Asosiy stavka yana oʻzgartirishsiz qoldirildi
Makroiqtisodiy prognozlarga koʻra, asosiy ssenariy boʻyicha umumiy inflyatsiya prognozi 9-11 foizgacha oshirilgan.

Markaziy bank boshqaruvi 2024 yil 25 apreldagi yigʻilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Bunday qaror qabul qilinishida inflyatsiyaning yangilangan prognoz koridorining yuqori chegaralariga nisbatan ham joriy pul-kredit sharoitlari nisbatan qatʼiy fazada shakllangani inobatga olingan.
Shuningdek, yangilangan makroiqtisodiy prognozlarga koʻra, asosiy ssenariy boʻyicha 2024 yilda umumiy inflyatsiya prognozi 9-11 foizgacha oshirilgan.
Bazaviy inflyatsiyaning barqaror pasayish trayektoriyasida qolishi boʻyicha mustahkam kutilmalar shakllanib, yil yakunida 7-8 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda.
Yangilangan prognozlarga koʻra, YaIM oʻsishi yil yakuniga 5,2-5,7 foiz oraligʻida boʻlishi kutilmoqda.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2024 yil 13 iyunga belgilangan.