Sanʼat asarlari nega qimmat baholanadi?
Ulardagi tushunarsiz manzaralarni tushunishga urinishadi, oʻzlaricha talqin qilishadi, qandaydir maʼno va timsollar qidirishadi, kitoblar va maqolalar bitishadi. Buning nimasi sanʼat, deganlarni esa didsizlik va sanʼatni tushunmaslikda ayblashadi.

Fransuz rejissyorlari Olive Nakash va Erik Toledanoning “1+1” filmi qahramoni Idris nogiron xoʻjayini bilan birga rassomlik koʻrgazmasiga boradi. Bu yerda “burni qonagan odamning qoni surtilganga” oʻxshash suratning qimmatga sotilganini koʻrib, hayratga tushadi. “Buni men ham chiza olaman-da” deydi.
Darhaqiqat, xuddi yosh bola injiqlik qilib, turli rangdagi boʻyoqlarni sepib tashlaganga oʻxshagan suratlarning obroʻli kim oshdi savdolarida falon million dollarga sotilayotganini koʻrib, hayratga tushmagan odam boʻlmasa kerak.
Ayniqsa XX asr boshi, 60-70 yillardan keyin shunday syurrealistik suratlarning oshigʻi olchi boʻla boshladi. Ulardagi tushunarsiz manzaralarni tushunishga harakat qilishadi, oʻzlaricha talqin qilishadi, qandaydir maʼno va timsollar qidirishadi, kitoblar va maqolalar bitishadi. Buning nimasi sanʼat, deganlarni esa didsizlik va sanʼatni tushunmaslikda ayblashadi.
Hozir ham buyuk sanʼat asarlari oldida turib qolsak, uning buyukligi va nima maʼnoni ifodalashini tushuna olmay tkilib qolamiz. Buyuk sanʼat qarshisida oʻzimizni yosh boladek his qilamiz.
Sanʼat – sanʼat uchunmi?
Sanʼatdan uzoq boʻlgan odam biror sanʼat asariga baho berishda avvalo uning real hayotga qanchalik oʻxshashligiga eʼtibor beradi. Sodda qilib aytganda, rassom chizgan portret odamga qanchalik oʻxshashligi, natyurmortdagi meva yoki buyumlar real prototiplariga qanchalik oʻxshata olingani, peyzajda esa tabiat manzarasi qanchalik haqiqiy tasvirlangani bilan baholaydi.
Estetik didga ega, sanʼatdan biroz xabari bor tomoshabin esa ushbu sanʼat asaridan ruhiy va estetik zavq oladi, timsoliy maʼnolar qidiradi, rassom nima demoqchi boʻlgani, qanday muammo yoki kechinmalarni tasvirlashga uringani bilan qiziqadi.
Hozir millionlab dollarga baholanayotgan asarlarga esa bu ikki toifaning ham “tishi” oʻtmaydi.
1818 yilda “Sanʼat – sanʼat uchun” degan estetik konsepsiya yaratilgan. Yaʼni, sanʼat azbaroyi sanʼat uchun yaratiladi, tasviriy va badiiy ijod hamda sanʼat mutlaqo mustaqil boʻlishi kerak, ijtimoiy hayot, odob-axloq, maʼnaviyat, ilm-fan va siyosatga qaram boʻlmasligi lozim, degan mafkura paydo boʻlgan. Hozirgi abstrakt suratlarni baholashda mana shu tamoyildan kelib chiqish haqiqatga yaqinroq boʻladi.
Hozirgi zamonga kelib, sanʼatda ham turli yoʻnalishlar koʻpayib ketgan. Anaʼanaviy koʻrgazmalar bilan birga, turli instalyatsiyalar shaklidagi sanʼat asarlari ham mavjud. Baʼzan bu absurd darajasiga ham chiqadi.
