Shavkat Mirziyoyev Tojikistonga boradi
Tashrif chogʻida ikki tomonlama hamkorlik va ikki davlat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlash masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-19 aprel kunlari rasmiy tashrif bilan Tojikistonga borishi kutilmoqda. Bu haqda Oʻzbekistonning Tojikistondagi elchixonasi Asia Plus'ga maʼlum qilgan.
Taʼkidlanishicha, tashrif chogʻida ikki tomonlama hamkorlik va ikki davlat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlash masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, kecha Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi rahbari Sirojiddin Muhriddin Toshkentda "Markaziy Osiyo – Arab davlatlari hamkorlik kengashi" strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi yigʻilishi doirasida Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashgan.
Uchrashuvda tomonlar ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni muhokama qildilar.
Tomonlar Oʻzbekiston Prezidentining Tojikistonga davlat tashrifiga tayyorgarlik koʻrish bilan bogʻliq masalalarni ham koʻrib chiqdilar, deya xabar berdi Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi.