“Dotkom” pufagining yorilishi

Investorlar yana internet kompaniyalarga sarmoya kiritib, jiddiy daromadlar olishni rejalashtirmoqda. Lekin endi ular ancha ehtiyotkor – 2000 yildagi dahshatli inqiroz alami saboq boʻlgan.

Tahlil
20-aprel, 21:11
“Dotkom” pufagining yorilishi

Bundan salkam chorak asr - rosa 24 yil avval “Dotkom” iqtisodiy pufagi yorilgan edi. Mazkur destruktiv jarayon nafaqat investorlarga moliyaviy zarar keltirdi, balki oqibatda “dotkom”lar faoliyatining bir qadar muvozanatlashuviga hamda tartibga solinishiga sabab boʻldi.

Hammasi “nuqta kom” dan boshlangan edi

Oʻtgan asrning 60-yillarida start olib, 80-yillar oxirida qiyomiga yetgan WorldWideWeb (WWW – Butunjahon (oʻrgimchak) toʻri) yaʼni Internet tarmogʻi 1991 yildan boshlab AQShda, soʻng dunyoning boshqa davlatlarida keng ommalasha boshladi, misli koʻrilmagan texnologik va informatsion inqilob yasadi. Telegraf, telefon, pochta, chipta kassalari, bank va boshqa odatiy va sekin ishlovchi xizmatlar onlayn platformaga koʻchdi, juda katta surʼat bilan rivojlana boshladi. Biznes yuritish va daromad topish osonlashdi. Dunyoning turli chekkalarida yashovchi insonlar bemalol va bir zumda oʻzaro muloqot va oldi-sotdi qila boshladi. 1994 yildan boshlab maxsus veb-saytlar koʻpayib, ular nafaqat axborot manbai, balki turli xizmatlarni raqamli usulda taqdim etuvchi onlayn vositaga ham aylandi. Internet startaplar (StartUp – yangi boshlangan biznes) koʻpaydi. Avvaldan mavjud kompaniyalar ham Internetga yuzlandi.

Biznes-modeli batamom internetda ishlashga moʻljallangan kompaniyalarni norasmiy ravishda “Dotkom” nomi bilan atashgan. Chunki bu kabi aksariyat kompaniyalarning nomi va vebsayti “nuqta com (kommersiya) – yaʼni dotcom bilan tugardi. (Masalan, hozirgi top-milliarderlardan biri Jeff Bezos 1994 yilda tashkil etgan amazon.com internet-doʻkoni) Ularning koʻpchiligi investitsiya jalb etish maqsadida birjalarga oʻz aksiyalarini chiqarishdi. Bunday tadbirkorlik subʼektlarini, shuningdek, jarangdor nom bilan “yuqori texnologiyali kompaniyalar” deb ham atashardi.

“Dotkom” vasvasasi

“Dotkom”larning aksiyalari va narxi ularning asl bozor qiymati va daromad keltirish koeffitsientiga nomutanosib (sunʼiy) ravishda oshib keta boshladi. XIX asrda AQShda roʻy bergan “oltin vasvasi” endi “dotkom”lar vasvasasiga aylandi. Odamlar “dotkom”larga juda oson boyish manbai sifatida qaray boshladi. Chunki kechagina bir guruh dasturchi yoki xayolparast, ammo bilimli yoshlar tomonidan garajda ish boshlagan startaplar bozorda yangi yoki yagonaligi bois, darrov millionlab dollarlik investitsiyalarni jalb etar, ularning kechagina 10 dollarga sotilgan aksiyalari 10 oy oʻtmasdan bir necha yuz foizga qimmatlab ketar edi. Birjalarda bunday aksiyalarning bozori chaqqonlashdi. Birja brokerlari ham battar “olovga moy separ”, turli mish-mish, shov-shuvli hamda buyurtma maqolalar, xufyona til biriktiruv hamda gʻirrom birja oʻyinlari yordamida aksiyalarning narxini battar koʻtarishga hissa qoʻshar edi. Natijada spekulyatsiya boshlandi, moliyaviy piramida alomatlari yuzaga chiqdi.