Masalan, 2001 yilda Angliyadagi muzeylardan birida farrosh qattiq tanbeh eshitadi. Uni vandalizmda (sanʼat asarlariga johilona putur yetkazish) ayblashadi. Farrosh bechora hayron. Keyin maʼlum boʻlishicha, asarlari juda qimmatga sotiluvchi britaniyalik zamonaviy rassom Demen Xyorst ziyofatdan qolgan axlat – chala chekilgan sigaretalar, shampan sharobi qoldigʻi qolgan qadahlar, ochilgan sigaret qutilari va qahvasi chala ichilgan finjonlardan oʻziga xos installyatsiya yasab, Eyestorm galereyasida oʻtayogan koʻrgazmasiga qoʻygan ekan. Farrosh esa uni oddiy axlat deb oʻylab, qopga solib, axlat qutisiga chiqarib tashlagan ekan.
Sanʼatshunoslarning aytishicha, bunday tushunmovchilik avval ham roʻy bergan. 80-yillarda rassom Jozef Beyyus (Joseph Beuys) juda iflos bir vannadan oʻzicha installyatsiya yasab galereyaga qoʻygan. Koʻrgazma xodimlaridan biri uni sanʼat asari deb oʻylamasdan, top-toza qilib yuvib qoʻygan.
Aytib oʻtish kerak, installyatsiyalar har doim bitta joyda qolmaydi. Uni koʻrgazma oʻtgach, yoki musobaqa yakunlangach, olib tashlashadi. Oʻrniga boshqa ijodkorlar oʻz asarlarini namoyish etishlari mumkin. Biroq ayrimlari oʻz oʻrnida qoladi.
Masalan, Parijda 1889 yilda Xalqaro koʻrgazma boʻlib oʻtadi. Unda mashhur konstruktor va muhandis Gyustav Eyfel ham oʻz asari – “300 metrli minora” bilan qatnashadi. Shahar markazida, daryo qirgʻogʻida oʻrnatilgan minora 20 yildan keyin buzib tashlanishi lozim edi. Biroq koʻrgazma yakunlangan zahoti Parijning koʻplab mashhur ijodkor hamda rassomlari minora “shahar goʻzalligini buzayotgan xunuk temir konstruksiya” deya darhol buzib tashlashni talab qilishadi. Biroq u 20 yil emas, 100 yildan keyin ham buzib tashlanmadi. Aksincha, Parijning eng mashhur diqqatga sazovor joylaridan biriga, millionlab sayyohlar va daromadni jalb etuvchi obʼekt, Fransiya timsoliga aylandi. Bu Eyfel minorasi edi.
Nega ayrim asarlar juda mashhur boʻlib ketgan?
Sanʼat asarlarining mashhur boʻlib ketishi yoki qimmat baholanishiga bir necha omillar taʼsir qiladi.
1. Taniqlilik, shov-shuv yoki ijtimoiy reklama
Umuman, bir sanʼat asarining qimmati haqida gapirganda nisbiylik tushunchasini unutmaslik lozim. Masalan, nega Chingiz Aytmatov buyuk yozuvchi hisoblanadi? SSSR hududida undan buyukroq ijodkor boʻlmagan, deyish notoʻgʻri boʻlardi. Biroq, gap shundaki, Aytmatovning bir tarjimon doʻsti uning asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilib, chop etilishiga hissa qoʻshgan. Keyin esa xuddi qor uyumi togʻ tepadan tushgan sari kattalashib borganidek, uning shuhrati ham yuksalib borgan.
Olimlar bir tajriba oʻtkazishgan. Tasodifiy tanlangan odamlarga bir necha sanʼat asarlarini koʻrsatishgan. Ulardan baʼzilari koʻproq koʻrsatilgan. Tajriba oxirida qaysi sanʼat asarini yaxshiroq deb hisoblaysiz, deb soʻralganida, ular oʻzlariga tanish yoki boshqalar koʻp gapirgan, koʻp namoyish etilgan sanʼat asarlarini koʻrsatishgan.
