Toshkentda taʼlimga oid yangi loyiha taqdimot qilindi

"Teach for Uzbekistan" taʼlim tizimini rivojlantirishga yordam berish, murakkab ijtimoiy holatdagi maktablarga mutaxassislarni oʻqituvchi sifatida jalb qilish, soha mutaxassislarini qayta tayyorlash va boshqa maqsadlarni koʻzda tutadi. 

Jamiyat
23-aprel, 16:00
Toshkentda taʼlimga oid yangi loyiha taqdimot qilindi

21 aprel kuni Oʻzbekiston Tasviriy sanʼat galereyasida "Teach for Uzbekistan" vasiylik kengashi aʼzolari – Nozima Davletova (Prezident Administratsiyasi Tashqi aloqalar boʻlimi Tashqi siyosatni axborot-tahliliy taʼminlash va tashqi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish boʻlimi mudiri, loyihaning vasiylik kengashi aʼzosi),  Zafar Hoshimov ("Anglesey Food" korxonasinig asoschisi, loyihaning vasiylik kengashi raisi) va jamoa aʼzolari ishtirokida "Teach for Uzbekistan" tashkilotining rasmiy taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda tashkilot faoliyati maqsadlari, vazifalari va rejalari haqida batafsil maʼlumot berildi, "Teach for Uzbekistan" loyihasining fuqarolik jamiyati tashabbusi sifatida taʼlim tizimiga yetakchi yoshlarni jalb qilish vazifasining ahamiyati haqida soʻz bordi. 

Nozima Davletova taʼlim sohasidagi islohotlarning dolzarbligi, bunday islohotlar natijalari uzoqroq vaqt davomida koʻrinishi va bunda jamiyat, oʻqituvchilar va davlat tomonidan birgalikdagi saʼy-harakatlargina natijaga olib kelishi mumkinligi haqida, shuningdek, "Teach for Uzbekistan" loyihasining oʻqituvchilik kasbi maqomini oshirish va maktab taʼlimiga ilgʻor yetakchilarni jalb qilish orqali oʻquvchilar va maktablarga katta manfaat olib kelishi haqida gapirdi.

Zafar Hoshimov oʻqituvchilik kasbi va uning jamiyatdagi muhim oʻrni, oʻqituvchilik tajribasining yoshlarning kelgusi ish faoliyati va shaxsiy rivojlanishdagi katta manfaatini oʻz tajribalari asosida soʻzlab berdi.

Tashkilot taʼsischisi va direktori – Umida Yoʻldosheva ijtimoiy loyihalardagi tajribalari, oʻqituvchilarning yoshlarga koʻrsatadigan ijobiy taʼsiri, taʼlim va aynan loyihaning dolzarbligi, loyiha mazmuni va qisqa muddat ichidagi natijalari haqida gapirdi.

"Teach for Uzbekistan" jamoasi loyihaning asosiy mazmuni, bosqichlari, jarayonlar va oldiga qoʻyilgan qisqa va uzoq muddatli rejalari haqida maʼlumot berdi:

– Pavel Fedoseyev ("Teach for Uzbekistan" taʼlim yoʻnalishi rahbari) Oʻzbekiston maktab taʼlim tizimi toʻgʻrisidagi va xalqaro darajadagi tadqiqotlar natijalari bilan boʻlishdi.

– Fyodor Sheberstov («Uchitel dlya Rossii» loyihasi taʼsischisi, «Teach for Central Asia» tashabbuskori) taʼlim tizimidagi islohotlar va «Teach for Uzbekistan» kabi tashabbuslarni amalga oshirishdagi tajribasi bilan boʻlishdi.

 – Madina Boʻriyeva ("Teach for Uzbekistan" tashkiloti taʼsischi, taʼlim loyihalari koordinatori) loyiha konsepsiyasi, asosiy bosqichlari, jarayonlar va oldiga qoʻyilgan qisqa va uzoq muddatli rejalari haqida maʼlumot berdi.

 – Niginaxon Rahmonova ("Teach for Uzbekistan" rekrutment yoʻnalishi rahbari) tanlov jarayoni va hozirda olib borilayotgan faoliyat natijalari bilan boʻlishdi.

Shuningdek, loyihada qatnashish istagini bildirgan yoshlar ham soʻzga chiqib, bu loyihaninig taʼlim tizimiga va oddiy maktab oʻquvchilarining rivojlanishiga qoʻshadigan hissasi, taʼlimninig inson hayotidagi ahamiyati va oʻz tajribalari misolida taʼlim muammolarini gapirib berdilar. Ular bunday muammolarga yechim topish uchun aynan "Teach for Uzbekistan" bilan birgalikda harakat qilish maqsadlarini va sabablarni aytib berdilar.

Tashkilot haqida:

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024 yil 15 fevralda roʻyxatga  olingan "Teach for Uzbekistan" nodavlat notijorat muassasasi asosiy maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi hududida taʼlim tizimini rivojlantirishga yordam berish, shu jumladan, qishloq va shaharlardagi murakkab ijtimoiy holatdagi maktablarga yosh yetakchilar va mutaxassislarni oʻqituvchi sifatida jalb qilish, soha mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakalarini oshirishga koʻmaklashish hamda taʼlim sohasida tizimli va strategik rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishdan iborat.

Faoliyat haqida:

"Teach for Uzbekistan" – bu yuqori malakali oʻqituvchilar yetishmovchiligi bor boʻlgan viloyat maktablarida ishlash uchun eng yaxshi mahalliy va xorijiy OTMlar bitiruvchilari va yosh iqtidorli nopedagog mutaxassislarni jalb qilishga qaratilgan noyob tashabbusdir. Ushbu loyiha yangi avlod pedagoglarini ilhomlantirish va ularni taʼlimni rivojlantirishga hissa qoʻshishga, shuningdek, Oʻzbekiston bolalarining barchasiga sifatli taʼlim olish imkoniyatini taʼminlashga undash uchun yoʻlga qoʻyildi.

Tashkilot jamoasi faol targʻibot ishlarini boshlagan boʻlib, tanlov jarayoni mart-iyun oylarida boʻlib oʻtadi. Hozirda yutimizdagi oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari va chet eldagi hamyutlarimiz ichida loyiha ishtirokchisiga aylanish istagini bildirayotgan yoshlardan arizalar qabul qilinmoqda.

Loyihada ishtirok etish uchun nomzodlar 5 bosqichli tanlov jarayonidan oʻtadilar va bu tanlov oʻqituvchilik faoliyatini olib borish uchun bilim, qadriyat, mahorat va koʻnikmalar jihatidan eng mos ishtirokchilarni tanlab olishga yordam beradi.

"Teach for Uzbekistan" loyihasining tanlovdan oʻtgan ishtirokchilari iyul-avgust oylarida "Yozgi institut"da qatnashib intensiv oʻquv va amaliy tayyorgarlikdan oʻtadilar, bu esa ularning pedagogik mahoratlarini oshirishga yordam beradi hamda taʼlim sohasida innovatsiyalarni joriy etish uchun zarur boʻlgan yetakchilik sifatlarini rivojlantirishga imkon beradi.

Oʻquv dasturini muvafaqiyatli yakunlagan ishtirokchilar oddiy viloyat maktablarida 2 yil davomida pedagogik faoliyat olib boradilar, bunda loyiha jamoasi ularni metodologik, jamoaviy, psixologik va moliyaviy tomondan qoʻllab-quvvatlaydi. Bunda ishtiorkchilarning oldiga qoʻyilgan maqsad – nafaqat oʻquvchilarning akademik koʻrsatkichlarini oshirish, balki ularga hayotda va ish faoliyatida zarur boʻladigan "XXI asr koʻnikmalari" deb ataladigan yumshoq koʻnikmalarini ham rivojlantirishga yordam beradilar.

Loyihaning ilk 30 nafar ishtirokchisini 2024 yil sentabr oyida maktablarga joʻnatish rejalashtirilgan.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+