Sunʼiy shishirilgan “pufak”

1995 yildan oʻziga xos iqtisodiy-moliyaviy “pufak” (inglizcha Dot-com bubble) shishib kelayotgan edi. Yaʼni tikilgan sarmoya va mantiqsiz narxi oshirilgan qiymatlarning orqasi puch edi.

Hammaga maʼlum, yangi boshlangan biznes har doim ham rivojlanib ketmaydi. Har qanday biznesda tavakkalchilikning oʻz chegarasi bor. Bir paytlar katta ambitsiyalar bilan boshlangan ayrim internet loyihalar bir kunda sinib yoki maqsadlarini oqlamagani bois daromaddan qolib, inqirozga uchrar edi. Ularning aksiyadorlari esa puliga kuyib qolardi. Faqatgina yirik millioner va milliarderlar bu vasvasadan foyda koʻrishdi. Chunki ular kamida 10-20 ta startap “dotkom”larga pul tikishar, 9 tasi sinib, 1 tasi qolsa ham, oʻshaning daromadi barcha kamomadni qoplab, yana millionlab dollar ustama daromad keltirardi.

Albatta, internet-kompaniyalar va ularning istiqbolini haddan ziyod ortiqcha baholash, kompaniya narxini investorlarga sunʼiy oshirilgan tarzda koʻrsatish avj oldi. Bunday jarayonlar moliyaviy regulyatorlarning diqqatini jalb etmay qolmadi.

Biroq “Dotkom”lar chiqargan qimmatli qogʻozlar narxining nomutanosib ravishda balandlab ketayotgani, bu kompaniya narxlarining “shishib” borayotganini turli moliyaviy sharhlovchi va iqtisodchilar “oqlab” chiqishdi. Ular “yangi iqtisodiyot” asri boshlanganini daʼvo qilishdi. Aslida esa yangi biznes-modellarning koʻpchiligi samarasiz edi. Natijada asosan reklamaga katta mablagʻlar sarflanishi va ulkan kreditlar olish ularni bankrotlik yoqasiga eltib, NASDAQ indeksining keskin pasayishiga va hatto internet-sayt uchun zarur server kompyuterlari narxi tushib ketishiga olib keldi.

“Pufak” yorilgan kun

Nihoyat 2000 yil 10 mart kuni investor va aksiyadorlar uchun dahshatli hodisa yuz berdi: NASDAQ birjasining indeksi kun davomidagi savdolar jarayonida (kunduzgi choʻqqi davrida) 5132,52 punktga koʻtarildi va birja yopilishi oldidan 1,5 baravar (150%) pastga tushib ketdi.

Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, birja indeksi yoki fond indeksi – qimmatli qogʻozlar bozoridagi ahvolni koʻrsatuvchi indikator hisoblanadi. U maʼlum bir tanlab olingan aksiya yoki obligatsiyalarning narxi asosida hisoblab chiqiladi. Birja indeksi qimmatli qogʻozlar bozorining umumiy vaziyati, u iqtisodiy siklning qaysi pallasida turganini aniqlashga yordam beradi.

Birjadagi inqiroz avvalo investorlarda vahima uygʻotdi. Hamma qoʻlidagi “dotkom” aksiyalaridan sotib qutulishni oʻylay boshladi. Bu esa, “Kulxonim” ertagida aytilganidek, chiroyli aravaning yana qovoqqa, goʻzal koʻylakning esa juldurvoqi jomaga aylanib qolishiga olib keldi.

Birja indekslarining tushishi natijasida aksariyat dotkom kompaniyalar “yorilib ketdi” – yuzlab internet-kompaniyalar bankrot boʻldi, tugatildi yoki arzon-garovga sotib yuborildi. Bir necha kompaniya rahbarlari firibgarlik va aksiyadorlar pulini noqonuniy sarflab yuborish aybi bilan jazoga tortildi. Zero, aksariyat shov-shuv qilingan biznes-modellar internet kompaniya orqali tijorat qilishga moʻljallangan boʻlib, aslida ular maqtanishganidek samarali emasdi. Ularning mablagʻlari asosan, marketing-targʻibot tadbirlari, televideniye hamda bosma nashrlar orqali oʻzini reklama qilishga sarflangan.