Bundan kelib chiqadiki, biror asarni koʻproq tilga olish, uni koʻproq namoyon etish natijasida unga “koʻz va quloq oʻrganadi”. “Odamlar gapiryaptimi, demak yaxshiga oʻxshaydi”, degan fikr shakllanadi. Bunday xulosaga “omma psixologiyasi” yoxud umumeʼtirof etilgan ijtimoiy fikrga ergashish omili ham katta rol oʻynaydi.
Kattaligi futbol maydoni bilan teng bu asar dunyodagi eng katta surat sifatida Ginness rekordlar kitobiga kirgan.
2. Mashhur asar yaratgan ijodkorning boshqa asarlari ham mashhur boʻladi
Oʻzbek adibi Oʻtkir Hoshimovning bir soʻzi bor: yozuvchi oʻz ijodiy faoliyatida ikkita nozik davrni boshidan oʻtkazadiki, ulardan toʻgʻri oʻtib olishi kerak: avval uning hech qaysi asarini nashr qilishmaydi. Bundan yosh ijodkor tushkunlikka tushmasligi, ijodini toʻxtatib qoʻymasligi yoki oʻz uslubiga xiyonat qilib, boshqa mashhurroq yoki osonroq, ammo unga notanish, qalbiga yot boʻlgan uslub va yoʻllarga oʻtib ketmasligi kerak.
Ikkinchi davr yozuvchi mashhur boʻlganidan keyin keladi. Bu davrda u nima yozsa ham bosib chiqaraverishadi. Chunki ijodkor oʻz shaxsiy brendini shakllantirib boʻlgan. Bu davrda ham yozuvchi sifatni tushirmasligi, vijdonan ishlashi lozim. Oʻziga talabni va oʻz ustida ishlashni toʻxtatmasligi lozim.
Nafsilambirini aytganda, Oʻtkir Hoshimovning mashhur boʻlishida ham televidiniyeda koʻrsatuvlar olib borgani, shu orqali odamlar mehriga erishganini sabab qilib koʻrsatishadi.
Shunga oʻxshab, nom qozongan mashhur rassomlarning deyarli barcha asarlari ham inersiya natijasida qimmat narxga baholanadi va mashhur boʻladi. Masalan, Pablo Pikasso taniqli rassom boʻlgan. Uning shunchaki bir martalik qogʻoz sochiqqa chizib bergan surati ham katta qimmatga ega. Xuddi shu suratni boshqa nomsiz rassom chizsa, hech kim eʼtibor bermasligi ham mumkin edi.
3. Hissiyot, tarix va mashhurlik zanjiri
Dunyoda qimmatga sotilgan suratlar koʻp. Ammo bir asar borki u bebaho hisoblanadi. Bu “Jokonda” (Mona Liza) asaridir. Nega bu asar bunchalik qimmatli?
Bu surat Leonardo da Vinchi qalamiga mansub boʻlgani uchun avvaldan ham sanʼatshunoslar orasida taniqli boʻlgan. Bu asarning badiiy-estetik qimmati yuksak. Qolaversa, Mona Liza labining bir cheti istehzoli va sirli tarzda tasvirlangani unga sirli tabassum baxsh etadi. Biroq bu asarning mashhur boʻlishiga uning Parijdagi Luvr muzeyidan oʻgʻirlangani sabab boʻlgan.
1911 yil 21 avgust kuni ushbu surat Luvr muzeyi xodimi, italiyalik dekorator-rassom Vinchenso Peruja (Vincenzo Peruggia) tomonidan oʻgʻirlab ketilgan. Yoʻqolgan pichoqning sopi oltin boʻladi, deyishganidek, bu voqea matbuotda katta shov-shuvga sabab boʻldi. Hatto xalqaro munosabatlarda sovuqlik tushish ehtimoli paydo boʻldi. Bu voqea surat topilguniga qadar gazeta va va jurnallarning bosh sahifalaridan tushmadi. Qidiruv va keyinchalik tergov jarayonining har bir tafsiloti diqqat bilan yoritib borildi.
