Rossiya koinotda qurollanishga qarshi rezolyutsiyaga taqiq qoʻydi
Ushbu tashabbus AQSh va Yaponiya tomonidan koʻtarilgan. 13 davlat uni qoʻlladi, Xitoy esa betaraf qoldi.

Rossiya koinotda yadroviy qurollarni joylashtirishni taqiqlash boʻyicha rezolyutsiyaga taqiq qoʻydi.
BMT Xavfsizlik kengashida ovoz berish chogʻida Rossiya koinotda yadroviy qurollanish poygasining oldini olish boʻyicha AQSh va Yaponiya taklif qilgan rezolyutsiya loyihasiga veto qoʻydi. 13 davlat ushbu hujjatni qoʻllab-quvvatladi, Xitoy esa betaraf qoldi.
Loyihada yadro qurolining portlashi yoki koinotda ommaviy qirgʻin qurolining boshqa har qanday turini qoʻllash barcha davlatlar manfaatlari uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi taʼkidlangan.
Hujjat, shuningdek, Yer atrofidagi orbitada joylashtirish, samoviy jismlarga oʻrnatish yoki boshqa yoʻl bilan kosmosda joylashtirish uchun moʻljallangan yadro quroli yoki boshqa ommaviy qirgʻin qurollarini ishlab chiqmaslik va ulardan tinch maqsadlarda foydalanish maqsadini faol ilgari surishga chaqirilgan.
Rezolyutsiya loyihasiga koʻra, koinotda qurollanish poygasining oldini olish xalqaro tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdidni bartaraf etishini eʼtirof etgan holda, Xavfsizlik Kengashi koinotni tadqiq qilish va undan foydalanish bilan shugʻullanuvchi barcha davlatlarni xalqaro huquq meʼyorlariga toʻliq rioya qilishga chaqiradi.
Rezolyutsiya loyihasi boʻyicha ovoz berishdan avval Xitoy va Rossiya hujjatga oʻzgartirish kiritishdi. U matnga barcha mamlakatlarni "kosmosda qurol joylashtirilishi va koinotda kuch ishlatish yoki kuch ishlatish tahdidini doimiy ravishda oldini olishga" chaqiruvchi band qoʻshishni taklif qildi. Tuzatishda, shuningdek, qonuniy kuchga ega boʻlgan tegishli koʻp tomonlama bitimlarga imkon qadar tezroq erishishga intilish zarurligi haqida soʻz bordi. Tuzatish qabul qilinmadi, chunki 15 davlatdan 7 tasi unga qarshi ovoz berdi va bir davlat betaraf qoldi: tuzatish qabul qilinishi uchun 9 tasi yoqlab ovoz berish kerak edi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Gʻarb tomoni Rossiyani kosmosga yadro quroli joylashtirishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandi. Ammo Rossiya rahbariyati buni inkor qilib chiqdi.