Dotkom inqirozining oqibatlari

Birjada “pufak yorilgani”dan keyin "dotkom" soʻzi biror xom, oxirigacha yaxshi oʻylab chiqilmagan yoki samarasiz biznes konsepsiyalarini anglatuvchi salbiy soʻzga aylandi.

Dotkom halokati Internet orqali xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq yuqori texnologiyali firmalarning qimmatli qogʻozlariga boʻlgan ishonch yoʻqolishiga olib keldi. “Postindustrial davr”, “yangi texnologik inqilob”ga umidlarning aksariyati oʻzini oqlamadi. Talab haddan ziyod katta boʻlishi bashorat qilingan va ortiqcha baholangan xizmatlarning butun bir sektori yoʻqolib ketdi.

Aloqa sohasidagi ayrim kompaniyalar ham bu moliyaviy yukni koʻtara olmadi va oʻzlarini bankrot deb eʼlon qilishga majbur boʻldi. Eng yirik oʻyinchilardan biri WorldCom’ning oʻz daromadlarini oshirish maqsadida noqonuniy moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirgani fosh etildi. Bu maʼlumot keng ommaga ayon boʻlgach, WorldCom’ning bozor qiymati tushib ketdi va bu AQSh tarixidagi uchinchi yirik bankrotlikka sabab boʻldi. Boshqa misollar orasida NorthPoint Communications, Global Crossing, JDSU, XO Communications va Covad Communications kabi biznes-modellar bor edi.

Nortel, Cisco va Corning kabi kompaniyalar noqulay ahvolga tushib qolishdi. Chunki tuzilishi vaʼda qilingan boʻlsa-da, tuzilmagan infratuzilmaga tayangani bois, Corning aksiyalarining narxi sezilarli darajada pasaydi.

Aksariyat dotkomlarning mablagʻlari tugadi va ular sotib olindi yoki tugatildi; ularning veb-sayt domen nomlari raqobatchilari yoki investorlar tomonidan suv tekinga sotib olindi. Ayrim kompaniyalar va ularning direktorlik kengashlari investorlarning mablagʻlarini notoʻgʻri ishlatish va firibgarlikda ayblandi. AQShning Qimmatli qogʻozlar va birjalar boʻyicha komissiyasi yirik investor firmalarini (masalan, Citigroup va Merrill Lynch) investorlarni chalgʻitgani uchun millionlab dollar miqdoridagi jarimaga tortdi. Reklama va logistika kabi koʻplab tarmoqlar ular taqdim etadigan xizmatlarga talabning keskin pasayishi oqibatida (chunki dotkomlar reklamaga katta pul sarflashar edi) oʻz faoliyat koʻlamini qisqartirishga majbur boʻldi.

Amazon.com yoki eBay (1995 yilda paydo boʻlgan) kabi koʻplab yirik dot-kompaniyalar omon qoldi va konseptual metinligini namoyish qildi. Boshqa ayrim kompaniyalar, masalan, 1998 yilda tashkil etilgan Google oʻz faoliyat sohasida peshqadam korporatsiyalarga aylandi.

“Omadi yoʻq ediyu, omadsizligi ish berdi..”

2000-2002 yillar davomida fond bozori indeksining muttasil pasayib borishi natijasida 2000 yilning mart oyidan 2002 yilning oktabr oyigacha boʻlgan davrda kompaniyalar bozor qiymatining 5 trillion AQSh dollariga pasayishiga sabab boʻldi.

2001 yil 11 sentabrda sodir etilgan terrorchilik xuruji (“Egizak binolar”ning portlatilishi) esa pirovardida birja spekulyatsiyasini bevosita nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish orqali birja savdosi surʼatining pasayishini sekinlashtirdi. Chunki AQSh hukumati antiterror choralarni qoʻllovchi “Vatanparvarlik akti” orqali pul oqimlari ustidan nazoratni kuchaytirish (terrorchilarga pul oʻtkazishlarning oldini olish yoki bunday holatlarni tekshirish bahonasi bilan) va inson huquqlariga “biroz” daxl qilish uchun xalq roziligini olgandi goʻyo.

