Eronga qoʻyilgan tuzoq: Isroilning nayrangi

Bunday oʻzgarishlardan soʻng Falastin davlatining tashkil etilishidan hali-beri umid qilmasa ham boʻladi. “Eron” varianti hali ancha vaqt Isroil va ayniqsa uning rahbari Netanyahu uchun foyda keltirib turadi, dunyo hamjamiyatini Falastin muammosidan chalgʻitadi.

Tahlil
15-aprel, 21:56
Eronga qoʻyilgan tuzoq: Isroilning nayrangi

Makkor rahbardan yana bir makkor qadam

Yaqin Sharqdagi oxirgi keskinliklar fonida Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu “makkor” rahbar ekanini yana bir bor namoyon qildi. Deyarli butun dunyo, hattoki uning oʻz aholisi va doimiy homiysi AQSh rahbari ham uning Falastindagi qonxoʻrliklaridan bezor boʻlib, undan yuz oʻgira boshlaganida, uning isteʼfosi maqbulligi haqida gapira boshlaganida Netanyahu samarali va yangi siyosiy qadam qoʻydi: Eronni mintaqaviy mojaroga tortdi. Xalqaro hamjamiyatning Falastinga simpatiyasi va Isroilga nafrati oshib borayotgan, Falastin inqirozining Isroilni izolyatsiya qilishlari bilan tugashi prognoz qilinayotgan, Yevropada Isroilga qarshi sanksiyalar qoʻllash haqida gap-soʻzlar paydo boʻlgan bir sharoitda bor diqqatni Eron bilan mojaroga burib yubordi: joriy yilning 1 aprel kuni Isroil kuchlari Eronning Damashqdagi konsulxonasiga aviazarba berdi. Natijada Eron maxsus xizmatlarining 10 dan ziyod xodimi halok boʻldi.

Bunga javoban Eron bor nafrati bilan Isroilga hujum qilishga, unga “jahannam darvozalarini koʻrsatishga” vaʼda berdi. Eronparast OAVlar va jurnalistlar dahanaki jangni qizdirib berishdi. Eron rasmiylari tez kunlar, soatlar va daqiqalar ichida Isroilga zarba berishi haqida tinimsiz bayonotlar qilishdi.

Natijada Isroilning barcha jinoyatlari bir zumda “unut” boʻldi. Isroil xalqi ham umumiy va azaliy dushman tahdidi roʻparasida birlashdi, Netanyahuning nomaqbul rahbar ekanligi masalasi nomaʼlum muddatga chetga surildi.

Umuman, har qanday diktatura siyosiy-iqtisodiy faoliyatini eplay olmay qolganida biror urush boshlashga harakat qiladi. Buni Putinning Ukrainaga hujum qilgani misolida ham koʻrish mumkin. Chunki urush sharoitida siyosiy erkinliklar va iqtisodiy muvaffaqiyatsizliklar kun tartibidan tushib qoladi. Inson huquqlari va soʻz erkinligiga qarshi kurash legitim tus oladi. Hukumatni tanqid qilish xoinlik va josuslik bilan tenglashtiriladi. Hukumatning noʻnoqligi va oʻgʻirliklariga koʻz yumiladi.

Isroil ham ana shu “fokus”dan foydalanishga qaror qilgan koʻrinadi. Falastindagi mojaro deyarli nihoyasiga yetib qolgan, Netanyahuning sharmandali magʻlubiyati va xalqaro izolyatsiya bilan tugashini prognoz qilayotgan Falastin-Isroil mojarosi oʻrniga Isroil-Eron mojarosi xalqaro yangiliklarning birinchi daqiqalari va misralaridan oʻrin oldi.

