platina.uz
Jamiyat

Bosh prokuror Turkiyada qidiruvdagi jinoyatchi bilan gaplashgani aks etgan video tarqaldi

Platina.uz saytiga maʼlum qilishlaricha, Nigʻmatilla Yoʻldoshev qidiruvdagi odam bilan shaxsan tanish boʻlmagan.

Bosh prokuror Turkiyada qidiruvdagi jinoyatchi bilan gaplashgani aks etgan video tarqaldi

Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev qidiruvdagi jinoyatchi Sherali Sobirjonov bilan Turkiyada gaplashib turgani haqidagi videoyozuv tarqalgan. Bosh prokuratura matbuot xizmati bunga aniqlik kiritdi.

Maʼlum boʻlishicha, 2-4 yanvar kunlari Nigʻmatilla Yoʻldoshev mehnat taʼtili davrida salomatligini tiklash maqsadida oʻz hisobidan Turkiyaga borib, Medipol Mega tibbiyot klinikasida davolanish muolajalaridan oʻtgan. Turkiyada unga avvaldan tanish boʻlgan Azim Joʻraboyev (videoda qora rangli kurtkada turibdi) hamrohlik qilgan.

Bosh prokuror Azim Joʻraboyev bilan klinikada gaplashib turgan vaqtida, ularning oldiga Sherali Sobirjonov kelib, oʻzini tanishtirgan. U klinikaga farzandini davolanishga olib borgan va Bosh prokurorni tanib qolgan. Shuning uchun ularning suhbatiga qoʻshilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati boshligʻi Hayot Shamsuddinovning Platina.uz saytiga qoʻshimcha qilishicha, Nigʻmatilla Yoʻldoshev Sherali Sobirjonov bilan avvaldan tanish boʻlmagan va kimligini ham bilmagan.

Maʼlum qilinishicha, Sherali Sobirjanov Orental Fresh Food MChJ rahbari lavozimida ishlab kelib, bankka soxta kontraktlarni taqdim etgan holda haqiqiy bozor narxi 494 438 dollarlik muzlatgich va 430 182 dollarlik quritish jihozlari uchun jami 1 mln. 597 ming 630 dollarni Xitoyga toʻlab, 673 ming dollarni talon-toroj qilgan.

Unga nisbatan 2019 yil 20 iyul kuni Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va boshqa moddalar bilan sirtdan ayblov eʼlon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilib, qidiruv eʼlon qilingan. Jinoyat ishi Ichki ishlar vazirligi Tergov departamentining ish yurituvida boʻlib, hozirda dastlabki tergov harakatlari vaqtincha toʻxtatilgan.

Tarmoqlarda tarqalgan videoda bosh prokurorning yonidagi odam qidiruvdagi boshqa shaxs, yaʼni Abduvali Abdullayev ekani haqida yolgʻon xabar tarqatilgan.

Abduvali Abdullayev kim?

Abduvali Abdullayev 2018 yil 10 may kuni Baxmal Juice Master MChJga bankdan 1,1 mln. dollar kredit olib, kredit qarzdorligining 633 ming dollarini qasddan qoplamagani oqibatida garovdagi O’zengilulgurjisavdo MChJga tegishli mulk (maʼmuriy bino) bank tasarrufiga oʻtib ketgani bois, jamiyat manfaatiga katta miqdorda zarar yetkazgan.

O’zengilulgurjisavdo MChJ taʼsischilarining arizasiga asosan, 2021 yil 25 yanvar kuni A.Abdullayevga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Jinoyat ishi doirasida ayblanuvchi A.Abdullayevga jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan ayb eʼlon qilinib, sudning ajrimi bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlari ayblanuvchi qayerda ekani nomaʼlum boʻlgani sababli vaqtincha toʻxtatilgan.

Shuningdek, jinoyat ishi doirasida Abduvali Abdullayevning oʻgʻli Rahmatilla Abdullayev ham ayblanuvchi (Jinoyat kodeksining 168, 233, 184-moddalari bilan ayblov xulosasi tuzilgan) sifatida jalb qilingan. 2022 yil 13 iyundagi Yakkasaroy tumani sudining hukmiga koʻra, R.Abdullayev Jinoyat kodeksining 184-moddasi bilan aybli deb topilgan va unga jarima jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 168 va 233-moddalari bilan esa aybsiz deb topilib, reabilitatsiya qilingan.

Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining 2022 yil 27 sentabrdagi ajrimi bilan yuqoridagi sud hukmi oʻzgarishsiz, Yakkasaroy tumani prokurorining apellyatsiya protesti va shikoyatlar qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.

Oliy sud jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati kassatsiya instansiyasining 2023 yil 28 fevraldagi ajrimi bilan apellyatsiya instansiyasining yuqoridagi ajrimi bekor qilinib, jinoyat ishi yangitdan apellyatsiya instansiyasi sudida koʻrib chiqish uchun yuborilgan (ish Toshkent shahar prokurorining protesti va fuqaroviy daʼvogarning shikoyati asosida koʻrilgan).

Toshkent viloyati sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining 2023 yil 26 iyundagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hukmi bekor qilinib, R.Abdullayev Jinoyat kodeksining 168 va 184-moddalari bilan aybli deb topilib, 4 yil 6 oy ozodlikni cheklash va bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida jarimaga tortilgan.

Oliy sud jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati kassatsiya instansiyasining ajrimi bilan apellyatsiya instansiyasining ushbu hukmi ham bekor qilinib, jinoyat ishi yangitdan apellyatsiya instansiyasi sudida koʻrib chiqish uchun yuborilgan.

Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasining 2024 yil 24 apreldagi ajrimiga koʻra, Yakkasaroy tumani sudining 2022 yil 13 iyunda dastlab chiqarilgan hukmi oʻzgarishsiz, Yakkasaroy tumani prokurorining R.Abdullayevni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, 233-moddasi 1-qismi va 184-moddasi 3-qismi bilan aybli deb topib, jazo tayinlash haqidagi prokuror protesti va jabrlanuvchilarning shikoyatlari rad qilingan.

Hozirda Bosh prokuratura tomonidan yuqoridagi appelyatsiya ajrimiga nisbatan taftish tartibida prokuror protesti keltirish masalasi koʻrib chiqilmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid