Rossiyada oʻzbekistonlik yongʻin ichida qolgan odamlarni qutqardi
Erkakning soʻzlariga koʻra, harbiy bilimlari unga jasorat koʻrsatishga yordam bergan: u havo-desant qoʻshinlarida xizmat qilgan.

Sankt-Peterburgda Olimjon ismli oʻzbekistonlik ishchi uchinchi qavatdagi drenaj trubasiga koʻtarilib, qizaloqlarni olov ichida qolgan uydan olib chiqdi. Yongʻin sodir boʻlgan joyda birinchilardan boʻlib oʻzbekistonlik paydo boʻlgan, deya yozadi mahalliy nashrlar.
"Ertalab soat beshlarda binoni tekshirish uchun kirdim, uchinchi yoki toʻrtinchi qavatlardan tutun chiqayotganini koʻrdim. Oʻt oʻchiruvchilar chaqirildi. Shunda aholi qichqira boshladi. Qattiq tutun tufayli eshikdan kirishning iloji boʻlmadi. Men sakramoqchi boʻlgan yosh ayollarni koʻrdim, bunday qilmasliklarini aytdim", — dedi Olimjon.
Shunda Olimjon jabrdiydalar oldiga moʻriga chiqib, ularni tuta boshladi. Oʻshanda oʻt oʻchiruvchilar narvonni olib chiqishgan. Qizlardan biri pastga tushdi. Qolgan ikki kishi yuk krani yordamida olib tushirilgan.
Erkakning soʻzlariga koʻra, harbiy bilimlari unga jasorat koʻrsatishga yordam bergan: u Oʻzbekistonda havo-desant qoʻshinlarida xizmat qilgan. Olimjon boks bilan ham shugʻullangan. U yetti yildan beri oilasi bilan Rossiyada yashaydi. Ikki voyaga yetgan qizi va nevaralari bor.
Odamlar bir-biriga yordam berishlari kerak. Insonning millati men uchun farqi yoʻq, — deya qoʻshimcha qildi qahramon.
Bino menejerining 360.ru nashriga aytishicha, Olimjon olti yildan ortiq ushbu hududda ishchi boʻlib ishlaydi.
"U juda yaxshi va kamtar inson. Ehtiyotkor, har doim hammaga yordam beradi", dedi u.




