Yoshlar orasida eng ommalashayotgan tanlov
Bu shunday tanlovki, gʻoliblardan tashqari respublika bosqichiga chiqqan har bir ishtirokchiga pul mukofoti beriladi.

2021 yildan beri har yili oʻtkazib kelinayotgan “Yoshlar ovozi” Boʻzatov FEST” tanlovi minglab iqtidorli yoshlarni kashf qilmoqda. Bu shunchaki gap emasligini quyidagi faktlar isbotlaydi.
Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻistonga tashrif buyurgan paytda Oʻzbekistonning barcha yulduzlarini Boʻzatovga olib keladigan bir loyiha oʻtkazish tashabbusini ilgari surgan. Yoshlar ishlari agentligi esa bunga darrov labbay deb javob berib, “Yoshlar ovozi” festivalini boshlagan.
Bu oʻzi qanday tanlov?
Bu shunday tanlovki, gʻoliblardan tashqari respublika bosqichiga chiqqan har bir ishtirokchiga pul mukofoti beriladi. Bunaqasi hozirgacha boʻlmaganini tarix isbotlaydi. Hakamlar eng yuqori ball toʻplagan ishtirokchilarga barcha yoʻnalishlar boʻyicha 3 ta oʻrin belgilanadi.
- 1-oʻrin – 50 million soʻm (toʻrt yoʻnalishda, jami 12 ta);
- 2-oʻrin – 30 million soʻm (toʻrt yoʻnalishda, jami 12 ta);
- 3-oʻrin – 20 million soʻm (toʻrt yoʻnalishda, jami 12 ta);
- respublika bosqichi ishtirokchilariga – 10 million soʻmdan beriladi.
Tanlov Yoshlar ishlari agentligi, Madaniyat vazirligi, Qoraqalpogʻiston, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishi va tilidan qatʼi nazar, 10 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar orasida oʻtkaziladi.
Tanlovning asosiy maqsad:
- yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, milliy gʻurur va iftixor, bagʻrikenglik, bunyodkorlik, mehr-oqibat gʻoyalari ruhida tarbiyalash;
- baxshichilik, anʼanaviy ijro, opera, estrada yoʻnalishlarida ijod qilayotgan yosh isteʼdodlarni kashf etish, ularni qoʻllab-quvvatlash;
- katta sahnalarda oʻz sanʼatini namoyish etishi uchun keng yoʻl ochib berish;
- ijrochilarning mahorati, isteʼdodi va qobiliyatini namoyon etish, ularning ijrochilik koʻnikmalarini yanada rivojlantirish;
- yosh ijodkorlarni yuksak darajaga koʻtarish, milliy sanʼatimizni dunyo sahnalariga olib chiqish, havaskor va professional ijodkorlarni ragʻbatlantirish, ularning ijodini keng targʻib qilish.
Tanlov 3 yosh toifasida, 4 yoʻnalishda va 5 bosqichda oʻtkaziladi:
- 10-15 yosh;
- 16-22 yosh;
- 23-30 yosh.
Tanlov yoʻnalishlari:
- baxshichilik;
- anʼanaviy ijro (maqom, katta ashula);
- opera;
- estrada.
Birinchi bosqich mahallalar, ikkinchi bosqich sektorlar, uchinchi bosqich tuman-shaharlar, toʻrtinchi bosqich viloyatlar va beshinchi bosqich respublika boʻyicha oʻtkaziladi. Respublika bosqichi har yili Qoraqalpogʻistonning Boʻzatov tumanida festivalu katta tantana bilan tashkil etiladi.
Respublika bosqichi 2 bosqichda boʻladi:
- final – respublika bosqichiga kelgan barcha ishtirokchilar ichidan hakamlar yoʻnalishlar va yosh toifasidan 5 nafardan saralab olgan ishtirokchilar super finalda ishtirok etadi;
- super final – 5 nafardan saralab olingan ishtirokchilar qoʻshiq ijro etadi.
Darvoqe, qoʻshiqlar faqat jonli ijro etiladi. Tanlov yoʻnalishlari boʻyicha ishtirokchilar uchun ijro vaqti quyidagicha belgilanadi:
- 10-15 yosh uchun 5 daqiqagacha;
- 16-22 yosh uchun 6 daqiqagacha;
- 23-30 yosh uchun 10 daqiqagacha.
Tanlovning bu yilgi hududiy bosqichi 15 apreldan boshlanadi va 30 aprel kuni Toshkent shahar bosqichi bilan yakunlanadi. Shu bilan tanlovning respublika bosqichi may oyida Boʻzatovda boʻlib oʻtadi.
Festivalning foydasi
Ushbu tanlovning yoshlarga qanday foydasi bor, degan savolni berish unchalik toʻgʻri emas. Chunki tanlov gʻoliblari allaqachon Oʻzbekiston va dunyoda oʻzini koʻrsatishga ulgurgan. Koʻplab xalqaro tanlovlar, loyihalarda vatanimiz nomidan qatnashishmoqda, gʻolib chiqishyapti.
Masalan, 2023 yil 19-22 may kunlari “Oʻzbekiston madaniy merosi” loyihasi taqdimoti doirasida tanlovning 2022 yil mavsumi gʻoliblari (11 nafar) tajriba almashish uchun Italiyaning Pezaro shahrida boʻlib, oʻz chiqishlari bilan ishtirok etishgan. Italiyaning mashhur xonandalari va sozandalari mahorat darslari oʻtab bergan.
Shuningdek, gʻoliblar orasida Zulfiya nomidagi, "Nihol", "Kelajak bunyodkori" kabi davlat mukofotlari sohiblari ham borligi ahamiyatli. Eng muhimi, tanlov gʻoliblari va respublika bosqichi ishtirokchilari pul yutuqlarini olib, bir koriga ishlatishmoqda, kamini toʻgʻrilayapti yoki kelajagiga investitsiya qilmoqda. Eng muhimi, bunday iqtidorli yoshlar oʻzlari uchun ilhom olib, boshqa isteʼdodlarga ham motivatsiya bermoqda.