Eronning vaziyatga reaksiyasini oldindan bashorat qilish qiyin emasdi. Shaxmat tili bilan aytganda, yurishni boshlab bergan Isroil Eronni sugsvang vaziyatiga tushirdi (nemischa Zugzwang “yurishga majburlash”). Yaʼni Eron bu vaziyatda qanday yoʻl tutishidan qatʼi nazar, uning pozitsiyasi yomonlashuviga xizmat qilar edi. Tehron bu hujumga jim qarab tura olmasligini, kerak boʻlsa, jiddiy javob qaytara olishini isbotlashi kerak edi. Biroq Eron katta va uzoq muddatli urushga tayyor emas. Shunday ham bir necha yillardan beri xalqaro sanksiyalar ostida yashayotgan, atrofidagi hamma davlatlar bilan munosabatlari sovuqlashib qolgan Oyatullo rejimining oʻzi yaratgan shia jangari guruhlari va eronparast hukmdorlar va albatta Rossiyadan boshqa ittifoqchisi yoʻq. Rossiya esa ayni paytda Ukraina bilan “ovora” – faol yordam berish imkoniyatiga ega emas.

Shu bois 1980-yillarda Iroqda, 2020-yillarda esa Suriyada sunniy musulmonlarni qirgʻin qilishda jonbozlik koʻrsatgan general, diktator va zolim prezident Bashar Asadning yirik himoyachisi Qosim Sulaymoniy 2020 yil 3 yanvarda AQSh harbiy havo kuchlarining aerodromga bergan aviazarbalari natijasida halok boʻlganida ham Eron vahimaga tushib, dahanaki jangni va propagandani avj oldirgan edi.

(Sulaymoniyning halokatli aurasidan u oʻlgach ham qutulishmadi: uning dafn marosimida qatnashgan eronliklarning 56 nafari tiqilinchda qolib oʻldi, 212 kishi jarohat oldi. 2023 yil 3 yanvarda uning qabri oldida oʻtkazilgan xotirlash marosimida yuz bergan portlash oqibatida esa 50 eronlik halok boʻldi, 70 dan ziyodi yaralandi.)

Eronliklar yana har doimgidek AQSh bayroqlarini yoqishdi, “AQShga oʻlim”, “AQSh – shayton davlati” degan eski shiorlarini aytib maydonlarga chiqishdi. Shundan soʻng Tehron oʻzining zaifligini namoyon qilmaslik maqsadida AQShning biror harbiy bazasiga zarba berishni vaʼda qilgan edi. Qizigʻi shundaki, u qaysi harbiy bazaga zarba berishini aytib, AQShni ogohlantirdi. Bu bilan AQShni oldindan rasman ogohlantirdi goʻyo. Kutilmagan hujum effekti yuz bermadi. AQSh tomoni ham ehtimoliy hujumdan oldin barcha askar va xodimlarni boshqa joylarga koʻchirib turdi. Eron 2020 yil 8 yanvarga oʻtar kechasi AQShning Irbildagi (Iroq) Al-Asad harbiy bazasiga 10 dan ziyod ballistik raketa uchirdi. Garchi bu hujum natijasida hech bir amerikalik zarar koʻrmagan boʻlsa-da, Eron hukumati gʻolib chiqqanini, oʻz maqsadlariga erishganini eʼlon qildi. Shu bilan “spektakl” tugadi, hamma bir qadar qoniqish hosil qildi.

Bu safar ham shu ssenariy deyarli “birga-bir” takrorlandi. Isroil qoʻygan tuzoqqa Eron osongina tushdi. Isroilga javob berishini va bu javob dahshatli boʻlishi haqida oldindan jar soldi. Hatto javob kuni ham aniq aytilgan bayonotlar yangradi.

AQSh va Gʻarb darrov Falastin muammosini va Isroilning xunrezliklarini unutib, “jabirdiyda” Isroil tarafida ekanliklari va unga albatta yordam berishlarini maʼlum qilishdi.

Joriy yilning 3 aprel kuni Eronning proksi jangarilar guruhi «Hizbulloh» Isroilga 40 ta raketa otdi. Keyinchalik Eron va uning hamtovoq guruhlari taxminan 170 ta uchuvchisiz parvoz apparatlari (dronlar) va 120 ziyod ballistik raketalar uchirdi. AQSh, Buyuk Britaniya va Iordaniyaning havoda himoya tizimlari 100 tan oshiq dronlarni urib tushirishdi.