Nihoyat, 1914 yil 4 yanvar kuni surat Parijga qaytarildi. Shundan soʻng bu asar tom maʼnoda sanʼat durdonasi timsoliga aylandi. Barcha sanʼat yulduzlari va qoʻshiqchilardan ham yuksakroq mashhurlikka erishdi. Ommaviy gipnoz kabi taʼsir qilgan bu voqea natijasida oddiy odamlar ham Mona Lizadan reproduksiyalarni (bosma nusxalar) uylarining devoriga ilib qoʻyadigan boʻlishdi. Odamlar Luvr muzeyiga avvalo Mona Lizani koʻrish uchun oqib kela boshladi.
Shuningdek, koʻpchilik rassom va haykaltaroshlar katta mavqeaga ega shaxslar va tashkilotlar, hatto davlat rahbarlari va qirollarning buyurtmasini bajarib mashhur boʻlishgan. Diniy motivlar, saroylarni bezash orqali tarixda qolishgan. Natijada, uning buyurtma uchun chizgan asarlaridan boshqalari xam mashhur bulib, qiymati oshib ketgan. Masalan, sanʼatkor Mikelanjelo Rim papasi Yuliy Ikkinchining buyurtmasiga koʻra, Sikstin kapellasi (ibodat oʻtkaziladigan va diniy qoʻshiqlar xor boʻlib aytiladigan ibodatxona) shiftini bezatgan. Unda Injilda bayon etilgan voqealar va boshqa diniy motivlar oʻz aksini topgan.
Yoki yaqinda roʻy bergan bir voqea ham sanʼat va sensatsiya oʻrtasidagi munosabatni koʻrsatadi:
2023 yil iyun oyida Misrning Xurgada sohilida dam olayotgan bir rossiyalikka akula hujum qilib yeb qoʻyadi. Keyin akulani moʻmiyolab, muzeyga qoʻyishadi. Demak, buning ortida tarix turibdi. Natijada yuz minglab akulalar ichidan aynan bittasi sanʼat asariga aylandi.
Yoki hech qanday hujumsiz ham juda qimmatga sotilgan akula tulupi mavjud.
Britaniyalik rassom Demen Xyorst - hozir hayot boʻlgan ijodkorlar ichida eng boy shaxs hisoblanadi. Uning eng qimmat asari 100 mln. dollarga sotilgan. Xyorst asarlarida hayotning yashindek tez oʻtib ketishi va umr tugab qolishidan qoʻrquv motivlari ustuvor.
Garchi Demen tabiatan ajoyib tadbirkor, art-bozorning tuzilishi va mexanizmlarini yaxshi tushunadigan bilimdon boʻlsada, oʻzi va asarlarining mashhur va qimmat boʻlishida koʻproq homiysi, kolleksioner va reklama magnati Charlz Saatchidan minnatdor boʻlishi lozim. Nima boʻlganda ham, u hatto axlat uyumini koʻrsatib, “mana shu sanʼat” desa ham mutaxassislar olqishlab, kolleksionerlar sotib olish uchun navbatga turishadi.
Bir kuni Xyorst Avstraliya qirgʻoqlaridan ushlangan bir akula oʻligini 6000 funtga sotib oladi. Keyin aynimasligi uchun formaldegid suyuqligi toʻlatilgan germetik shisha akvariumga soladi. 1991 yilda bu “sanʼat durdonasi”ni Xyortsning doimiy homiysi Saatchi “atigi” 50 ming dollarga sotib oladi. Saatchi uni 2005 yilda 12 mln. dollarga amerikalik milliarder Stiv Koenga sotib yuboradi.
Biroq akula oʻligi baribir buzila boshlaydi. Xyorstdan akula murdasini taʼmirlashni talab qilishadi. Biroq Xyorst rozi boʻlmaydi va yana 5 ta akula oʻligini sotib olib, ularni ham xuddi shunday akvaruimga solib, har birini 4 mln. dollardan pullaydi!
U shuningdek, butun boshli sigir va buzoqlarni ham formaldegidli shisha idishlarga solib, sanʼat muxlislariga pullagani bilan mashhur.
