Yoʻl qoidalari buzilgani boʻyicha maʼlumot 48 soatda kelmasa bekor qilinadi
Qonunchilik palatasi tegishli loyihani birinchi oʻqishda qabul qildi.

Yoʻl harakati qoidalari buzilishiga oid maʼlumotlar 48 soat ichida kelmasa bekor boʻladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tegishli loyihani koʻrib chiqib, qabul qildi.
Qonun loyihasi bilan avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yoʻl harakati qoidalari buzilganligi qayd etilgan hollarda transport vositasining mulkdori toʻgʻrisida maʼlumot mavjud boʻlmasa, shuningdek maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidalari buzilishiga oid maʼlumotlar jarima solish toʻgʻrisida qaror chiqarishga vakolatli boʻlgan mansabdor shaxsga 48 soat ichida yuborilmagan boʻlsa ishni koʻrib chiqish tugatish belgilanmoqda.
Bundan tashqari, loyihada kichik hajmli elektr dvigatelli transport vositalari hamda individual harakatlanish vositalarini (skuter, moped, velosiped haydovchi, individual harakatlanish vositasini, ulovli aravani boshqarib boruvchi shaxs tomonidan sodir etilishi) boshqarish jarayonida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, MJtKning 171-moddasiga tez tibbiy yordam va yongʻin-qutqaruv boʻlinmalari transport vositalari tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar yuzasidan yuritilgan maʼmuriy ishlarni ortiqcha qogʻozbozlikdan voz kechgan holda tugatish tartibini joriy etish belgilanmoqda.