va ballistik raketalarni yetkazib berishini aytishgan. Moskva Shimoliy Koreya qurollarini sotib olganini rad etadi.
AQSh rasmiylari Rossiya Xarkovga hujum qilishda Shimoliy Koreya raketalaridan foydalanganini birinchi boʻlib eʼlon qilgandi.
Fevral oyida Ukraina Xavfsizlik xizmati oʻtgan yil oxiridan beri Rossiya harbiylari Ukraina hududiga Shimoliy Koreyaning 20 dan ortiq quroli bilan zarba berganini eʼlon qilgandi.
Shimoliy Koreya raketalari qoʻllanilgan hujumlar natijasida kamida 24 nafar tinch aholi vakili halok boʻldi, yuzdan ortiq tinch aholi vakillari ogʻir yaralandi, deyiladi departament.