Bukmekerlikka rasman ruxsat berildi
2025 yildan internet tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlikka ruxsat etiladi

“Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF-68-son, 19.04.2024 y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2025 yil 1 yanvardan:
- internet tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi;
- lotereya, internet tarmogʻida oʻyinlar va bukmekerlikni tashkil etish faoliyatlari qonunchilikka muvofiq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (vakolatli organ) tomonidan beriladigan litsenziyalar asosida amalga oshiradi.
Litsenziyalar asosida tashkillashtirilgan lotereya, internet tarmogʻidagi oʻyinlar va bukmekerlik garovlarida faqat 18 yoshga toʻlgan Oʻzbekiston rezidenti va norezidentlari qatnashishi mumkin.
2025 yil 1 yanvardan 5 yil muddatga lotereya hamda internet tarmogʻida oʻyinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini soliqqa tortishning quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibi belgilanadi:
- lotereya, internet tarmogʻida oʻyinlarni tashkil etish faoliyatini yoki bukmekerlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar lotereya, internet tarmogʻida oʻyinlarni tashkil etish faoliyatidan yoki bukmekerlik faoliyatidan olingan jami daromadidan toʻlangan yutuqlar va qaytarilgan stavkalar chegirilgan holda 4 foiz stavkasida aylanmadan olinadigan soliq toʻlovchilari hisoblanadi;
- jismoniy shaxslarning Agentlik tomonidan berilgan litsenziyalar asosida oʻtkaziladigan lotereyalar hamda internet tarmogʻidagi oʻyinlardan va bukmekerlik garovidan olingan yutuqlar sifatidagi daromadlari daromad soligʻi toʻlashdan ozod etiladi.
Lotereya va internet tarmogʻida oʻyinlar, bukmekerlik faoliyati tashkilotchilarining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etishini monitoring va nazorat qilish funksiyalari Agentlik va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan amalga oshiriladi.