Hindistonda parlament saylovlari avjiga chiqdi

Ushbu siyosiy jarayon Yer yuzidagi eng katta saylov ham hisoblanadi, unda qariyb bir milliard kishi qatnashadi. 

Jahon
25-aprel, 20:20
Hindistonda parlament saylovlari avjiga chiqdi

Hindistonda parlament saylovlari davom etmoqda. Olti hafta - joriy yilning 19 aprelidan 1 iyunigacha davom etadigan mazkur siyosiy kurash Hindistondagi oliy lavozim - bosh vazirlik kursisi uchun kechmoqda.

Hindistondagi saylovlar Yer yuzidagi eng katta saylov ham hisoblanadi: mamlakatning 28 ta shtati hamda 8 ta ittifoqchi hududlarida oʻtkazilayotgan saylovlarda 1 milliardga yaqin - 968,6 mln aholi 1,04 million saylov uchastkalarida oʻzi tanlagan nomzod uchun ovoz berishi kutilyapti.

Shuningdek, bu saylovlar davomiyligi boʻyicha Hindiston mustaqillikka erishgan yildagi ilk saylovlardan keyingi oʻrinda turadi: 1947 yilda hindistonliklar 4 oy mobaynida ovoz berishgan edi.

Hindistonda saylovlar oʻtkazishga saylov komissiyalarining 15 mln. nafar aʼzosi jalb etilgan. Ularning aksariyati borish qiyin boʻlgan saylov uchastkalariga qayiq, tuya va hatto vertoletda yetib olishlariga toʻgʻri keladi.

Saylovlarning xavfsiz oʻtishi uchun 300 mingdan ortiq huquq-tartibot idoralari vakillari jalb etilgan. Ular saylov komissiyasi aʼzolariga hamrohlik qilishadi, uchastkalarda tartibni saqlash va toʻldirilgan byulletenlarni asrash uchun javob berishadi.

Saylovdagi asosiy raqiblar

Hindistonda bosh vazir 5 yil muddatga saylanadi. Amaldagi bosh vazir vazir, “Bxaratiya janat” partiyasi yetakchisi Narenda Modi uchinchi marta bu lavozimda qolish uchun oʻz nomzodini qoʻymoqda.

“Bxaratiya janat” partiyasi yetakchilik qilgan alyans 2014 yildagi saylovlarda ham gʻolib boʻlgan, partiya yetakchisi Narendra Modi esa Hindiston bosh vaziri etib saylangan edi.

“Bxaratiya janat” - (hindcha – “Hindiston xalq partiyasi”) 1980 yildan tuzilgan boʻlib, hind millatchiligi, konservatizm va oʻng populizm siyosiy yoʻnalishida faoliyat yuritadi.

Bu partiya Hindistondagi milliy va diniy ozchilikka – asosan mamlakat aholisining deyarli 15 foizini tashkil etuvchi (202 mln. kishi) musulmonlarga qarshi ashaddiy dushmanona kayfiyatdagi partiya hisoblanadi.

Narenda Modi mamlakatni boshqargan davrda musulmonlarga qarshi milliy adovat nihoyatda kuchayib ketdi. Musulmonlarning huquqlarini poymol qilish, ularni kamsitish, tahdid solish va hatto olomon qilib oʻldirish holatlari koʻpaydi. Koʻplab masjidlar, Boburiylar hukmronligini eslatuvchi masjid va tarixiy obidalar turli bahonalar bilan buzib tashlandi. Bunga avvalo Modi va uning hukumati yuritayotgan siyosat, aksilmusulmon targʻibot hamda millatchilarni qoʻllab-quvvatlashi va ularning musulmonlarga jinoyatlarini xaspoʻshlashi sabab qilib koʻrsatiladi.

Masalan, 1990-yillarda Uttar-Pradesh shtatining Ayodxye shahridagi Boburiy masjidining buzib tashlanishi va musulmonlarning oʻldirilishi, orasida “Bxaratiya janat” partiyasi ham mavjud hind millatchi tashkilotlari tomonidan tashkil etilgani 2009 yilda «Liberxan komissiyasi» tomonidan tasdiqlangan edi.

Bu millatchi partiya musulmonlarni ular oʻrtasida tugʻilish koʻrsatkichlari yuqoriligi uchun tanqid qilib, kelajakda Hindistondagi musulmonlar soni hindlardan ortib ketishidan asossiz xavotir olmoqda.

Shu bois Modi hukumati Hindistonda musulmonlar hukmronlik davrlar haqidagi tarix va bu tarixni tasdiqlovchi barcha obida hamda manbalarni yoʻq qilib tashlashga urinmoqda. Bu tarixni darsliklardan ham olib tashlashga yoki hind millatchiligi nuqtai nazaridan talqin etib, buzishga erishmoqda.

Raqiblar kuchli emas...

Hozirgi saylovlardagi asosiy “janglar” “Bxaratiya janat” partiyasi koʻrsatgan nomzod va uning azaliy hamda tarixiy siyosiy raqibi, mamlakatdagi eng keksa siyosiy kuch – 1885 yilda asos solingan “Hindiston milliy kongressi” vakili oʻrtasida ketyapti.

Biroq ekspertlarning taʼkidlashicha Narendra Modiga qarshi undan kuchliroq siyosiy raqib maydonda yoʻq.

Batafsil izohlaydigan boʻlsak, Hindistondagi 26 ta partiya Modiga qarshi koalitsiyaga birlashgan. Ular “Bxaratiya janat” partiyasi, demakki Narendra Modining uchinchi marta ham saylovlarda yutib chiqishiga yoʻl qoʻymaslikka kelishib olishgan.