Xulosa qiladigan boʻlsak, sanʼat asarlarining durdonaga aylanishida uning qanchalik professional yoki mahorat bilan chizilgani koʻp ham rol oʻynamaydi. Eng muhimi – atmosfera! Eng muhimi - bu asar atrofida aylangan tarix! Bu asarni oʻrab turgan voqealar va hissiyotlar! Mana shu omillar asarlarni mashhur qiladi. Shov-shuv hamda targʻibot mashhur qiladi, odamlar mehrini qozontiradi. Surat aurasi odamlarni oʻziga mahliyo qiladi. Odamlar butun sanʼat va nafosatni mana shu surat timsolida tasavvur qiladi. Oʻzini buyuklik va noyoblikka, moʻʼjiza va sanʼatga daxldor deb his qiladi.
Sanʼar asarlari qanday narxlanadi?
Bu yorugʻ dunyoda deyarli hamma narsaning narxi bor. Talab koʻpaysa - qimmati oshadi, pasaysa - pasayadi. Oddiy iqtisodiy qonun. Lekin nega oddiy mato va boʻyoqdan iborat suratlar katta bahoga narxlanadi?
Nukus shahridagi I.V.Savitskiy nomidagi davlat sanʼat muzeyi direktori Tigran Mkrtichevning aytishicha, sanʼat asarlarining narxi baʼzan sugʻurtalash jarayonida maʼlum boʻladi. Masalan ushbu muzey eksponatlarini xorijda vaqtincha namoyish etish uchun olib ketilishidan avval, ularni sugʻurtalash kerak. Buning uchun esa asarlar mutaxassislar tomonidan baholanadi va shu asosda sugʻurtalash summasi hamda sugʻurta holati roʻy berganda toʻlanadigan mablagʻ belgilanadi.
Sanʼat asarlari narxlanadigan asosiy makon esa mashhur kim oshdi savdo uylaridir. Kristis (Christie's), Sotbis (Sotheby's), Bonxams (Bonhams), Doroteum (Dorotheum), MakDuglas (MacDougall’s), Stokholm auksion uyi (Stockholm Auction House) kabi savdo uylarida turli osori-atiqalar qatorida sanʼat asarlari ham savdoga qoʻyiladi. Ularga qoʻyiladigan boshlangʻich narx esa uning avvalgi oldi-sottilar tarixi hamda sanʼatshunos va tanqidchilarning baholashlaridan keyin belgilanadi. Mashhur sanʼat asarlariga talabgor koʻp boʻlsa, boshlangʻich narxdan bir necha baravar qimmatga sotiladi.
Nega sanʼat asarlari qimmatga baholanadi?
Suratlarni bir qancha mezonlar boʻyicha baholashadi. Avvalo muallifining qanchalik mashhurligi yoki biror sanxʼat yoʻnalishidagi mavqesi inobatga olinadi.
Shu bilan birga, asar qaysi davrda chizilgani, qanday sarguzashtlarni boshidan kechirgani (xuddi “Jokonda” oʻgʻirlanganiga oʻxshab), sanʼat tarixiga qanchalik taʼsir koʻrsatgani bilan baholanadi. Shuningdek, qaysi sanʼat oqimi yoki uslubga mansubligi ham asar qimmatiga taʼsir qiladi.
Ayrim asarlar bebaho, ularning narxi yoʻq. Masalan, Leonardo da Vinchining «Jokonda» yoki Delakruaning «Odamlarni ergashtirayotgan ozodlik” asarlari, Ozodlik haykali va Eyfel minorasining narxi yoʻq. Ularni yaratishga ketgan mehnat, ishtilgan boʻyoq yoki temir tersakni baholab narxlab boʻlmaydi.
Shunday boʻlsada, suratlarning narxlari qimmatlab borishining oʻz sabablari bor, albatta:
1.Soliqlardan ozod boʻlish uchun.
