Qishloq xoʻjaligi vazirligi piyoz narxi tushib ketgani boʻyicha izoh berdi
Vazirlikning tushuntirishicha, past qiymat omborlarda oʻtgan yildan beri saqlanayotgan piyoz hosiliga tegishli.

Oʻzbekistonda piyoz narxi keskin arzonlashgani haqida xabar berilgandi. Qishloq xoʻjaligi vazirligi mazkur xabar yuzasidan izoh berib oʻtdi.
Vazirlik xabariga koʻra, bozorlarda anchadan buyon 1 kg piyoz (hududlardan kelib chiqqan holda) 2500 soʻmdan – 3500 soʻmgacha boʻlgan turgʻun narxlarda sotilayotgani, dehqon va fermerlar tomonidan sotuvchilarga (ulgurji savdo) yetkazib berilayotgan piyozning oʻrtacha narxi 1500-2000 soʻmni tashkil etishi maʼlum boʻldi.
Maʼlumot oʻrnida, kuzda yigʻib olinadigan piyoz hosildorligi 1 gektardan oʻrtacha 80 tonnani (Ohangaron, Zomin, Zarbdor, Xovos kabi piyoz yetishtirishga ixtisoslashgan tumanlarda 100 tonna) tashkil etadi. Har kg piyoz yetishtirish xarajati oʻrtacha 800-1000 soʻmni tashkil etadi.
"Bugungi kungacha saqlash va tabiiy yoʻqotish (qurish)ni hisobga olganda 1 kg uchun 1200-1300 soʻmga aylanadi. Shunga asoslanib, ishlab chiqaruvchi fermer sotuvchilarga yetkazib berish xarajatini inobatga olgan holda 1500-2000 soʻm atrofida sotmoqda.
Ijtimoiy tarmoq faollari aynan ushbu xabarni chiqarishda fermerlar tomonidan ishlab chiqaruvchilarning saqlash omborlaridan savdoga chiqarilayotgan piyozning (oʻtgan yilgi hosil) narxini asos qilib koʻrsatmoqdalar" deya xulosa qilinadi vazirlik izohida.
Eslatib oʻtamiz, East-Fruit nashri tahlilchilari piyoz narxi rekord darajada pasayganini, bu miqdor oʻtgan yili shu vaqtdagi qiymatdan 4,4 barobar past ekanini maʼlum qilgandi.