Boshqalar-ku mayli, biroq Iordaniyaning Isroilga yordam bergani koʻpchilikda taajjub va gʻazab uygʻotdi. Masalan, Pokistonning sobiq senat aʼzosi Mushtoq Ahmad Xon Iordaniya qiroli Abdullo II ibn Husaynni «xoin otaning xoin farzandi, xoin boboning xoin nabirasi” deb atadi. U ehtimol Iordaniya qirolining bobokaloni Husayn ibn Ali al-Hoshimiy 1916 yilda Buyuk Britaniyaga “orqa qilib”, Usmoniylar imperiyasiga qarshi hoshimiylar isyonini tashkil etib, unga boshchilik qilganini nazarda tutgan boʻlsa kerak. Bugungi qirolning ham Isroilga yordam bergani, hatto Iordaniya qirolichasinnig Eron raketa va dronlarini tutib olishgani bilan faxrlanib intervyu bergani sobiq senatorga oʻsha davrlarni eslatgan boʻlsa ehtimol.

Taʼkidlash kerak, Eronning faqatgina Suriya ustidan uchib oʻtgan raketa va dronlariga qarshilik boʻlmagan. Chunki Suriyadagi havodan himoya tizimlari Rossiya nazorati ostida. Shu bois Isroil hukumati Rossiyadan norozi boʻldi va Moskva Eron hujumlarini qatʼiy qoralashiga umid bildirdi.

Isroil va uning ittifoqchilari aytishicha, uchirilgan raketa va dronlarning 90 foizdan ziyodi manzilga yetib bora olmagan boʻlsa-da, ayrimlari Isroil hududi, Iordan daryosining gʻarbiy qirgʻogʻi va Joʻlon tepaliklariga kelib tushgan. Hujumlar natijasida Netavim va Ramondagi Isroil aviabazalari yengil talafot koʻrgan, 33 kishi jarohat olgan.

Rossiya tomoni Eronning hujumini “javob reaksiyasi” deya bayonot berdi. Rossiyaning BMTdagi vakili Vasiliy Nebenzya ushbu tashkilot Xavfsizlik kengashining shoshilinch yigʻilishida soʻzga chiqib, “14 aprelga oʻtar kechasi uyushtirilgan hujum vakuumda roʻy bergani yoʻq. Eronning bu qadami BMT xavfsizlik kengashining sharmandali harakatsizligi va Isroilning Damashqqa bergan zarbasiga javob reaksiyasi boʻldi”, dedi.

Eronning bu hujumi ham kutilmagan zarba effektisiz tashkil etildi. Oldindan yetti iqlimga jar solindi. Isroil tomoni bu zarbalarga qattiq tayyorgarlik koʻrdi. Bahonada AQSh va Yevropadan qoʻshimcha havodan himoya tizimlari va ularga oʻq-dorilarni “undirib” oldi. Isroil armiyasining Falastindagi jinoyatlari bois kuchayib borayotgan amerikaliklarning norozilik namoyishlari tufayli Tel-Avivga qurol-yarogʻ berishga istihola qilib turgan Vashington ham “toza vijdon” bilan harbiy-moliyaviy yordamini davom ettira boshladi. AQShning ikkita qiruvchi samolyotlar tashuvchi kemasi himoyaga shay qilib qoʻyildi. Qolaversa, Eron raketalari va dronlari yuzlab kilometr masofani bosib oʻtgani bois, Isroil va uning tarafdorlarida bu obʼektlarni avvaldan payqash va urib tushirish uchun keng imkoniyat tugʻildi. “Havo-havo” raketalari ishga solindi.

Lekin Eron tomoni bu hujumdan qoniqish hosil qilgani va oʻz maqsadiga erishgani haqida bayonot berdi. Isroil tomoni esa bunga javoban zarba berishga tayyorgarlik koʻrayotganini maʼlum qildi. Biroq AQSh prezidenti Jo Bayden Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan telefon orqali suhbatlashgach, Isroil bu maqsadidan qaytganini aytib, yana “hurmat” qozondi. AQSh esa Eron bilan urishish niyati yoʻqligini rasman bildirdi. Biroq vaʼdaga vafo qilish Isroil hukumatiga xos boʻlmagan xislat ekanligi bois bu bayonotga jiddiy qarash yaramaydi.