Tasdiqlanmagan, hattoki konspirologik bir qarash mavjud. Gʻarbdagi boylar biror taniqli boʻlmagan rassomga ataylab biror bemaʼni surat buyurtma qilishadi. Rassomga 5000 dollar berib sotib olishadi. Keyin esa pora evaziga hamda keng targʻibot, mish-mish va shov-shuvlar yordamida bu suratdan yoʻq maʼnolarni qidirib topib, uni baholovchi sanʼatshunoslarga pora evaziga aytaylik 3 mln. dollarga baholatishadi. Keyin esa bu asarni birorta muzeyga xayriya qilishadi. Natijada, 3 mln. dollar xayriya qilgani uchun shuncha miqdordagi soliqdan ozod boʻlishadi. 5 ming dollar berib, 3 mln. tejab qolish - saʼnatdagi spekulyatsiyaning bir koʻrinishi, deyish mumkin.
Yoki boʻlmasam, narxi sunʼiy, ammo rasman oshirilgan suratdan bankdan kredit olishda garov sifatida foydalanishadi.
“Puli ketgan odamni sovunni yegan ekan”, naqliga amal qilgan holda, oʻsha asarni sotib olgan odam ham unga yanada qimmat narx qoʻydirib auksion orqali 2-3 baravar balandroqqa narxga sotishga harakat qiladi. Auksion uylari ham bu asarning mavqesini va narxini yanada oshirishga harakat qiladi. Chunki qancha katta narxga sotilsa, olingan foiz ham shuncha koʻp daromad keltiradi.
Koʻrinib turganidek, sanʼat va ijodiy professionallik emas, balki oddiy biznes va firibgarlik uygʻunligi surat narxining ortishiga sabab boʻladi, baʼzan.
2. Investitsiya sifatida.
Sanʼat asarlarini kelajakdagi daromadlarni oʻylab, investitsiya sifatida ham sotib olishadi. Koʻchmas mulk, oltin yoki dollarning qiymati tushib ketishi yoki tez koʻtarilib ketmasligi mumkin. Lekin sanʼat durdonalarining “yoshi kattargani” sari tarixiy va badiiy ahamiyati ortib boraveradi. Oradan 10-20 yil oʻtsa, bu asarning narxi 10 baravar qimmatlashi mumkin. Yoki biror sanʼatga “oshufta” millarder aynan shu asarni qoʻlga kiritishni istab qolishi mumkin. Tabiiyki surat narxi yana oshib ketadi.
3. Imijni yaxshilash maqsadida.
Lekin kolleksioner faqat foydani oʻylamaydi. Koʻpincha badavlat sanʼat ixlosmandlari qimmatbaho suratlarni muzeyga, oʻzi oʻqigan universitet yoki xayriya tashkilotlariga sovgʻa qilishadi. Yoki oʻlganidan keyin ularga sovgʻa qilishni vasiyat qiladi. Chunki sanʼat asari avvalo tarixiy, estetik va imij qimmatiga ham ega. Falon asarni falonchi odam sotib oldi, yoki falon mashhur sanʼat asari falon odam kolleksiyasida saqlanadi, deyish, xuddi falonchi odam Rolls Roys mashinasi olibdi, degan kabi shaxs obroʻsini oshiradi. Bunday odam muhokamalar markazida qoladi. Yanada mashhur boʻladi. Obroʻsiga obroʻ qoʻshiladi. “Didi baland inson, sanʼat hoimiysi” degan nom oladi. Shu bois surat qancha qimmat boʻlsa, shuncha yaxshi.
Masalan, dunyodagi eng qimmatga sotilgan asar Leonardo Da vinchi moʻyqalamiga mansub “Dunyoning xaloskori” asari hisoblanadi. Iso Masih obrazi aks ettirilgan bu sanʼat asarini 2017 yil noyabrda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon ibn Abdulaziz Ol-saud “Kristis” auksioni orqali 450 million dollarga sotib olgan.
