Buxoro hokimi bayram uchun yarim milliard soʻmdan oshiq pul ajratdi
Toshkentda boʻlib oʻtgan "Navroʻz" bayramida qatnashgan viloyat ijodiy guruhining xarajatlari va viloyatdagi bayram uchun 533,7 million soʻm beriladi.

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovning pul ajratish toʻgʻrisida farmoyishi eʼlon qilindi.
Farmoyishga koʻra, viloyat mahalliy byudjetining qoʻshimcha mablagʻlari hisobidan Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan "Navroʻz" bayramida qatnashgan viloyat ijodiy guruhining xarajatlari va viloyatdagi bayram uchun 533,7 million soʻm viloyat madaniyat boshqarmasiga ajratiladi.
Madaniyat boshqarmasi pullarni maqsadli ishlatish va iqtisod qilinganini byudjetga qaytarish choralarini koʻradi. Mazkur farmoyish ijrosini nazorat qilish hokimning turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari B.Shaxriyorov zimmasiga yuklangan.
Avvalroq Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov taʼlim, obodonlashtirish va boshqa maqsadlar uchun 2,5 mlrd. soʻm ajratgandi.