Eronning javob zarbasi – kimga foyda va kimga zarar boʻldi?

Markaziy Osiyodagi ayrim Rossiya va Eron propagandasi qurbonlari bu mojaroda Eron tarafida boʻlishdi. “Eron AQSh va Isroilga teng kela oldi, zarba berishdan qoʻrqmadi” degan primitiv xulosalar yolqinida bu spektaklni “mahliyo” boʻlib kuzatishdi. Biroq xolis tahlillarga tayanadigan boʻlsak, Eronning Isroil qutqusiga uchib, harbiy javob bergani bir hovuch eronlik rahbarlardan boshqasiga foyda keltirgani yoʻq. Aksincha zarar boʻldi xolos.

Zero, xuddi Isroil rahbariyati kabi Eronga ham shunday harbiy spektakllar juda zarur. Mamlakatda oxirgi 10 yil ichida hukumatdan va siyosiy rejimdan norozilik kuchaygan. Iqtisodiy tushkunlik, inflyatsiya, korrupsiya va inson huquqlarining buzilishi eronliklarning amaldagi hukumatga nisbatan ishonchini soʻndirgan. Bunday sharoitda umumiy va tarixiy dushman Isroilga qarshi qandaydir harbiy qadamlar qoʻyilishi millatni birlashtirib, hukumatga muxlisligini oshirishi kutildi. Eron hukumati uchun ham bu mojaroning faol ishtirokchisiga aylanishi siyosiy-ijtimoiy dividendlar berishi tabiiy.

Lekin eronparastlardan tashqari ayrim musulmonlarning ham Eronni olqishlashi gʻalati. Erondagi shia hukumati tashkil topganidan buyon na musulmonlarga, na Falastinga biror foydasi yoki yordami tekkan. Eronning rasmiy nomidagi “islom” soʻzi odamlarni chalgʻitmasligi lozim. Zero, bu davlat islom va musulmonlar emas, faqat Eron hukumati va shialarning manfaatlari uchun xizmat qilib kelgan. “AQSh va Isroilni yer yuzidan yoʻq qilib yuboramiz”, degan utopik fantaziyalar ostida yashayotgan bu davlatdan hozirgacha Falastin yoki musulmonlarga biror foyda kelmagan. Eronning ayni paytdagi manfaatlari esa qudratli sunniy davlatlar boʻlmish Saudiya Arabistoni va Turkiyaning mavqesini tushirish va mintaqada hamda musulmon olamida yakka gegemonlik qilish atrofida aylanadi xolos. Eron shialar manfaati uchun xizmat qiladi, deyish ham notoʻgʻri aslida. Eron yon qoʻshnisi, oʻziga diniy eʼtiqodda eng yaqin millatdan iborat (aksariyat aholisi shialar) Ozarbayjonga nisbatan nodoʻstona siyosat yuritayotgani, hatto uning raqibi Armanistonni siyosiy-harbiy jihatdan qoʻllab-quvvatlab kelayotgani, qurol-yarogʻ bilan taʼminlab, arman armiyasining kuchayishiga hissa qoʻshayotgani ham fikrimiz dalilidir.

Eronning ayni paytdagi siyosati Markaziy Osiyo manfaatlariga ham zid. Avvalo Eron Rossiya tarafdori va uning manfaatlariga mos harakat qilishini unutmaslik lozim.

Ikkinchidan, Eron Ozarbayjonning Naxichevan anklav hududi bilan bevosita bogʻlovchi Zangiuzar koridorining ochilishiga ham tish-tirnogʻi bilan qarshi. Armaniston rahbariyatini bu yoʻlakni ochishga ruxsat berishidan qaytarishga urinmoqda. Zangiuzar ochilsa, Markaziy Osiyo davlatlari Ozarbayjon orqali Turkiyaga va undan Yevropaga oʻtish imkoniyatiga ega boʻlishadi. Qolaversa, Eron “rashk qilayotgan” turkiy birdamlik mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Bu yoʻlning Rossiyani va Eronni aylanib oʻtishi esa ushbu ikki davlatni norozi qiladi, albatta. Shu bois, hatto diniy eʼtiqodda unga eng yaqin Ozarbayjonga nisbatan bunday yoʻl tutayotgan Eronning musulmon olami manfaati uchun harakat qilayotgani haqida gapirish kulgili.