Shuningdek, mashhur galereya va muzeylar, hatto shahar va davlatlar ham mashhur va qimmat asarlarini oʻzlarida boʻlishini orzu qiladi. Bu sayyohlar oqimi koʻpayishi va mashhurlikni taʼminlaydi.
4. Noyoblik va originallik jihati bois.
Ayrim asarlar original gʻoyaga ega. Avval boshqalarning xayoliga kelmagan fikrlar amalga oshirilgan. Yoki biror oqimni boshlab bergan. Masalan rus rassomi Kazemir Malevich, 1915 yilda “Qora kvadrat” asarini yaratdi. Bu asar Sotheby's auksion uyida 20 mln. dollarga baholangan. Suratda qora rangdagi toʻrtburchak shakl aks etgan xolos. Ayrim talqinlarga koʻra, bu surat orqali rassom predmetsiz sanʼat asarini, barcha rassomlikning ilk boshlangʻich nuqtasi - ibtidosini aks ettirgan emish. Agar rassomlikni bir bino deb olsak, ushbu asar orqali bu uyning ilk loyi yoki gʻishti aks ettirilgan deyish ham mumkin.
Malevichning yana bir asari ham juda sodda primitiv koʻrinadi. Ammo u ham oʻta taniqli va qimmat asar deya baholangan:
Malevich asarlarining qimmatli jihatlaridan yana biri – rassom sanʼatdagi abstraksionizmning yirik bir yoʻnalishi suprematizm oqimiga asos solgan. Butun bir sanxat maktabiga asos solgan rassom asari, qolaversa bu oqimdagi ilk chizilgan asarlariga ega boʻlish - sanʼat muxlislarining eng katta orzularidan biri, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Shuningdek, origilan gʻoyalardan biri – yosh bolalar, ruhiy kasallar va hatto hayvonlar chizgan suratlar ham shov-shuv boʻlib katta pulga sotiladi. Masalan, Janubiy Afrika Respublikasidagi Pigkasso (“Choʻchqa Pikasso”) choʻchqasi hayvon himoyachisi Joann Lefson tomonida soʻyilishdan asrab qoligan. Bu choʻchqaning tishida moʻyqalam ushlab chizgan suratlari jami 1 mln. dollar yigʻishga muvaffaq boʻlgan. Afssuki choʻchqa yaqinda, 2024 yil 6 mart kuni oʻlib qoldi.
Sanʼat durdonalari bugun ham paydo boʻlmoqda: “Kiyev Madonnasi”
Oʻrta asrlardagi uygʻonish davridan boshlab, Iso paygʻambarning onasi Bibi Maryamni chaqaloq Isoni koʻtarib yoki emizib turgan holatini aks ettirgan suratlar chizish urf boʻlgan. Bular keyinchalik ikonalarga koʻchib, ibodat paytida sigʻinish obʼektiga aylangan. Unda ayol boshi tepasida nimb aylanasi – nurli yogʻdu bilan hamda gʻamgin qiyofada ifodalangan. Ularni umumiy nom bilan Madonna (italyan tilida Madonna - Mia Donna, Nostra Donna — “Mening Xonimim, Bizning xonimimiz”) iborasining qisqartma shakli. Yoki latin tilidan - Mater Domini – “Ilohiy ona”) deb atashadi.
Bu Madonnalarni oʻzaro farqlash uchun u qayerda yaratilgani yoki muallifi nomi, yoxud qaysi tashkilot yoki oila kolleksiyasida saqlanganiga qarab nom berilgan. Masalan, Leonardo da Vinchi yaratgan “Madonna Litta” (1490-1491 yillarda yaratilgan) Milandagi Litta oilasi bilan bogʻliq.