Ayrim fikrlarga koʻra, 2004 yilga kelib, “dotkom” kompaniyalarining 50 foizi omon qolgan. Ammo ular qanday shaklda va qaysi faoliyat turi sharofati bilan omon qolgani aniqlanmagan. Fond birjasidagi aktivlarning yoʻqolishi kompaniyalarning yopilishi bilan bevosita bogʻliq emasligi haqidagi daʼvolar yolgʻon. Chunki mazkur kompaniyalar qimmatli qogʻozlar boʻyicha spekulyativ operatsiyalar hisobiga bir muncha vaqt yashab turgan. Garchi vaʼda qilgan xizmatlar deyarli koʻrsatilmagan va investorlar kutgan daromadlar olinmagan boʻlsa-da!

Investorlarning oʻzlari iqtisodiy masalalarda noʻnoqliklarini namoyish qilishlari esa barchani yangi "postindustrial" davrning paydo boʻlganiga, real (onlayn emas, “ushlab koʻrsa boʻladigan”) ishlab chiqarish resurslariga talab yoʻqolishiga ishontiruvchi jamoatchilik fikri sabab boʻlgan. Jamoatchilik fikri esa, tabiiyki, manfaatdor shaxslar va tuzilmalar tomonidan shakllantirilgan.

“Dotkom” pufagining yorilishi AQSh mehnat bozoriga ham katta salbiy taʼsir koʻrsatdi. Kompaniyalar yopilishi natijasida ishdan boʻshatilgan koʻplab texnologik mutaxassislar, masalan, dasturchilar koʻchada qoldi. Bu soha boʻyicha mehnat bozori haddan ziyod toʻyindi. AQShda xalqaro autsorsing (boshqa davlatlardagi arzon mutaxassislarni onlayn ishlatish) amalga tatbiq etilishi, shuningdek, AQShning “H-1B” viza dasturi asosida mamlakatga kelgan malakali xorijiy mutaxassislar sonining koʻpayishi vaziyatni yanada ogʻirlashtirib yubordi. Avvallari abituriyentlar universitetlarning kompyuter-informatsion texnologiyalar yoʻnalishlariga “ur-yiqit” bilan hujjat topshirishgan boʻlsa, pufak yorilganidan keyin bu taʼlim yoʻnalishlariga talab keskin pasayib ketdi. Ayrim dasturchilar esa buxgalter yoki huquqshunos boʻlish uchun qayta oʻqib chiqishlariga toʻgʻri keldi.

Istiqbolda yangi “internet-bum” kutmoqda

2004 yildan internet kompaniyalar, xususan, elektron tijorat yangi davrga kirdi. Hatto 1980-yillardan beri omon qolib, suyagi qotgan Microsoft korporatsiyasi rahbari Bill Geyts elektron tijoratni “yangi bum” kutayotganini bashorat qildi. Uning fikricha, investorlar elektron biznesga bajonidil pul tika boshlagan. Investorlar yana internet kompaniyalarga sarmoya kiritib, jiddiy daromadlar olishni rejalashtirmoqda. Lekin endi ular ancha ehtiyotkor – 2000 yildagi inqiroz alami saboq boʻlgan. Shu bois bugungi investorlar yangi startaplarga emas, koʻproq turli inqirozlardan omon qolgan va oyoqqa turib olgan biznes akulalariga eʼtibor qaratishmoqda. Biroq Geytsning aytishicha, bunday yangi investitsion “eyforiya” yangi portlashga eltishi mumkin. Ammo bu “mini-bum” boʻladi va uning yorilishi 2000 yildagidek shov-shuv koʻtarib, jiddiy yoʻqotishlarga olib kelmaydi. Zero, hozirgi yirik investitsion kompaniyalar strategiyasi oʻzgargan – ular “doʻppi yorilsa, bosh ichida qolsin” tamoyiliga amal qilishadi.

Biroq ayni paytda boshqa bir internet biznes-model – kriptovalyutalar “bum”iga ham guvoh boʻlyapmiz. Ularning narxlari yomgʻirdan keyin chiqadigan qoʻziqorin kabi tez shishib bormoqda. Lekin AQSh Federal rezerv tizimining sobiq rahbari Alan Grinspen 2013 yil 5 dekabrda Bloomberg agentligiga bergan intervyusida aytganidek, “kriptovalyutalar “bum”i ham moliyaviy “pufak”, chunki ular hech qanday real qimmatga ega emas”.

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+