Eronning oxirgi harbiy urushi Falastin va uning jafokash xalqi uchun ham foydali boʻlgani yoʻq. Genotsid va harbiy harakatlari avvalgidek surʼatda davom etmoqda.

Eronning Isroilga qarshi zarbalari Falastin masalasining xalqaro maydonlardagi muhokamalarga biror-bir ijobiy taʼsir koʻrsatmadi. Falastindagi xunrezliklar ham toʻxtab qolmadi.

Hujum natijasida birorta Isroil askari halok boʻlmadi. Isroilning siyosiy-iqtisodiy yoki harbiy qudratiga putur yetmadi.

Aksincha, Isroil tobora yaqinlashib kelayotgan xalqaro nafrat va izolyatsiya toʻridan oson chiqib ketdi. Agressor maqomidan qutulib, yana oʻzini jabrdiyda va qurbon qilib koʻrsatish strategiyasini ishga sola boshladi. Gʻarb yordamining yangi kuch bilan qaytalanishiga erishdi. “Musulmonlar agressor, vahshiy va terrorchi boʻlishadi”, degan toʻqima imijni yana bayroq qilib koʻtarib chopa boshladi.

Eron javob hujumining oqibatlari yoxud uchinchi jahon urushi qanchalik muqarrar?

Bugungi voqeliklar xalqaro siyosatning kutilmagan oʻzgarishlarga boyligi uzoq muddatlar uchun prognozlar berishga xalaqit qiladi. Biroq ekspertlarning aytishicha, Yaqin Sharq mintaqasi bois uchinchi jahon urushi boshlanadi, deyish qiyin. Zero, mintaqadagi kuchlar muvozanati yana status-kvo holatiga qaytdi. “Isroil – jabrdiyda va qurbon, u har qanday vosita va usullardan foydalanishi mumkin. Musulmon davlatlari esa Isroilning tinchgina yashashiga kun bermay kelmoqda. Falastinliklar va eronliklar yoppasiga terrorchi. Ularni faqat qamoqda, qoʻllarini bogʻlagan holda ushlab turish Isroil xavfsizligiga kafolat berishi mumkin”, degan eski va notoʻgʻri aqidalar yana urfga kiradi. Bunday oʻzgarishlardan soʻng Falastin davlatining tashkil etilishidan hali-beri umid qilmasa ham boʻladi. “Eron” varianti hali ancha vaqt Isroil va ayniqsa uning rahbari Netanyahu uchun foyda keltirib turadi, dunyo hamjamiyatini Falastin muammosidan chalgʻitadi. Ungacha esa falastinliklar qirilib yoki koʻchib ketib, yoʻqolib ketishadi yoki Isroil hukumati tayinlaydigan rahbar qoʻli ostida Isroilning qonuniy bir subʼekti sifatida itoatkor hayotni boshlaydi. Zero, Isroilning Checheniston ssenariysidan foydalanmoqchi boʻlayotganiga koʻplab ishoralar mavjud. Isroil tomoni HAMASni butunlay yoʻq qilish va bu yerga oʻz “odami”ni rahbar qilib qoʻyish niyatini ochiq maʼlum qilgan. Qolaversa, falastinliklarni Misr va qoʻshni arab davlatlariga “siqib chiqarish” rejalari ochiqlangan. 90-yillarda Rossiyadan mustaqil boʻlishga uringan va qurolli qarshilik koʻrsatgan Chechenistonni harbiy yoʻl bilan bostirib turish mushkulligini anglagan rus hukumati, bir rivoyatda keltirishganidek, “sopini oʻzidan” chiqargan. Yaʼni chechen muxolifati ichidan tanlab olingan nomzodni ruslarga moyil rahbar sifatida hudud ustiga hukmron qilib qoʻyib, chechen muammosidan qutulgan edi. Agar mavjud vaziyat yana kutilmagan tomonga oʻzgarib ketmasa, Falastinni ham katta ehtimol bilan shunday taqdir kutmoqda.

Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+