Lekin yaqinda ham yana bir Madonna surati paydo boʻldi. 2022 yilda Rossiya armiyasi Ukrainaga bostirib kirgach, poytaxt Kiyevga bombalar yogʻdira boshlagan edi. Poytaxtning tinch aholisi – keksalar, ayollar va bolalar metro bekatlaridan panoh topgan. Bombalashning ikkinchi kuni Kiyev metrosida bolasini emizib oʻtirgan 27 yoshli kiyevlik ayol Tatyanani vengriyalik jurnalist Andrash Foldesh suratga oladi. Bu surat butun dunyoga mashhur boʻladi, internet va bosma jurnallarning birinchi va bosh sahifalaridan oʻrin oladi.
Keyin dnepropetrovsklik rassom Marina Solomennikova bu surat asosidagi motivni moyboʻyoq yordamida matoga tushiradi. Unda Kiyev metrosining xaritasi goʻyoki nimb tarzida ayolning boshi uzra yogʻdu sochib turibdi. Hatto Rim Papasining kommunikatsiyalar boʻyicha kotibiyati maslahatchisi Jeyms Martin ham "Metrodagi Kiyev Madonnasi” suratini chop etadi.
Natijada kiyevlik bu yosh ona ukrainlarning Putin bosqiniga qarshi jasorati va matonati timsoliga aylandi. Hatto urush sharoitida ham oʻz farzandi, yaʼni mamlakat kelajagi uchun qaygʻurayotgan millatni ifodalashi bilan tillarga tushdi. Bu surat asosida hatto ikona yaratilib, Italiyaning Neapol shahridagi katolik cherkovlaridan birining mehrobiga qoʻyilgan. Uning oldida doim sariq va koʻk shamlar (Ukraina bayrogʻiga ishora) yonib turadi.
Yunon-katolik cherkovi ruhoniysi Vyacheslav Okunning aytishicha, “Kiyev Madonnasi”da rus armiyasining bosqinidan qochib, bolasini emizayotgan kiyevlik ayol – barcha tugʻilgan chaqaloqlarni soʻyish haqida buyruq bergan podshoh Iroddan qoʻrqib, bolasini asrab qolish uchun panada oʻtirgan Bibi Maryam va Iso paygʻambarni eslatadi. Demakki, bu asarda Putin zolim va qonxoʻr podsho Irodga mengzalgan.
(Injilda yozilishicha, podshoh Irod yangi paygʻambar – “Yahudiya podshosi” tugʻilganini eshitib, odamlar uning ziyoratiga kelishayotganidan xabar topgach, oʻzining taxtiga daʼvogarni yoshligidayoq yoʻq qilish maqsadida muzofotdagi barcha chaqaloqlarni oʻldirish haqida farmon bergan ekan.)
Asil sanʼat qoladi!
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, sanʼat asarining qimmatga sotilgani yoki mashhurligi uning asil maʼnaviy qadr qimmati va ajoyibligini aks ettirmasligi mumkin. Qolaversa, hozirgi turli trend va modadagi surat va installyatsiyalar shunchaki shov-shuv, epataj va ekzotika ortidan quvish xolos. Bahsimizni oʻzbek yozuvchisi Togʻay Murodning “Momo Yer qoʻshigʻi” asaridan olingan quyidagi misralar bilan yakunlaymiz. Ularda adib zamonaviy ijod va sanʼat borasidagi fikrini bayon qilgan:
“Badanda boʻlmasa, modernizm, futurizm, deya etalmish oqimlar oʻta bersin!
Koʻngilda boʻlmasa, syurrealizm, dadaizm, deya atalmish oqimlar oʻta bersin!
Bari-bari oqimlar badanda yoʻqlikdan bino boʻldi!
Bari-bari maktablar koʻngilda yoʻqlikdan bino boʻldi!
Badiiy sanʼat yaratilmishdan buyon yuzlab oqimlar yaratildi, yuzlab maktablar yaratildi.
Barchasida oʻz vaqtida bir dovrugʻ soldi. Barchasida oʻz davrida bir shov-shuv boʻldi.
Barcha oqimlar oʻtdi-ketdi, barcha maktablar oʻtdi-ketdi! Faqat nomlari qoldi!
Ammo asl badiiyat qoldi! Asl sanʼat qoldi!”
Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.