Polsha oʻz hududiga yadro quroli joylashtirishga tayyorligini bildirdi
Mazkur xabar rasmiy Moskva eʼtiborini tortdi. Rossiya TIVga koʻra, mamlakat va NATO oʻrtasida mojaro yuz bersa, mazkur obʼektlar "qonuniy nishon"ga aylanadi.

Polsha Amerika yadro qurolini oʻz hududiga joylashtirishga tayyor, dedi respublika prezidenti Anjey Duda 22 aprel kuni AQShga tashrifidan soʻng "Fakt" gazetasiga bergan intervyusida.
U bu mavzuni Vashingtonda muhokama qilganini tasdiqladi. "Yashirmayman, mendan bu haqda soʻrashganida, tayyorligimiz haqida aytganman. Agar ittifoqchilarimiz NATOning sharqiy qanoti xavfsizligini mustahkamlash uchun hududimizda birgalikda foydalanish uchun yadro qurolini joylashtirishga qaror qilsalar, biz tayyormiz", — deya tushuntirdi prezident. Duda bu tayyorgarlikni Rossiya Kaliningrad viloyatini «borgan sari harbiylashtirayotgani» va oʻzining taktik yadro qurollarini Belarusda joylashtirgani bilan izohladi.
Xuddi shu kuni Moskva bu xabarga munosabat bildirdi. "Agar bunday rejalar amalga oshirilsa, harbiylar, albatta, vaziyatni tahlil qiladi va har qanday holatda ham bizning xavfsizligimizni kafolatlash uchun zarur boʻlgan barcha choralarni, barcha zarur javob choralarini koʻradi", dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga.
Tashqi ishlar vazirligining taʼkidlashicha, Rossiya oʻzining harbiy rejasida Polshaga "alohida eʼtibor va yuzaga keladigan tahdidlarga muvofiq» munosabatda boʻladi. "Varshava Rossiya Bosh shtabidagi harbiy rejachilarning eʼtiborini yanada koʻproq jalb qilmoqchi boʻlgan koʻrinadi», - dedi departament matbuot kotibi Mariya Zaxarova. "Agar Polsha hududida Amerika yadroviy qurollari paydo boʻlsa, tegishli obʼektlar darhol NATO bilan toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy mojaro sharoitida yoʻq qilish uchun qonuniy nishonlar roʻyxatiga qoʻshiladi", dedi u.
Bu Polsha rahbariyatining yadroviy muammoni birinchi marta koʻtarishi emas. 2022 yil oktabrida Gazeta Polska`ga bergan intervyusida Duda amerikaliklar bilan mamlakatning NATO yadroviy almashinuv dasturidagi ishtirokini muhokama qilganini aytdi - uning soʻzlariga koʻra, mavzu ochiqligicha qolmoqda va Varshavada yadroviy qurolga ega boʻlishidan darak yoʻq.. AQSh Davlat departamenti Polsha NATOning muhim ittifoqchisi ekanligini, ammo Vashington 1997 yildan keyin alyansga qoʻshilgan mamlakatlarda yadro qurolini joylashtirishni rejalashtirmasligini maʼlum qilgandi.