Fotoshopchi amaldorning kirdikorlari fosh boʻldi
Namanganda fotoshop dasturi orqali hujjatlarni soxtalashtirib, pul oʻzlashtirgan mansabdorga jazo tayinlandi.

Jinoyat ishlari buyicha Yangiqoʻrgʻon tuman sudida fotoshop dasturi orqali hujjatlarni soxtalashtirib, pul oʻzlashtirgan mansabdorga jazo tayinlandi.
Maʼlum boʻlishicha, sudlanuvchi XXX "Guliston tomorqa xizmati" MChJ rahbari sifatida ishlab kelib, fuqaro A.Hasanov bilan "suv qudugʻini burgʻulash toʻgʻrisida" shartnoma tuzgan. Shundan soʻng, u muayyan toʻlovlardan qochish maqsadida "Guliston" mahallasiga qazilishi lozim boʻlgan ushbu suv qudugʻi uchun loyiha-smeta hujjatlari va uni ekspertizadan oʻtkazilganligi haqidagi ekspertiza xulosasini, yer osti suvlariga quduqlarni burgʻulash uchun ruxsatnomani "ZAMIN PLUS PROJECT" MChJ nomidan kompyuter texnika vositasi orqali "Photoshop" dasturidan foydalangan holda soxtalashtirgan. U soʻngra, bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisob-fakturaga amalda bajarilmagan 23.064.600 soʻmlik qurilish montaj ishlarini qoʻshib yozib, ularni foydalanishga qabul qilish komissiyasiga takdim etish yoʻli bilan 120.000.000 soʻm subsidiya mablagʻlari ajratilishiga erishgan.
Shuningdek, XXX jinoiy harakatlarini takroran davom ettirib, boshqa bir foydalanuvchi nomiga 21.150.296 soʻmlik qurilish montaj ishlarini qoʻshib yozib, ularni foydalanishga qabul qilish komissiyasiga taqdim etish yoʻli bilan 120.000.000 soʻm subsidiya mablagʻlari ajratilishiga erishgan.
XXX oʻzining yuqoridagi jinoiy harakatlari bilan, "ZAMIN PLUS PROJECT" MChJ nomidan 3 ta loyiha-smeta hujjatlari va ekspertiza xulosalarini, 3 ta gidrogeologiya xulosalarini soxtalashtirib, amalda bajarilmagan ishlar uchun jami 67.000.000 soʻmlik ortiqcha subsidiya mablagʻlari ajratilishiga erishib, ushbu mablagʻlarni oʻzining manfaatlariga sarflab yuborib, subsidiyani takroran oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.
Sudlanuvchi XXX sud jarayonidan aybiga toʻliq iqror boʻlgan.
Sud hukmiga koʻra, XXXga tayinlangan jazolarni Oʻzbekiston Respublikasi JKning 59-moddasi tartibida qisman qoʻshib, uzil-kesil ish haqining yigirma foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 2 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Shuningdek, yetkazilgan zararni qoplash uchun Namangan viloyati prokuraturasi depozit hisob raqamiga qoʻyilgan 67.000.000 soʻm Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobiga undirilishi belgilandi.