platina.uz
Iqtisod

Prezident qarori bilan Xususiylashtirish dasturi tasdiqlandi

"Oʻzavtosanoat" tarkibidagi 38 ta korxona, "Oʻzbekiston temir yoʻllari" tasarrufidagi koʻmir konlari,  "Yangi zamon bino" MChJdagi ulushi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining sement zavodlari, Silk Avia kompaniyasi, jami 247 kompaniyadagi davlat ulushi sotiladi. 

Prezident qarori bilan Xususiylashtirish dasturi tasdiqlandi

“Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori (PQ-162-son, 19.04.2024 y) qabul qilindi. Unga koʻra, yangi Xususiylashtirish dasturi tasdiqlandi.

Unga koʻra, "Oʻzavtosanoat" tarkibidagi 38 ta korxona, "Oʻzbekiston temir yoʻllari" tasarrufidagi koʻmir konlari, "Yangi zamon bino" MChJdagi ulushi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining sement zavodlari, Silk Avia kompaniyasi va boshqa yuzlab kompaniyalardagi (jami 247 ta) davlat ulushlari sotiladi. Qarorga ilova qilingan roʻyxatda ommaviy savdoga chiqariladigan aksiya paketlari keltirib oʻtilgan.

Qarorda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari (davlat ishtirokidagi korxonalar) birinchi rahbarlarining asosiy vazifalaridan biri etib oʻz sohasida xususiy sektor ulushini muttasil oshirib borish, raqobat muhiti shakllangan sohalardagi, shuningdek, ularning faoliyatiga xos boʻlmagan, samarasiz foydalanilayotgan va boʻsh turgan aktivlarini xususiylashtirish (sotish) belgilandi.

Shuningdek, quyidagilar tasdiqlandi:

Ommaviy savdolarga chiqariladigan aksiya paketlari (ulushlari) roʻyxati;

Ommaviy savdolarga chiqariladigan davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarning koʻchmas mulk obʼektlari roʻyxati;

Mahalliy fond bozorida aksiyalarining birlamchi (IPO) yoki ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi oʻtkaziladigan korxonalar roʻyxati.

Davlat ishtirokidagi korxonalar aksiyalarining ommaviy taklifini oʻtkazish jarayonida:

- qabul qilingan buyurtmalar asosida aksiyalarni uyushgan savdolarda sotishda oldi-sotdi bitimlari investitsiya vositachilari tomonidan qatʼiy ravishda “Toshkent” RFB savdo maydonchasida roʻyxatdan oʻtkaziladi;

- mahalliy investorlarning buyurtmalarini qabul qilish “Toshkent” RFB savdo maydonchasida amalda boʻlgan usullarga qoʻshimcha ravishda, “E-AUKSION” elektron savdo platformasi, shu jumladan uning mobil ilovasidan foydalangan holda amalga oshiriladi.

“E-AUKSION” orqali sotilgan davlat aktivlari boʻyicha imtiyozlar beriladi. Jumladan, auksionga chiqarilgan yer uchastkalari uch oydan oshif sotilmay qolsa (Toshkent va viloyati markazlari bundan mustasno) boshlangʻich narxi 30 foizgacha, olti oygacha sotilmaganda bosqichma-bosqich 10 foizdan pasaytiriladi.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, muvofiqlashtirish bosh vazir Abdulla Aripov zimmasiga yuklangan.

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid