Shavkat Mirziyoyev Toʻqayevga hamdardlik bildirdi
Qozogʻistondagi suv toshqinlari "soʻnggi 80 yildagi eng yirik tabiiy ofat" deya tariflangandi. Toshqinlar sabab yuz mingdan oshiq inson evakuatsiya qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 aprel kuni Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbari qardosh Qozogʻiston yetakchisi va xalqiga ushbu mamlakat hududidagi keng miqyosli toshqinlar natijasida insonlar qurbon boʻlgani munosabati bilan hamdardlik izhor etdi.
Bunday tabiiy ofatlar keyingi paytlarda mintaqamizda kuzatilayotgan iqlimning salbiy oʻzgarishlari oqibati ekani qayd etildi.
Bu borada yaqin amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Prezidentlar yaqinda Xiva shahrida boʻlib oʻtgan uchrashuvdagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasidagi yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
Mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar va boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi ham koʻrib chiqildi, deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, Qozogʻistondagi toshqinlar sabab oʻnga yaqin kishi halok boʻldi, yuz minglab insonlar evakuatsiya qilindi. Mamlakat ushbu hodisalar sabab yirik iqtisodiy forumni ham bekor qildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston ham Qozogʻistonga insonparvarlik yordami joʻnatdi.