Sotilmay qolayotgan davlat aktivlari qiymati pasaytiriladi
Prezident yigʻilishida aytilishicha, Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga 2024 yilgi xususiylashtirish dasturi va uning ijrosini samarali tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida axborot berildi.
Shu yil 16 yanvar kuni iqtisodiyotni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻtgan videoselektor yigʻilishida Vazirlar Mahkamasiga yangi xususiylashtirish dasturini tayyorlash vazifasi qoʻyilgan edi. Shunga asosan, davlat ishtirokidagi korxonalarning ulushlari va koʻchmas mulk obʼektlari samaradorlik jihatidan tahlil qilinib, yangi dastur ishlab chiqildi.
Xususan, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish maqsadida ommaviy savdolarga chiqariladigan 250 ga yaqin ulushlar roʻyxati, davlat ishtirokidagi korxonalarning qariyb mingta koʻchmas mulk obʼekti roʻyxati, mahalliy fond bozorida aksiyalarning ommaviy taklifi oʻtkaziladigan 12 ta korxona roʻyxati shakllantirildi.
Ilgari savdoga qoʻyilgan ayrim inshootlar sotilishida ham muammolar bor. Buni jadallashtirish va iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini oshirish maqsadida qator yengilliklar belgilanmoqda.
Masalan, davlat aktivlari 3 oyda sotilmaganda (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) ularning boshlangʻich bahosi 10 foizigacha bosqichma-bosqich pasaytiriladi. 2024 yil 1 yanvargacha auksion orqali ijaraga olganiga kamida 5 yil boʻlgan va majburiyatlarini bajargan tadbirkorlarga davlat mulkini baholangan qiymatda sotib olish taklif etiladi.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari 3 oyda sotilmaganda (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) boshlangʻich qiymati 30 foizigacha, 6 oyda sotilmaganda 10 foizigacha pasaytiriladi. Toʻlovlarning 15 foizini 3 oy muddatda, qolgan qismini 10 yilgacha muddatda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratiladi.
Xususiylashtirish dasturlariga kiritilgan koʻchmas mulklarning kadastr hujjatlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun toʻlovlarni Xususiylashtirish jamgʻarmasi hisobidan amalga oshirishga Xususiylashtirish jamgʻarmasi hisobidan amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, yangi dastur doirasida, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun hamda xalqaro avtomobil yoʻllari boʻyida savdo va servis obʼektlarini joylashtirish uchun savdolarga chiqariladigan yer uchastkalarining roʻyxatlari shakllantirildi hamda ularni savdoga chiqarish soddalashtirildi.
Bu borada ham yangi tartiblar belgilash taklif etilmoqda. Jumladan, master-reja asosida xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yoʻllari boʻyida joylashgan yer uchastkalari zamonaviy servis va savdo-maishiy obʼektlarni qurish uchun auksionga chiqariladi. Sotilgan yer uchastkalari xaridorga cheklovlarsiz rasmiylashtirib beriladi.
Yigʻilishda davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilib, buni jadallashtirish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.
Agrar sohaga xizmat koʻrsatuvchi davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirish chora-tadbirlari ham koʻrib chiqildi.
Davlat rahbari bu jarayonlarni jadallashtirish, xususiylashgan bino-inshootlar negizida tadbirkorlikni rivojlantirib, koʻproq ish oʻrinlari ochish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.
Oʻz sohasida xususiy sektor ulushini muttasil oshirib borish, samarasiz foydalanilayotgan va boʻsh turgan aktivlarni sotish mahalliy hokimlik va tarmoq rahbarlarining asosiy vazifalaridan boʻlishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.