Bunday birlashuv “Hindiston milliy kongressi” partiyasining yetakchisi Rahul Gandining tashabbusi bilan amalga oshdi. Gandi va uning onasi va partiyaning sobiq rahbari Sonya Gandi Mumbayda boshqa partiya vakillari bilan 2 kunlik uchrashuvda Mondiga qarshi yagona siyosiy musht boʻlishi taklifi berilgan. Partiyalar barcha saylov uchastkalarida bitta umumiy nomzodni koʻrsatishga qaror qilishgan.

Umumiy qilib “Inklyuziv taraqqiyot uchun Hindiston milliy kongressi” deb ataladigan ushbu alyans millatchilik kayfiyatidan yiroq va barcha fuqarolarga dini va millatidan qatʼiy nazar bir bir xil imkoniyat berishni vaʼda beradi.

Lekin Modining partiyasi yetakchilik qiluvchi “Milliy demokratik alyans” ancha keng qamrovga ega. “Bxaratiya janat” partiyasi mamlakatdagi 28 ta shtatdan 10 tasini nazorat qiladi, boshqa partyailar bilan hamkorlikda 12 ta shtatda ustuvorlikka ega.

Qolaversa, “Bxaratiya janat” partiyasi mamlakat quyi partiyasidagi 55 foiz oʻrinni egallagan, Modining oʻzi esa ayni paytda Hindistondagi eng mashhur siyosatchi hisoblanadi. Shu bois Modi va uning partiyasi shu kunlardagi saylovlarda yengil gʻalabaga erishishi prognoz qilinayotgan “siyosiy favorit” hisoblanadi.

Zero, Modi bosh vazir sifatida hindlarning (aynan hindlarning!) mehrini va ishonchini qozona oldi.

Uning davrida Hindiston rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar uchun teng hamkor va moliyaviy donorgaa aylandi. Xalqaro maydondagi obroʻsini oshirdi. Mamlakat iqtisodiyoti 2005 yildan beri deyarli 2 baravarga oʻsdi. Oʻtgan yili uning oʻsish darajasi 7,3 foizni tashkil etdi. Hindiston YaIM boʻyicha, aholisining xarid qobiliyati pariteti boʻyicha dunyoda 3-oʻringa chiqib oldi.

Mamlakat elektron sanoat, kompyuterlar, dasturiy taʼminot va boshqa ilgʻor texnologik mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilishda ham jahonda yetakchi oʻrinlarni egalladi.

Hindiston dunyoda ishlab chiqarilayotgan jami dori-darmonlarning 25 foizini ishlab chiqaradi. Ayni davrda harbiy sanoatini rivojalantirmoqda, fazoni, shuningdek, Arktika va Antarktikani tadqiq etish jarayonlarida ishtirok etmoqda.

Narendra Modi siyosatining natijasi deya koʻrilayotgan yutuqlar orasida eng ahamiyatlisi – mamlakatda oʻrta tabaqani shakllantirish boʻldi. ayni paytda ular 400 million kishiga yaqinlashib qolgan.

Modi gʻalaba qilsa nima oʻzgaradi?

Modiga koʻplab yutuqlar nisbat berilishiga qaramasdan, Hindiston aholisining aksariyat qismi natural xoʻjalik sharoitida yashamoqda. Aholining 22 foizi qashshoqlik darajasidan ham past sharoitlarda yashayapti. Deyarli 50 foiz aholi esa oʻrta makatablarda oʻqimagan, savodsiz, OAV bilan tanishish imkoniyatiga ega emas. Eng qizigʻi, mana shu “anaʼanaviy Hindiston” mamlakat aholisining 3 dan 2 qismini – saylovchilarning aksariyat qismini tashkil etadi.

Modi va uning partiyasi ayni shu qatlamning “koʻnglini ovlashga” harakat qilib kelmoqda va maqsadiga erishmoqda ham. Aholini arzimagan populistik saxovat bilan shod qilish, mamlakatdagi muammolarning sababchisi deya musulmonlarni koʻrsatib, ularga qashi gij-gijlab siyosiy ball olishning uddasidan chiqmoqda.

Garchi Hindistonda hali saylovlar yakuniga yetmagan boʻlsada, ekspertlar Modining yana oʻz lavozimida qolishini bashorat qilishmoqda. Bunday ssenariy oqibatlari esa Narendraning ayni paytgacha erishgan natijalarini takrorlaydi va yanada kuchaytiradi. Va afsuski musulmonlar va ularning madaniyatiga qarshi kurashni yanada avj oldiradi. Buni Narendraning oʻzi ham yashirishga urinayotgani yoʻq. Masalan kuni kecha elektorat bilan saylovoldi uchrashuvida u Hindistondagi musulmonlarni “aygʻoqchilar” deb atagan va mamlakat boyliklarini ular bilan baham koʻrishni bas qilishga chaqirgan.

Partiya matbuot kotibi Gaurav Bxatia Modi aytgan soʻzlar uchun uzr soʻrashdan bosh tortdi. “Modining soʻzlari odamlarning fikrlarini aks ettirishi va u narsalarni oʻz nomi bilan atashi”ni maʼlum qildi.

Eslatib oʻtish joiz, ushbu saylovlar yetti bosqichda boʻlib oʻtadi va 1 iyunda yakunlanadi. Natijalar joriy yilning 4 iyunida eʼlon qilinadi.

 

 

 

 

 

 

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+