Andijonda maktab direktori soxta ishchilar ortidan katta pul oʻzlashtirdi
Direktor aslida ishga kelmagan fuqarolarga maosh yozib, mablagʻlarni oʻz manfaati uchun ishlatgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Boʻston tumani sudida firibgarlikda ayblanib sudlangan maktab direktoriga sud hukmi oʻqildi. Sud hukmi Platina.uz`da mavjud.
Maʼlum boʻlishicha, sudlanuvchi X.Q. 2009 yil oktabr oyidan 2023 yil noyabr oyiga qadarli Andijon tumanidagi 15-sonli umumtaʼlim maktabi direktori lavozimida ishlab kelgan. U 2020 yilning oktabr oyida fuqaro Sh.Asranovni umumtaʼlim maktabini psixologi vazifasiga ishga qabul qilib, 2020 yilning dekabr oyidan Sh.Asranov ishga kelmay qoʻyganligini bilgani holda, uni ishdan boʻshatish choralarini koʻrmagan. Direktor ish tabeliga Sh.Asranovni ishga kelayotganligi toʻgʻrisida soxta yozuvlar kiritib, bu orqali Sh.Asranovga 71.337.900 soʻm ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni hisoblab, oylik ish haqlarini bank plastik kartasiga tushirib, pullarni shaxsiy ehtiyoji uchun sarflab yuborgan. Bundan tashqari X.Q. farrosh boʻlib ishlagan va keyinchalik ishga kelmay qoʻygan R.Saidovaga nisbatan ham shunday yoʻl tutib, 12.274.000 soʻm ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni hisoblab, oʻz manfaatlari uchun ishlatib yuborgan.
Shuningdek, sobiq direktor oʻz oʻgʻlini maktabda mavsumiy ishchi sifatida roʻyxatdan oʻtkazgan va N.Karimovga 2.402.900 soʻm ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni hisoblab, jami 86.140.800 soʻm oylik ish haqlarini bank plastik kartasiga tushirib olgan.
Bundan tashqari, sudlanuvchi X.Q. umumtaʼlim maktabida boʻlgan tovar moddiy qimmatliklardan 5.8636.000 soʻmlik 1 dona "Interaktiye doska Model IRDKO92", 5.810.100 soʻmlik 1 dona "Videoproyektor dlya interaktivniy dosk model LX 222 S" hamda 104.600 soʻmlik 2 dona "Simsiz optik sichkoncha model FDMS19", jami 11.778.300 soʻmlik miqdordagi tovar moddiy boyliklarni dastlabki tergov davomida aniqlashni imkoni boʻlmagan yoʻllar orqali oʻzlashtirish yoʻli bilan talon- taroj qilgan.
Sudlanuvchi X.Q. yuqoridagi koʻrsatilgan ayblarga iqrorligini bildirgan.
Yakuniy hukmga koʻra, JK 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolar qisman qoʻshilib, X.Q.ga 1 (bir) yil muddatga moddiy javobgarlik va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, bilan bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdorida, yaʼni 8.250.000 soʻm jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek, jami 98 million soʻmdan oshiq mablagʻ zararni qoplash maqsadida sud hukmi kuchga kirgandan soʻng davlat byudjetiga yoʻnaltirilishi belgilangan.